Savol: Direktorimiz menga 15 soat dars yozgan. Lekin men 10 soat dars o‘taman. Direktor o‘tilmayotgan 5 soatning pulini menga berasiz, men u pulni maktabning turli to‘lovlarga ishlataman, dedi. Uning bu gapi qanchalik rost bilmayman. Shu vaqtgacha uning aytgani bo‘yicha 5 soatning pulini unga berib kelyapman. Direktorning ortiqcha ish soati yozib, pulini olishi halolmi, mening bu ishga rozi bo‘lganim-chi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu ish o‘zganing haqini nohaq o‘zlashtirish bo‘lib, buni Alloh taolo O‘z kalomida ochiq-oydin taqiqlagan:
﴿وَلَا تَأْكُلُوا أَمْوَالَكُم بَيْنَكُم بِالْبَاطِلِ﴾
“Mol-dunyolaringizni oralaringizda nohaq – harom yo‘llar bilan yemangiz!” (Baqara surasi, 188-oyat).
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Haromdan oziqlangan hech bir jasad jannatga kirmaydi” (Abu Ya’lo, Bazzor va boshqalar rivoyati).
Direktoringizning maktab chiqimlarini ro‘kach qilib olayotgan pullari halol emas. Darhol bu ishni tark etib tavba qilishi, sizga o‘tadigan dars soatlaringizni to‘g‘ri yozishi lozim.
Sizning uning taklifiga rozi bo‘lishingiz ham gunoh sanaladi. Chunki shariatimizda ma’siyatlarga yordam berish ham gunoh sanaladi. Shuning uchun siz unga qilayotgan ishini xato ekanini bir ilojini qilib tushuntiring va bu ish uning boshiga dunyoda ham, oxiratda ham ulkan musibatlar olib kelishini ayting. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi
Shu yil 8 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida AQSHda faoliyat yuritayotgan "VATAN Global Alliance" tashkiloti rahbari Ozod Soliyev boshchiligidagi delegatsiya bilan samimiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov hamda mutaxassislar ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida AQSHdagi yurtdoshlarimizga doimiy ruhiy-ma’naviy ko‘mak berish va ularning ijtimoiy moslashuviga ko‘maklashish, xususan, yoshlar tarbiyasiga alohida e’tibor qaratib, xorijiy tillarda erkin ma’ruza qila oladigan malakali yosh kadrlarni tayyorlash yaxshi natija berishi qayd etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati