Bismillahir Rohmanir Rohiym
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun!
Mo‘min-musulmonlar, Hindiston diyori, balki butun Islom olami, aqida, hadis, fiqh va siyrat olimi bo‘lgan ustoz alloma, shayx Sayyid Salmon Husayniy Nadaviydan judo bo‘ldi.
Alloh taolo bu muxlis, yuksak martabali olim bandasini rahmatiga chulg‘asin, chekkan mashaqqatlari, tortgan dardlarini kafforat aylasin, diniga, musulmon ummatiga qilgan xizmatlarini, manfaatli ilmlarini sadaqai joriya o‘laroq husni qabul qilsin, qabrlarini muattar va munavvar aylab, Firdavs jannatlariga yetishtirsin!
Mavlono Sayyid Salmon Husayniy Nadaviy hazratlarining ahli baytlariga, yaqinlariga, barcha shogirdu muxlislariga, butun Islom ummatiga samimiy ta’ziya izhor qilamiz, Alloh taolodan sabri jamil so‘raymiz, haqlariga qilinayotgan barcha xayrli duolarni mustajob qilishini tilaymiz.
«Sabrlilarga xushxabar beringki, ular o‘zlariga musibat yetganda "Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz", deganlardir».
Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi «Oq masjid» jome masjidining yangi binosi poydevoriga ilk g‘isht qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Xayrli tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov, tuman imom-xatiblari, mahalla faollari va ko‘p sonli namozxonlar ishtirok etdi.
Yig‘ilganlar mazkur ezgu tashabbusning bardavom bo‘lishini, qurilish ishlarining ko‘ngildagidek, bexatar va tez fursatlarda yakunlanishini tilab, Alloh taolodan xayr-baraka so‘rab duolar qildilar.
Ta’kidlanganidek, yangi bino qad rostlashi natijasida hudud aholisi va masjid qavmi uchun yanada keng, qulay va zamonaviy sharoitlar yaratiladi.
Shuningdek, masjid qurilishiga xolis hissa qo‘shayotgan barcha saxovatpesha yurtdoshlarimiz hamda quruvchi-mutaxassislar haqqiga ezgu duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati