Shu yilning 9–11 noyabr kunlari Toshkent shahrida respublikamiz bo‘ylab faoliyat olib borayotgan salohiyatli va fidoyi yosh diniy soha xodimlari uchun “Tengdosh-tengdoshga” tamoyili asosida ilmiy-amaliy o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.
Ushbu loyihaning asosiy maqsadi — yosh kadrlarning o‘z tengdoshlari bilan ma’rifiy-profilaktik ishlarni tashkil etish ko‘nikmalarini mustahkamlash, ularning diniy va ijtimoiy-ma’naviy bilimlarini yanada boyitishdan iborat.
Bugun mazkur amaliyot dasturi doirasida ishtirokchilar poytaxtimizdagi muhim diniy-ma’rifiy muassasalarda bo‘lib, o‘z tajribalarini oshirdilar:
Xususan, dastlab O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Fatvo markazida bo‘lgan yosh mutaxassislar bugungi kundagi dolzarb masalalar yuzasidan fatvolar ishlab chiqish va ularga ilmiy yechim topish jarayonlari bilan bevosita yaqindan tanishdi.
Shuningdek, ishtirokchilar Toshkent islom institutiga tashrif buyurib, oliygohdagi yoshlar bilan ishlash tizimi, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligi hamda talabalarning dual ta’lim shaklidagi faoliyati haqida batafsil ma’lumot oldi.
Tashriflar davomida soha mutasaddilari tomonidan muassasalar faoliyati, ulardagi yangiliklar va zamonaviy ish uslublari haqida atroflicha tushuncha berildi.
Qizg‘in savol-javob va ochiq muloqot ruhida o‘tgan bugungi mashg‘ulotlar yosh kadrlar uchun haqiqiy tajriba maktabi vazifasini o‘tadi.
Mazkur amaliy o‘quvlar 11 noyabrga qadar davom etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati