Bugungi globallashuv jarayonida Islom ummatlari o'rtasida turli tafriqalar kelib chiqmoqda. Bilib-bilmay xar xil firqalarning ta'sir doirasiga tushib qolgan ba'zi yoshlarning bunday xato yo'lga kirib qolayotgani kuzatilmoqda. Keyingi paytlarda Islom mafkurasi va tarixiga zid g'oyalari bilan qayta namoyon bo'layotgan “soxta salafiylik” oqimi o'zlarining aqidaviy va huquqiy masalalarini ko'pincha suriyalik Ibn Taymiya (1263-1328) ta'limoti bilan asoslamoqchi bo'lishadi. Ibn Taymiya asarlarida, islomga turli bid'atlar kirib qolgani aytilib, musulmonlar va ular yashayotgan jamiyatlarni, Qur'on va sunnat ta'limotiga asoslangan yo'lga solish zarur, degan g'oyalar ilgari suriladi.
Soxta salafiylar jamiyatni ikkiga: “musulmon” va “dinsizlar”ga ajratadi. Bu bilan boshqa dindagilarni dushman sanab, dinlararo adovat uyg'otishga urinadi. Ular nafaqat boshqa din vakillariga, balki shariat hukmlarini ular o'ylagandek to'liq bajarmayotgan musulmonlarni ham shunday atashadi.
Bugungi kunimizda har bir musulmon yakka tartibdagi ijtihod bilan shug'ullanishi kerak, degan gap ham mutlaqo asossizdir. Imom Ahmad aytadi: “Kim dinda taqlid yo'q desa, Alloh va Uning rasuli oldida fosiqdir. Uning so'zi sunnat va salafi solihlar qarashlarini rad qilishdir”. Mujtahid Abdulloh ibn Vahb aytadi: “Hadis ilmlari, agar fiqh ilmi bo'lmasa, adashtiradi”.
Imom Abu Bakr Haraviy aytadi: “Insonlar dinda ikki qismdir: muqallid va mujtahid. Mujtahidlarning ilmli bo'lishi shartdir. Din ilmi esa, Qur'on va sunnatga va u ikkisida vorid bo'lgan arab tiliga taalluqlidir. Endi, kimki Qur'on va sunnatni, ularning lafziy hukmlarini, sobit va mansuxlarini bilsa, oldin va keyin kelgan hukmlarini ajrata olsa, o'sha kishining ijtihodi durust va uning darajasiga etmaganlar unga taqlid qilishlari joizdir. Mujtahid bo'lmagan kishiga esa, olimlardan so'ramog'i va taqlid qilmog'i farzdir.
Bizning davrimizda ham ikki yuzdan ortiq soxta salafiylikka o'xshash yot oqimlar mavjud.
Islomda biron bir musulmonga tajovuz qilish yoki uni nohaq o'ldirishga aslo ruxsat berilmagan. Bunday xunrezlikni qilgan kimsa uchun oxiratda ulkan azob bordir. Alloh taolo bunday ogohlantiradi: “Kim musulmonni qasddan o'ldirsa, uning jazosi jahannamdir. U erda u uzoq vaqt qoladi. Unga Allohning g'azabi va la'nati bo'lsin! Hamda U (Alloh taolo) unga ulkan azob tayyorlab qo'ygandir” (Niso surasi, 93-oyat).
Oyati Karimadan bilamizki musulmonni kofirga chiqarishdan juda ehtiyot bo'lmoq lozim. O'zlariga Qur'on va hadisi shariflarda kelgan chiroyli nomlar qo'yib, chin ma'nodagi musulmonlikni da'vo qilayotgan turli xil oqimlarning yot g'oyalariga aldanishdan ogoh bo'lish zarur. Islom tinchlik, mehr-oqibat va odob-axloq dini ekanini aslo yoddan chiqarmasligimiz, kelgusi avlodlarga ham asl maqsadni, shariatni, ulamolarimiz yo'llarini etkazishda sobitqadam bo'lishligimiz lozim va lobuddir.
Norin tumani Qurbon ota masjidi
imom xatibi Avazbek To'rayev
Fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari qoldirgan boy ilmiy merosi nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyoning turli nuqtalarida, xususan, Islom olamining tabarruk maskani bo‘lmish Masjidi Nabaviy kutubxonasida ham saqlanib kelyapti.
2017 yilda shayx hazratlarining bir qator kitoblari ilk bor Masjidi Nabaviy kutubxonasiga taqdim etilgan edi. Shundan buyon ziyoratga borgan hamyurtlarimiz ushbu kutubxonadan hazratning asarlarini o‘z ona tilimizda mutolaa qilish imkoniyatiga ega bo‘lib kelishyapti.
Masjidi Nabaviy kutubxonasi masjidning 10-eshigi yonida joylashgan. Kutubxonada 170 000 dan ortiq kitob saqlanadi. Asosiy adabiyotlar arab tilida bo‘lsada, 20 dan ortiq xorijiy tillardagi diniy manbalar ham jamlangan. Kutubxonadan bir vaqtning o‘zida 300 dan ortiq kitobxon foydalanishi mumkin.
Kutubxonada xorijiy tillardagi adabiyotlar uchun alohida xona ajratilgan. U yerda ingliz, rus, fransuz kabi jahon tillari qatorida o‘zbek tili bo‘limi ham bor. Ushbu bo‘limda shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining qalamlariga mansub 50 dan ortiq asar bor. Jumladan:
– «Hadis va Hayot» silsilasi;
– «Tafsiri Hilol»;
– «Kifoya»;
– «Ruhiy tarbiya»;
– «Zikr ahlidan so‘rang»;
– «Odoblar xazinasi»;
– «Xislatli hikmatlar sharhi»;
– «Baxtiyor oila» va boshqalar.
@islomuz