1. Jaholatdan ko‘ra yomonroq faqirlik yo‘q.
2. Aqldan ko‘ra foydaliroq mol yo‘q.
3. O‘ziga bino qo‘yishdan ko‘ra yomonroq yolg‘izlik yo‘q.
4. Maslahatdan ko‘ra ishonchliroq bir-birini qo‘llash yo‘q.
5. Go‘zal xulqdek nasl-nasab yo‘q.
6. O‘zini tiya bilishdek taqvo yo‘q.
7. Tafakkurdek ibodat yo‘q.
8. Balog‘atga yetgandan so‘ng yetimlik yo‘q.
9. Fathdan so‘ng hijrat yo‘q.
10. Omonatga xiyonat qiluvchida iymon yo‘q.
11. Va’dasiga vafo qilmaydigan odamda din yo‘q.
12. Uch kundan ortiq arazlashib yurish yo‘q.
13. Istig‘for bilan gunohi kabira yo‘q.
14. Qur’on o‘qib yurgan banda uchun muhtojlik yo‘q va u uchun Qur’ondan ortiqroq boylik yo‘q.
15. Alloh uchun duodan o‘zga yoqimliroq narsa yo‘q.
16. Zulmdan ham ko‘ra jazosi tezroq keladigan narsa yo‘q.
17. O‘zgalarning och qornini to‘ydirishdan ko‘ra afzalroq amal yo‘q.
Davron NURMUHAMMAD
Da’vo: Qur’on xatmining savobi o‘liklarga yetib-boradimi yoki yo‘qmi?
Raddiya: Qur’ondan xatm qilinib uning savobini o‘liklarga bag‘ishlansa, bu savob marhumlarga borib yetadi. Marhumlarimiz haqqiga mag‘firat so‘rab duo qilib turishimiz lozim.
Usmon ibn Affonning roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda bunday deyiladi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam marhum dafn etilgandan so‘ng uning tepasida turib: “Birodaringizga mag‘firat so‘ranglar va unga Allohdan sabot tilanglar, zero, u hozir so‘ralmoqda”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda bunday deyiladi: “Sa’d ibn Uboda yo‘qligida onasi vafot etib qoldi. Shunda Nabiyning oldilariga kelib: “Yo Rasullloh sollallohu alayhi vasallam onam men yo‘g‘imda vafot etdi uning nomidan sadaqa qilsam, savobi yetadimi?” deb so‘radilar.
U zot alayhissalom: “Ha”, dedilar. “Bo‘lmasa, sizni guvoh qilamanki, mening ushbu bog‘im u kishi nomidan sadaqadir” (Imom Buxoriy rivoyati).
Xulosa qilib aytganda, marhumlarimiz haqiga qilinadigan xatmi Qur’on, duolar, sadaqalar savobi o‘tganlarimizga borib yetishida hech qanday shubha yo‘q.
Imom Sha’biy rahimahulloh aytadilar:
كَانَتِ الأَنْصَارُ إِذَا مَاتَ لَهُمُ الْمَيِّتُ يَأْتُونَ قَبْرَهُ فَيَقْرَؤُونَ عِنْدَهُ الْقُرْآنَ مرقاة المفاتيح
“Ansorlar orasida kimning mayyiti vafot etsa, uning qabriga borib, u yerda Qur’on o‘qir edilar”.
Bu amal sahobalar davrida mavjud bo‘lgan. Ibn Umar roziyallohu anhuning vasiyatlari:
إِذَا مَاتَ أَحَدُكُمْ فَلْيُسْرِعْ بِهِ إِلَى قَبْرِهِ وَلْيُقْرَأْ عِنْدَ رَأْسِهِ بِفَاتِحَةِ الْبَقَرَةِ وَعِنْدَ رِجْلَيْهِ بِخَاتِمَتِهَا.
“Agar sizlardan biri vafot etsa, uni tezda qabriga olib boringlar. Bosh tomonida Baqara surasining boshini, oyoq tomonida esa oxiri o‘qilsin” (Imom Tabaroniy, Imom Bayhaqiy rivoyati).
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi