Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Avgust, 2026   |   12 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:17
Quyosh
05:42
Peshin
12:25
Asr
17:10
Shom
19:12
Xufton
20:32
Bismillah
25 Avgust, 2026, 12 Rabi`ul avval, 1448

Bir kunda necha soat uxlash kerak?

02.07.2026   28212   3 min.
Bir kunda necha soat uxlash kerak?

VAQT QADRI VA UNDAN UNUMLI FOYDALANISH

Ba’zi insonlarda sog‘lom hayot kechirish uchun har kuni albatta sakkiz soat uxlash kerak, degan tushuncha bor. Ammo aslida uyqu miqdori har bir insonning holati, ehtiyoji va organizmiga bog‘liq. Asosiy maqsad — ma’lum bir soatni to‘ldirish emas, balki tetik va faol holatda uyg‘onishdir.

Kimdir olti soat uxlab ham kun davomida samarali faoliyat olib borishi mumkin, boshqa birovga esa ko‘proq dam olish kerak bo‘ladi. Muhimi — inson uyqusini tartibga solishi va vaqtini qadrlashi lozim.

 

ULUG‘ ZOTLAR HAYOTIDAN NAMUNALAR

Imom Muhammad ibn Hasan Shayboniy rahmatullohi alayh bir kitobdan charchasa, boshqasiga o‘tar, uyqusi kelganda esa o‘zini suv bilan sergaklashtirib, yana ilm bilan mashg‘ul bo‘lar edi.

Mufassir Alusiy rahmatullohi alayh kechalari tafsir yozar, kunduzlari esa dars berar edilar. Uning ilmiy merosi qanchalik ulkan ekani bu mehnatning samarasidir.

 

VAQTNI BЕHUDA SARFLAMASLIK

Inson hayotida eng qimmatli boylik — vaqtdir. Pulni yo‘qotgan odam uni qayta topishi mumkin, ammo o‘tgan vaqt hech qachon qaytmaydi.

Imom Hofiz Munziriy rahmatullohi alayh haqida aytadi: Men kechayu kunduz ilm bilan mashg‘ul bo‘lgan, hatto ovqatlanayotganda ham ilmdan uzilmaydigan insonlarni ko‘rdim.

 

BO‘Sh VAQTNI TO‘G‘RI BOSHQARISH

Ba’zan inson bir necha daqiqa dam olish uchun o‘tiradi, ammo bu vaqt sezilmay soatlarga aylanib ketadi. Natijada umrning katta qismi foydasiz ishlarga sarflanadi.

Shuning uchun har bir inson: Men sarflayotgan bu vaqtim menga yoki boshqalarga qanday foyda keltiradi? deb o‘zidan so‘rashi kerak. Agar javob bo‘lmasa, u ishdan voz kechish afzal.

 

VAQTDAN FOYDALANISHGA ZAMONAVIY MISOL

Ba’zi rivojlangan jamiyatlarda insonlar hatto qisqa kutish vaqtlaridan ham unumli foydalanishga odatlangan. Masalan, transportda, navbatda yoki uchrashuv boshlanishini kutayotganda ular kitob o‘qiydi, rejalar tuzadi yo biror ish bilan shug‘ullanadi.

Bu yangi odat emas. Aslida bu – musulmon ulamolari asrlar davomida amal qilgan tamoyildir.

 

HAR BIR YIG‘ILISH FOYDALI BO‘LSIN

Abu Amr ibn A’lo rahmatullohi alayhi Asmoiyga bunday nasihat qilgan: Agar biror joyga borishing ilm olish, yaxshilik qilish yoki foydali maqsad uchun bo‘lsa — bor. Ammo behuda suhbat, g‘iybat va vaqtni isrof qilish uchun bo‘lsa — undan saqlan.

Insonning uchrashuvlari ham, suhbatlari ham foydali bo‘lishi kerak. Ovqatlanish, mehmonchilik, do‘stlar bilan uchrashish — barchasi yaxshi niyat va foydali maqsad bilan bo‘lsa, qadrlidir.

 

XULOSA

Ulug‘ insonlarning hayoti bizga bir haqiqatni o‘rgatadi: Vaqt – Alloh bergan eng katta ne’matlardan biri. Uni qadrlagan inson dunyosi va oxirati uchun katta yutuqlarga erishadi.

Shuning uchun har bir lahzamizni ilm, ibodat, mehnat va foydali ishlar bilan bezashga harakat qilaylik.

 

Davron NURMUHAMMAD

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Saudiya matbuoti: O‘zbekiston madaniy-gumanitar, turizm sohalarida xalqaro hamkorlikni kengaytirmoqda

24.08.2026   20440   1 min.
Saudiya matbuoti: O‘zbekiston madaniy-gumanitar, turizm sohalarida xalqaro hamkorlikni kengaytirmoqda

Saudiya Arabistonining nufuzli OAVda O‘zbekistonning madaniy-gumanitar, turizm va sport sohalaridagi xalqaro hamkorligi hamda mamlakatda bo‘lib o‘tadigan yirik tadbirlarga bag‘ishlangan tahliliy maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Xususan, Saudiya Arabistonining “Amwaj” nashrida joriy yilning 24–29 avgust kunlari Toshkentda “Islom sivilizatsiyasi: yangicha nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusida xalqaro mediaforum o‘tkazilishi keng yoritildi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadigan ushbu yirik tadbirga yetakchi xorijiy jurnalistlar va xalqaro ekspertlar to‘planishi qayd etilgan. Forum dasturi yalpi majlislar, talabalar uchun mahorat darslari, mediaturlar va Samarqandning tarixiy obidalarini ziyorat qilishni o‘z ichiga oladi hamda O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligini nishonlashga bag‘ishlanadi.

Shuningdek, nashrda Samarqandda O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan birinchi O‘zbekiston–Gruziya turizm forumi ham yoritilgan. Ta’kidlanishicha, tadbir O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Gruziyaga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarning amaliy ifodasi bo‘ldi.

Tomonlar qo‘shma sayyohlik mahsulotlarini yaratish, to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni kengaytirish va turizmning yangi turlarini rivojlantirish masalalarini muhokama qilgan. Gruziyadan kelayotgan sayyohlar oqimining sezilarli darajada oshgani va O‘zbekiston turizm sohasining umumiy ko‘rsatkichlari yuqori ekani qayd etilgan.

“Saudi Press Agency” axborot agentligi Jidda shahrida Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da’vat va irshod vazirligi hamda O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi o‘rtasidagi Anglashuv memorandumiga doir ijro dasturi imzolangani haqida xabar berdi.

Ushbu hujjat mo‘tadillik tamoyillarini mustahkamlash, ekstremizmga qarshi kurashish, voiz va imomlar uchun o‘quv kurslarini tashkil etish, Qur’oni Karim ma’nolarini o‘rganish va yoyish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari