Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Kitoblarda Fir’avnning ko‘milmagani, odamlarga ibrat bo‘lishi uchun yer yuzida qoldirilgani aytiladi. Agar u qabrga ko‘milmagan bo‘lsa, uning qabrdagi so‘roq-savoli va azoblanishi qanday bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Inson vafot etganidan keyin uning bu dunyo bilan aloqasi uzilib, “Barzax olami” deb ataladigan boshqa bir olamga ko‘chadi. Uni oddiy qilib qabr hayoti deb ataladi. Qabr deganda faqat yerdan qazilgan chuqurlik nazarda tutilmaydi, balki inson vafot etganidan keyin uning jasadi qayerda bo‘lsa, o‘sha joy uning qabri hisoblanadi. Shu bois, odatda barzax olamidagi azob “qabr azobi” deb hisoblanadi.
Mayyit dafn qilinmagani uchun yer yuzida qoldirilgan bo‘lsa ham uni dunyo olamida emas, balki barzax olamida deyiladi. Alloh taolo O‘zining cheksiz hikmati bilan barzax olamidagi haqiqatlarni odamlardan yashirib qo‘ygan. Shu sababli mayyitning boshidan o‘tayotgan yaxshi yoki yomon holatlarni bu dunyodagilar ko‘ra olmaydi.
Fir’avnning jasadi yoki uning tana a’zolari qayerda va qaysi holatda bo‘lmasin, unga qilgan jinoyatlari va amallariga yarasha barzax azobi beriladi.
Mashhur yurtdoshlarimizdan So‘fi Ollohyor hazratlarining “Sabotul ojizin” kitobida mazkur masala quyidagicha tushuntirilgan:
“Agar chandi ki go‘rsiz o‘lsa inson, So‘rolur, albatta, beshakku nuqson.
Agar daryoda o‘lsun yo osilsun, Azob etsa, bani odam na bilsun.
Daranda odam o‘g‘lin qilsa xo‘rok, gumon yo‘qdur, so‘rar qornida, ey pok.
Agar banda muazzab bo‘lsa anda, qolur tuymay bu ishni ul daranda.
Nechuk qilsa erur Qodiru Nosir, Bu yerda bandasining aqli qosir”.
Demak, inson vafot etgandan keyin u uchun barzax olami boshlanadi va qay holatda bo‘lishidan qat’iy nazar uning so‘roq-savoli hamda azob yoki rohati muqarrar sodir bo‘ladi. Musulmon inson mana shunday e’tiqodda bo‘lishi zarurdir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi
«Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» Xalqaro mediaforumining uchinchi yalpi sessiyasi 26 avgust kuni «Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmun-mohiyati» mavzusida bo‘lib o‘tmoqda. Sessiyada Qur’on merosi, qadimiy qo‘lyozmalar, xattotlik, hujjatli kino hamda tarixiy manbalarni o‘rganishda sun’iy intellektdan foydalanish masalalari o‘rin olgan, xabar bermoqda iccu.uz.
Asosiy loyihalardan biri — «114 Qur’on: islom olami xattotligining 114 durdonasi» bo‘ladi. Uni Mueller & Schindler nashriyot uyi vitse-prezidenti Aleksandr Vilgelm taqdim etdi. Shuningdek, sessiyada «Katta Langar Qur’oni: haqiqat va afsonalar» xalqaro loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Uni Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi Rustam Jabborov taqdim qildi.
Sankt-Peterburg hujjatli filmlar studiyasi bosh direktori Aleksey Telnov «Yagona tarixiy meros sahifalari» loyihasi doirasida yaratilgan «Masjid» filmining treylerini namoyish etdi. Islomshunos va madaniyat arbobi Ketlin Gyobel ishtirokchilarni «Allohning 99 ismi: Uning go‘zal ismlari orqali Yaratganni anglash» noshirlik loyihasi bilan tanishtirdi.
Alohida blok yangi texnologiyalarga bag‘ishlanadi. Sberbank Istiqbolli texnologiyalarni rivojlantirish boshqarmasi ijrochi direktori Vladimir Kox hamda Islom sivilizatsiyasi markazi professori, bosh ilmiy xodimi Zohidullo Munavvarov «Sun’iy intellekt — qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti» loyihasini taqdim etadi. Dasturdan, shuningdek, «Payg‘ambarning fazilatlari» kitobi va «O‘zbekiston tarix xaritasida: imperiyalar, sivilizatsiyalar, davrlar» loyihasi ham o‘rin olgan.
Xalqaro munozara «Jaholatdan ma’rifat sari: stereotiplar va islomofobiyani bartaraf etishda medianing o‘rni» mavzusida o‘tkaziladi. Unda Islom hamkorlik tashkiloti, shuningdek, Jazoir, Ummon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning davlat va xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etadi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Shuhrat Orif «Jurnalistikada tarix va sun’iy intellekt: merosni onlayn makonda qanday saqlash mumkin?» loyihasini, Islom sivilizatsiyasi markazi media bo‘limi rahbari O‘ktam Usmanov esa «O‘zbekistonni dunyoga mashhur qilgan olimlar» kitobini taqdim etadi. Sessiya «Dunyo Qur’oni: xattotlik an’analaridan — kelajak merosi sari» taqdimoti bilan yakunlanadi. Islom sivilizatsiyasi markazi huzuridagi Xattotlik maktabi direktori Habibullo Solih turli mamlakatlar va islom xattotlik maktablari an’analarini birlashtiruvchi noyob Qur’onni yaratish bo‘yicha xattotlar o‘rtasidagi Jahon tanlovini e’lon qiladi.
Forumning asosiy maydoni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ladi. Unda deyarli 50 mamlakatdan media va ekspertlar hamjamiyatining 300 nafar vakili — mediakompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati