Bemor shifokorning huzuriga bordi. Qabul bo‘limida o‘tirgan xodima undan navbatsiz kiritish evaziga qo‘shimcha 50 ming so‘m oldi.
Shifokor bemorga muayyan bir kompaniya ishlab chiqargan dorini yozib berdi, chunki uning sotuvdan o‘z ulushi bor edi.
Hamshira bemorga dorini yon atrofdagi dorixonadan sotib olishni tayinladi, chunki bundan unga ham vositachilik haqqi (komissiya) berilardi.
Shifokor bilan til biriktirgan o‘sha farmatsevt (dorixonachi) ishini tugatib, uyiga qaytish uchun taksiga o‘tirdi. Vaqt kech bo‘lib qolgani sababli, haydovchi undan ikki baravar haq talab qildi.
Haydovchining guvohnomasi muddati o‘tgan edi. Yo‘lda YPX (yo‘l patrul xizmati) to‘sig‘iga duch keldi. YPX xodimi unga 500 ming so‘m jarima solmaslik evaziga undan 50 ming so‘m oldi.
Ertasi kuni YPX xodimi kasal bo‘lib qoldi va o‘sha shifokorning huzuriga bordi... va shu tariqa voqea qaytadan takrorlandi.
Mana shunday qilib, harom topilgan pul bebaraka va besamar ishlarga sarf bo‘lishi bilan birga, haromdan hazar qilmaydigan kimsalarning kundalik hayoti ana shunday muammolar girdobi ichida qoladi.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV
Maqolalar
Har qanday ko‘ngilsizlik, balo va musibatlar aslida banda uchun imtihon, sinovdir. Shuning uchun dunyoda baxtlilaru baxtsizlarni, boylaru yo‘qsillarni, sog‘laru bemorlarni, orig‘u semizlarni, novchayu pakanalarni uchratasiz.
Albatta, bunday xilma-xillikning zamirida ko‘plab hikmatlar bor. Imom Ahmad rahimahulloh Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhudan rivoyat qilib aytadi: «Alloh taolo “Almiysoq” kunida Odam zurriyotlarining barchasini ruhlar holida jamlab, ularga surat-shakl berib, ulardan ahdu paymon oldi… Odam alayhissalom ularga nazar solib, boyini ham, faqirini ham, chiroylisini ham, xunuk bo‘lganlarini ham ko‘rgach: “Ey Rabbim! Bandalaringni o‘zaro teng, bir xil qilib qo‘ysang edi”, dedi. Shunda Alloh taolo: “Men ularning shukr qilishlarini yaxshi ko‘raman (ya’ni har kim o‘zidan yomonroq ahvolda bo‘lganlarni ko‘rib, o‘zining holiga shukr qiladi)”, deb marhamat qildi».
Imom Ibn Moja keltirgan yuqoridagi hadisda ana shunday holatda banda qanday yo‘l tutishi bayon qilinmoqda.
“Kim biror baloga yo‘liqqan kishini ko‘rganida…” U balo dard-illat, faqirlik, chorasizlik yoki boshqa har qanday musibat bo‘lishi mumkin.
“Ko‘rish”dan murod nazar solish, u haqda eshitish kabi xabardor bo‘lishning har qanday turidir.
“Uni mubtalo qilgan bu narsalardan meni omon qilgan va meni O‘zi yaratgan ko‘plab maxluqotlaridan afzal qilib qo‘ygan Allohga hamd bo‘lsin!” Ya’ni ushbu kalimalar bi lan o‘ziga berilgan ne’matlar, ofiyat va omonliklar uchun Alloh taologa shukrona, hamd aytadi… Albatta, buni musibatzada kishi eshitmaydigan qilib, past ovozda, pinhona aytishi kerak. Aks holda, uning yarasiga tuz sepgandek bo‘ladi.
“…deb (ixlos ila maxfiy) aytsa, o‘sha balo unga hech qachon yetmaydi”, ya’ni ana shu shukronasi, uni o‘sha baloga yo‘liqmasligiga sabab bo‘ladi. Chunki hech kim bunday baloga yo‘liqmasligidan kafolatlanmagan. Zero, Alloh taolo bandani uning qilgan xolis duosi tufay li asraydi va unga rahm qiladi.
Shunday ekan, banda har doim Allohning unga bergan ne’matlarini eslab yurishi, boshqa bandalarning holatiga qarab ibrat olishi va o‘zidagi bor ne’matlarning barchasi faqatgina Alloh taolodan ekanini e’tirof etishi lozim.
Azizbek XOLNAZAROV
tayyorladi.
“Islom nuri” gazetasining 2026 yil 15-sonidan
http://hidoyatuz.taplink.ws