Bismillahir Rohmanir Rohiym
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun!
Mo‘min-musulmonlar, Hindiston diyori, balki butun Islom olami, aqida, hadis, fiqh va siyrat olimi bo‘lgan ustoz alloma, shayx Sayyid Salmon Husayniy Nadaviydan judo bo‘ldi.
Alloh taolo bu muxlis, yuksak martabali olim bandasini rahmatiga chulg‘asin, chekkan mashaqqatlari, tortgan dardlarini kafforat aylasin, diniga, musulmon ummatiga qilgan xizmatlarini, manfaatli ilmlarini sadaqai joriya o‘laroq husni qabul qilsin, qabrlarini muattar va munavvar aylab, Firdavs jannatlariga yetishtirsin!
Mavlono Sayyid Salmon Husayniy Nadaviy hazratlarining ahli baytlariga, yaqinlariga, barcha shogirdu muxlislariga, butun Islom ummatiga samimiy ta’ziya izhor qilamiz, Alloh taolodan sabri jamil so‘raymiz, haqlariga qilinayotgan barcha xayrli duolarni mustajob qilishini tilaymiz.
«Sabrlilarga xushxabar beringki, ular o‘zlariga musibat yetganda "Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz", deganlardir».
Malayziyaning Universiti Teknologi MARA universiteti san’at, dizayn va media fakulteti talaba hamda o‘qituvchilaridan iborat guruh O‘zbekiston bo‘ylab ijodiy safarini yakunlab, o‘z yurtiga qaytdi. Malakali suratkash va dizaynerlardan iborat 18 kishilik guruh 17–31 avgust kunlari mamlakatning boy tarixiy merosi va zamonaviy qiyofasini aks ettiruvchi “storytelling” uslubidagi professional foto va video kontent tayyorladi.
Safarning yakuniy va eng keng ko‘lamli qismi Toshkentda o‘tdi. Guruh faoliyatining markazida Islom sivilizatsiyasi markazi turdi: mehmonlar bu yerda maxsus ta’lim dasturi, media-festival, "Muzeydagi tun" ekskursiyasi va multimediali mapping-shou dasturlarida ishtirok etib, boy foto va video material tayyorladi.
Poytaxtda talabalar Hazrati Imom majmuasi — Baroqxon madrasasi va Qaffol Shoshiy maqbarasida hamda Zarqaynar hunarmandchilik ko‘chasida bo‘lib, milliy hunarmandchilik va an’analarni o‘z kontentlarida aks ettirdi.
Guruh, shuningdek, Amaliy san’at muzeyi, Amir Temur muzeyi, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi va Zamonaviy san’at muzeyiga tashrif buyurdi; Alisher Navoiy nomidagi opera va balet teatri, "Navro‘z" etnografik bog‘i hamda "Magic City" va "Tashkent City" kabi zamonaviy majmualarni suratga olib, Toshkentning tarixiy va zamonaviy qiyofasini yaxlit tarzda taqdim etdi.
Ma’lumot o‘rnida, mehmonlar safarini Xivadan boshlab, Buxoro va Samarqand shaharlarida ham bo‘ldi. Ular “Ichan qal’a” davlat muzey-qo‘riqxonasi, Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi, Poyi Kalon, Registon maydoni, Shohi Zinda yodgorlik majmuasi hamda “Konigil” sayyohlik qishlog‘i kabi maskanlarni suratga oldi.
Safar doirasida tayyorlangan materiallar “Instagram”, “Facebook”, “TikTok” va “YouTube” ijtimoiy tarmoqlariga joylashtirilib, O‘zbekistonning boy madaniy-tarixiy merosi va turistik salohiyatini xorijiy auditoriyaga zamonaviy media formatlarda tanishtirishga xizmat qiladi.
Loyiha, ayni vaqtda, O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlashga ham hissa qo‘shdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati