Bemor shifokorning huzuriga bordi. Qabul bo‘limida o‘tirgan xodima undan navbatsiz kiritish evaziga qo‘shimcha 50 ming so‘m oldi.
Shifokor bemorga muayyan bir kompaniya ishlab chiqargan dorini yozib berdi, chunki uning sotuvdan o‘z ulushi bor edi.
Hamshira bemorga dorini yon atrofdagi dorixonadan sotib olishni tayinladi, chunki bundan unga ham vositachilik haqqi (komissiya) berilardi.
Shifokor bilan til biriktirgan o‘sha farmatsevt (dorixonachi) ishini tugatib, uyiga qaytish uchun taksiga o‘tirdi. Vaqt kech bo‘lib qolgani sababli, haydovchi undan ikki baravar haq talab qildi.
Haydovchining guvohnomasi muddati o‘tgan edi. Yo‘lda YPX (yo‘l patrul xizmati) to‘sig‘iga duch keldi. YPX xodimi unga 500 ming so‘m jarima solmaslik evaziga undan 50 ming so‘m oldi.
Ertasi kuni YPX xodimi kasal bo‘lib qoldi va o‘sha shifokorning huzuriga bordi... va shu tariqa voqea qaytadan takrorlandi.
Mana shunday qilib, harom topilgan pul bebaraka va besamar ishlarga sarf bo‘lishi bilan birga, haromdan hazar qilmaydigan kimsalarning kundalik hayoti ana shunday muammolar girdobi ichida qoladi.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV
Hayot yo‘llarida yurar ekanmiz, turli xarakterdagi insonlarga duch kelamiz. Ayniqsa, katta yo‘llar, tig‘iz harakat va mashina ruli ortidagi muhit haydovchidan nafaqat chaqqonlikni, balki mustahkam asab va yuksak sabr-toqatni ham talab qiladi.
Yo‘ldagi sinov va birgina hadis
Oltmish yoshlarga borib qolgan, biroz jahldor bo‘lsa-da, dilkash, ko‘ngli askiyaga moyil qadrdon tanishlarimdan biri haydovchilik kasbi ortidan umr o‘tkazib kelmoqda. Ko‘pchilikning og‘irini yengil qilib kelayotgan bu insonning ismi Sobir. Ammo ismiga monand sabri sal kamroq.
Kunlarning birida uning mashinasida ketarkanman, kutilmaganda yo‘ldagi boshqa haydovchining beparvoligi sabab Sobir aka so‘kinib yubordi. G‘azabi biroz bosilgach, unga Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning g‘azabning yomon oqibatlari haqidagi muborak hadislaridan birini sekingina eslatib o‘tdim. O‘sha paytda u kishi hech qanday munosabat bildirmadi: ehtimol, hali jahldan to‘liq tushmagandir. Manzilga yetib, odatdagiday samimiy xayrlashdik.
Oradan vaqt o‘tib ko‘rishganimizda Sobir aka o‘tgan voqeani iliqlik bilan esladi. Haydovchiga aytgan so‘zlaridan keyin qattiq ezilganini, men eslatgan hadis uning uchun katta ibrat bo‘lganini yashirmadi. Hozir ham g‘azabi toshganda o‘sha suhbat esiga tushib, o‘zini darhol qo‘lga olishini aytadi. O‘zidan ancha yoshi kichik insonni omma oldida “ustoz” deb izzatlashi, aytilgan birgina nasihatdan yetarli xulosa chiqara olgani uning naqadar sof va oliyjanob qalb egasi ekanini ko‘rsatadi.
Hissiyot jilovidagi haqiqatlar
“G‘azab umri kalta aqlsizlikdir”. Buyuk allomalar bejiz bunday demaganlar. Hayotimizda tilga va qo‘lga erk bermaslik, hissiyotlarni jilovlay olmaslik oqibatida qanchadan-qancha oilalar buzilib ketgani, yaqin qarindosh-urug‘lar va qadrdon do‘stlarning orasi uzilib qolgani achchiq haqiqatdir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: "Yo Rasululloh, menga bir nasihat qiling”, degan sahobalarga U zot qisqa va lo‘nda qilib: “G‘azablanma”, deb javob berganlar.
Bu bejiz emas, chunki g‘azab insonning aql-idrokini o‘g‘irlaydi, obro‘siga putur yetkazadi va keyinchalik tuzatib bo‘lmas xatolarga yetaklaydi.
Har qanday vaziyatda ham insonligimizni, aql va tafakkur sohibi ekanligimizni unutmasligimiz lozim. Qachonki, jahlimiz chiqsa, aqlimiz qochmasligi kerak. So‘nggi pushaymondan ko‘ra, lahzalik jahlni ichga yutib, sokinlikni saqlash har doim yaxshiroq natija beradi. Unutmang, tinchlik va xotirjamlik – eng buyuk boylikdir.
Muallif: Anvar Ermamatov, "Zarafshon" nashri.