Bemor shifokorning huzuriga bordi. Qabul bo‘limida o‘tirgan xodima undan navbatsiz kiritish evaziga qo‘shimcha 50 ming so‘m oldi.
Shifokor bemorga muayyan bir kompaniya ishlab chiqargan dorini yozib berdi, chunki uning sotuvdan o‘z ulushi bor edi.
Hamshira bemorga dorini yon atrofdagi dorixonadan sotib olishni tayinladi, chunki bundan unga ham vositachilik haqqi (komissiya) berilardi.
Shifokor bilan til biriktirgan o‘sha farmatsevt (dorixonachi) ishini tugatib, uyiga qaytish uchun taksiga o‘tirdi. Vaqt kech bo‘lib qolgani sababli, haydovchi undan ikki baravar haq talab qildi.
Haydovchining guvohnomasi muddati o‘tgan edi. Yo‘lda YPX (yo‘l patrul xizmati) to‘sig‘iga duch keldi. YPX xodimi unga 500 ming so‘m jarima solmaslik evaziga undan 50 ming so‘m oldi.
Ertasi kuni YPX xodimi kasal bo‘lib qoldi va o‘sha shifokorning huzuriga bordi... va shu tariqa voqea qaytadan takrorlandi.
Mana shunday qilib, harom topilgan pul bebaraka va besamar ishlarga sarf bo‘lishi bilan birga, haromdan hazar qilmaydigan kimsalarning kundalik hayoti ana shunday muammolar girdobi ichida qoladi.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV
Inson xilqatan bir necha narsalarga mubtalodir. Aqli qusurli odam bu holni unutib, kibrlanadi. Inson mubtalo bo‘lgan narsalardan biri uning har kuni bir necha bor hojatga chiqishga majburligidir.
Dinimizda inson hayotining barcha holatlarining, jumladan, tahorat ushatishning ham odob va hukmlari bayon etilgan. Qanday joylarda tahorat ushatib bo‘lmaydi?
Qabriston, yo‘llarda, daraxtlar osti, hovuz, quduq, buloq, ariq va daryo qirg‘oqlari, tahorat olinadigan joyda; yer va devor yoriq-kovaklariga, jonivorlar inlari, shuningdek, shamolga qarab hojat chiqarib bo‘lmaydi.
Xalojoyga kirish va poklanish tartibi
Xalojoyga hojat tangligi kuchaymasidan avvalroq borish lozim. Xaloga oyat, hadis, Alloh taoloning va payg‘ambarlarning nomlari yozilgan narsalarni olib kirish mumkin emas. Ularni tashqarida qoldirish kerak. Xaloga boshyalang kirish makruh.
Xalo eshigiga yetgach, “Bismillah, Allohim, meni ifloslardan va ozor beruvchilardan asra”, deyiladi. Hojatxonaga chap oyoq bilan kirib, o‘ng oyoq bilan chiqiladi. Hojat joyiga yetmay, pastki kiyim yechilmaydi. Xaloda chap yelkani qibla tarafga qilib, avrat va iflos joylarga nazar qilmay, oyoqlar orasini keng tutib o‘tiriladi.
Hojatni tik turib, uzrsiz yalang‘ochlanib (yopiq joyda bo‘lsa ham), qiblaga yuzlanib yoki qiblaga orqa qilib chiqarish, yosh bolalarni ham mazkur holatlarda to‘sish tahrimiy makruhdir. Xaloda yozib-chizish, atrofga alanglash va badanni o‘ynash mumkin emas. Xaloda fiqh va o‘zga ilmlar haqida fikr yuritilmaydi, salomga va azonga javob qaytarilmaydi. Burun qoqilmaydi. Yo‘talmaslikka, tezroq bo‘shanishga harakat qilish zarur.
Hojat ushatilgach, erkaklar turmaslaridan, siydik yo‘lini orqadan uchiga qarab siqishlari kerak. Orqa yo‘l chap qo‘l bilan toza kesak, tosh, qiymati yo‘q eski latta yoki eski paxta yoki maxsus hojat qog‘ozi bilan artib tozalanadi.
Istibro nima va u qanday qilinadi?
Istibro – siydik yo‘lida bir tomchi ham qoldirmay tozalanish bo‘lib, erkaklar uchun vojib. Buning uchun kiyimni ko‘tarib hojat o‘rnidan turgach, peshob yo‘liga kesak tutib yurish yo silkinish yo yo‘talish kerak. Siydik yo‘lida hech narsa qolmaganiga to‘la ishonch hosil bo‘lgach, suv bilan tozalanishga o‘tiladi.
(Davomi keyingi sonda)
Muhammad SHARIF JUMAN
“Islom nuri” gazetasining 2026 yil 11-sonidan
http://hidoyatuz.taplink.ws