O‘z zamonasining eng katta qasrida, qo‘l ostida ko‘plab joriya va qullari bilan, to‘kis hayot ichida yashaydigan ayol bor edi. U Osiyo binti Muzohim, Fir’avnning ayoli edi. U qasrda osoyishtalikda yashardi, biroq uning qalbida iymon nuri barq urdi. Shundan keyin eri uning boshiga qiyinchiliklar sola boshladi. U o‘tkir nazarli ayol edi, qo‘l ostidagi joriya va qullar hamda shunday to‘kin hayotni tark etib, ularni iymoni yo‘lida fido qila oldi. Shuning uchun ham Alloh taolo O‘z Kitobida zikr etishi va mo‘minlarga namuna qilishiga haqli bo‘ldi. Alloh taolo aytadi:
﴿وَضَرَبَ اللَّهُ مَثَلًا لِلَّذِينَ آَمَنُوا اِمْرَأَةَ فِرْعَوْنَ إِذْ قَالَتْ رَبِّ ابْنِ لِي عِنْدَكَ بَيْتًا فِي الْجَنَّةِ وَنَجِّنِي مِنْ فِرْعَوْنَ وَعَمَلِهِ وَنَجِّنِي مِنَ الْقَوْمِ الظَّالِمِينَ﴾
“Alloh iymon keltirganlarga Fir’avnning xotinini misol qilib ko‘rsatdi. U: “Robbim, menga O‘z huzuringda, jannatda bir uy bino qilgin. Menga Fir’avndan va uning ishidan najot bergin va zolim qavmlardan najot bergin, deb aytdi” (Tahrim surasi, 11-oyat).
Ulamolar ushu oyatning tafsirida shunday deyishadi: “Osiyo roziyallohu anho “Uy olishdan oldin qo‘shni tanlash”ga amal qildilar. Shuning uchun ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning komillikka erishgan ayollar orasida zikr etishlariga munosib bo‘ldilar. U zot alayhissalom aytadilar:
قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: كمل من الرجال كثير. ولم يكمل من النساء غير مريم بنت عمران وآسية امرأة فرعون وإن فضل عائشة على النساء كفضل الثريد على سائر الطعام
“Erkaklardan ko‘pchilik komillikka erishgan. Ayollardan esa faqat Fir’avnning ayoli Osiyo va Imronning qizi Maryamgina komillikka erishgan. Albatta Oishaning boshqa ayollarga nisbatan fazli xuddi sarid (arablarning sevimli taomi)ning boshqa taomlarga nisbatan ustunligi kabidir” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu mo‘mina Fir’avnning zulmatlarga to‘lgan qasrida porlagan chiroq Osiyo onamizdir. Kim biz uchun sabr, sabot va Alloh tomon da’vat etadigan chiroq ila nur sochadi?
Shu’la: Fikringizni boshqaring, baxtli bo‘lasiz.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan
* * *
“Albatta, Alloh taolo sizlarning shifongizni sizlarga harom bo‘lgan narsada qilgan emas!” (Imom Tabaroniy va Imom Bayhaqiy rivoyati).
* * *
“Kishining og‘ziga tuproq solishi harom luqma solishidan yaxshiroqdir”
(Imom Ahmad ibn Hanbal rivoyati).
* * *
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Haromdan oziqlangan hech bir jasad jannatga kirmaydi”(Imom Abu A’lo rivoyati).
Duoning qabul bo‘lishi uchun ikkita sabab lozim. Birinchisi, halol luqmadir.
Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib, duosi qabul bo‘lmaganidan arz qilganida, u zot: “Ey Sa’d, haromdan uzoq bo‘lgin! Chunki kimning qorniga harom luqma kirsa, uning duosi qirq kungacha ijobat bo‘lmas”, dedilar.
Yahyo ibn Muoz aytadi: “Ibodat Alloh xazinalaridan biridir. Bu xazinaning kaliti esa duodir. Bu kalitning tishlari esa halol kasb va halol luqmadir”.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Ayrim kishilar Allohning moliga nohaq sho‘ng‘iydilar. Qiyomat kunida ularga do‘zax bo‘lur” (Imom Buxoriy rivoyati).
Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam yana aytganlar: «Bir kishi uzoq safar qiladi, sochi to‘zg‘ib, ust-boshi chang bo‘ladi. Qo‘llarini osmonga cho‘zib: “Ey Rabbim, ey Rabbim”, deydi. Holbuki, yegani harom, ichgani harom, kiygani harom va haromdan oziqlangan. Bas, uning duosi qanday ijobat bo‘lsin?!» (Imom Muslim rivoyati).
Nigora MIRZAYEVA, to‘pladi.
“Hidoyat” jurnalining 2025 yil 9-sonidan