Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Avgust, 2026   |   29 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:59
Quyosh
05:29
Peshin
12:28
Asr
17:23
Shom
19:31
Xufton
20:58
Bismillah
12 Avgust, 2026, 29 Safar, 1448

Siz orzu qilasizmi yoki maqsadmi...?

02.07.2026   25171   2 min.
Siz orzu qilasizmi yoki maqsadmi...?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Agar maqsad va orzularingiz yozilgan kundaligingizni ko‘rsatsangiz, men sizga besh yildan keyin qayerda bo‘lishingizni yoki nima bilan shug‘ullanishingizni aytib bera olmayman. Ammo kundalik odatlaringizni ko‘rsatsangiz, besh yildan keyin qanday insonga aylanishingizni taxmin qila olaman.

Unutmang! Kelajak faqat maqsadlar bilan qurilmaydi. U har kuni takrorlanadigan kichik odatlar ipidan to‘qiladi.

Xulosa shuki, agar kelajagingizni bilmoqchi bo‘lsangiz, maqsadlaringizga emas, kundalik odatlaringizga e’tibor bering.

Har bir insonning o‘z maqsadlari bor. Kimdir 10 million so‘m topishni, kimdir 10 kilogramm vazn tashlashni, yana kimdir esa YouTubeda mashhur bo‘lishni orzu qiladi…

Biroq maqsadning o‘zi yo‘lni belgilamaydi. Yo‘lni kundalik odatlar belgilaydi. Masalan, 10 kilogramm ozishni istagan inson bunga faqat sog‘lom ovqatlanish va muntazam mashq qilishni odatga aylantirsagina erisha oladi.

Aksariyat odamlar esa bir necha kun tartibga amal qiladilar, keyin yana eski odatlariga qaytib ketadilar. Natijada, ularning maqsadlari devorga ilingan chiroyli rasmdek qolib ketadi. Chunki maqsad odatga aylanmadi.

Maqsad qo‘yish oson. Ammo odatni shakllantirish sabr, intizom va mehnat talab qiladi.

Odat bu – muntazam takrorlanadigan, vaqt o‘tishi bilan inson tabiatining bir qismiga aylanadigan xatti-harakatdir. Shunday darajaga yetadiki, uni deyarli o‘ylamasdan bajarasiz.

Aynan kundalik odatlar odamlar o‘rtasidagi eng katta farqni yuzaga keltiradi. Agar odatlaringizni yaxshilasangiz, maqsadlaringizga yaqinlashasiz.

Demak, har kuni odatlarimizni oz bo‘lsa-da, yaxshilashga intilishimiz kerak. Ana shu kichik, ammo barqaror qadamlar hayotimizda katta o‘zgarishlarni boshlaydi.

Biz har kuni yaxshiroq bo‘lishni tanlasak, kelajagimiz ham shunga yarasha go‘zal bo‘ladi.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan “Qanday amal Alloh uchun eng mahbubdir?”, deb so‘raldi. U zot alayhissalom: “Oz bo‘lsa ham, davomlisi”, dedilar» (Imom Termiziy rivoyati).

Sizning qanday maqsadlaringiz bor? So‘nggi kunlarda qaysi maqsadlaringizga erishish uchun harakat qilyapsiz?

 

Davron NURMUHAMMAD

 

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Fidokorona xizmat e’tirofsiz qolmaydi

11.08.2026   3700   1 min.
Fidokorona xizmat e’tirofsiz qolmaydi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi "Ko‘kaldosh" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida ko‘p yillar halol va fidokorona mehnat qilgan xodimamiz Ahmadjonova Nilufar Habibullayevnaning 50 yoshlik yubileyi munosabati bilan ta’lim muassasasi hamda kasaba uyushmasi tomonidan tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda ta’lim muassasasi mudiri M. Erkayev, o‘quv ishlari bo‘yicha mudir o‘rinbosari N. Djalolov va manaviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari, ta’lim muassasasi kasaba uyushmasi raisi A.G‘aniyev ishtirok etishdi. Muassasa mudiri M. Erkayev muhtarama opamizni shaxsan o‘zi tabriknoma bilan taqdirladi. Esdalik sovg‘alari bilan ham mukofotlandi.
Nilufar opa har kuni tong sahardan ilm dargohiga kelib, uning ozoda, shinam va pokiza bo‘lishiga yillarida sabr, ixlos va sadoqat bilan o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Bunday kamtarin, ammo qadri baland mehnat barchamiz uchun ibrat namunasidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: "Pokizalik iymondandir", deb marhamat qilganlar. Ilm va marifat maskanining ta’minlash — talabalar ustozlarning tinch, toza va barakali ilm olishiga munosib hissa qo‘shadigan ezgu ishdir. Ana beminnat xizmat har qanday e’tirof va ehtiromga loyiqdir.
Bilim yurtimiz o‘z yordamga g‘amxo‘rlik qilishni muhim burch deb biladi. Zero, ilm dargohiga qilingan har bir xizmat — Allohning roziligi yo‘lidagi savobli amaldir. Kim ilm ahliga va ilm maskaniga xizmat qilsa, o‘sha ilmdan taralayotgan ezgulikning ajridan bahramand bo‘lishi umid qilamiz.
Muhtarama opamizga mustahkam sog‘lik-salomatlik, uzoq umr, oila baxti va ishlarida baraka tilaymiz. Alloh taolo halol mehnatlarini ajru mukofotsiz qoldirmasin, qilgan ezgu ishlari va mehnatlarining rohatini ko‘rish uzoq yillar davomida nasib etsin!
 

"Ko‘kaldosh" o‘rta maxsurs islom ta’lim muassasasi
matbuot xizmati

Fidokorona xizmat e’tirofsiz qolmaydi Fidokorona xizmat e’tirofsiz qolmaydi
O'zbekiston yangiliklari