Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Avgust, 2026   |   11 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:16
Quyosh
05:41
Peshin
12:25
Asr
17:11
Shom
19:13
Xufton
20:34
Bismillah
24 Avgust, 2026, 11 Rabi`ul avval, 1448

Kichkina demang...!

06.07.2026   24610   7 min.
Kichkina demang...!

Xalqimizda: “Kichgina demang bizni, ko‘tarib uramiz sizni”, degan naql bor. Juda chiroyli gap. Haqiqatda, kichik narsalarni mensimaslik keyinchalik salbiy oqibatlarga olib borishi tabiiy.

Ulamolar gunohlarning turi ko‘p bo‘lsada ularni ikkiga taqsim qilganlar. Kabira va sag‘ira ya’ni: katta – kichik. Biz ikkisi haqida ham so‘z yuritmoqchi emasmiz. Balki kichik gunohlarga oid, bilishimiz muhim bo‘lgan nuqtaga e’tibor qaratmoqchimiz, xalos.

Sag‘ira gunohlarni bir yoki ikki marta qilish bilan kabiraga aylanib qolmaydi. O‘sha sag‘irani bardavom qilish bilan unga kabira hukmi beriladi. Ulamolar esa, oltitita narsa sababli sag‘ira kabiraga aylanadi, deganlar:

1. Sag‘irani doimiy qilish bilan;
2. Uni beparvo qilish bilan;
3. Xursand bo‘lib qilish bilan;
4. Odamlarga faxrlanish bilan;
5. Oshkora qilish bilan;
6. Olim yoki muqtadolardan sodir bo‘lish bilan.

Mana shu olti sabab sag‘ira gunohni kabira gunohga aylantirar ekan. Demak, ulardan hamisha ehtiyot bo‘lishimiz lozim. Bu sabablarni yaxshi tushunib olishimiz uchun ularga biroz sharh berish maqsalga muvofiq ko‘rindi.

1.Sag‘ira gunohlarni doimiy qilish bilan kabiraga aylanadi.

Yuqorida aytib o‘tganimizdek, sag‘ira gunohlarni bir yoki ikki marta qilish bilan kabiraga aylanib qolmaydi. Gunoh kattami – kichikmi baribir, u gunoh. Oqil inson o‘zini doim gunohlardan ehtiyot qilib borishi lozimdir. “Amallarning Alloh taologa mahbubi oz bo‘lsa – da bardavom bo‘laganidir”, deyilgan hadisda. Shunday ekan, sag‘ira gunohlarni bardavom qilib, odatga aylantirib olishdan saqlanmoq lozim.

Banda qilgan gunohini kichik sanagani sari u Allohning nazdida kattalashib ketaveradi. Gunohni katta hisoblagani sari u kichayib boraveradi. Chunki gunohni katta sanash o‘sha xatoga qalb rozi bo‘lmasligidan kelib chiqadi. Ikki sahihda: “Mo‘min gunohini tog‘ni tepasida turgan, qulashidan qo‘rqadigandek biladi. Fojir esa, gunohlarini burni ustiga qo‘ngan pashshadek ko‘radi. Mana bunday qiladi. (Qo‘li bilan xaydaydi), dedilar.

Imom Buxoriyning sahihida: “Sizlar (ba’zi) ishlarni sochdan ham ingichka bilasiz. Biz esa, ularni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davrida halok qiluvchilardan hisoblar edik”, deyilgan.


Hadislarda: “(Gunohga) istig‘for aytish bilan kattaligicha, doimiy qilish bilan esa, kichikligicha turmaydi”, deyilgan.

Shariat tarozusida tortilayotgan gunoh kichik bo‘lgani bilan unga hayosizlik, Allohdan xavf qilmaslik qo‘shilsa vazni ortib kabira gunoh safiga o‘tib qoladi.

Ulamolarimiz: Bitta kabira gunohni kechirilishi doimiy qilinadigan sag‘irani kechirilishidan osonroq. Bunga bir misol: toshga birdaniga quyilgan suvning ta’siri bo‘lmaydi. Lekin doimiy oqizib qo‘yilgan tomchilar toshni teshib yuboradi”, deganlar.


2.Sag‘ira gunohni beparvo qilish bilan kabiraga aylanadi;

Avzo’iy rahmatullohi alayhdan rivoyat qilinadi:

“Bilol ibn Sa’dning: “Xatoning kichikligiga qarama. Balki kimga osiy bo‘layotganingga qara, deganini eshitdim”.

Tashla sag‘ira – yu kabirani ana shu taqvo,

Yurgin ehtiyot, ohista nishli yerlardan.

Haqir sanab, “sag‘ira”, deb qilma mosuvo,

Tog‘lar ham iboratdir mayda toshlardan!


3.Sag‘ira gunohni xursand bo‘lib qilish bilan kabiraga aylanadi.

Gunoh qilgan inson xatosiga afsus, nadomat qilishi lozim. Gunoh qilib xursand bo‘lish esa, o‘sha gunohga nisbatan beparvolik qilish, mensimaslik, demakdir. Hayotimizda bunga misollar juda ham ko‘p. Ko‘rdingmi, “palonchini qanday mot qildim – a?”, “xatolarini aytganimda rosa xijolat bo‘ldi – da!” kabi so‘zlarni aytib xursand bo‘lishga o‘xshash.


4.Sag‘ira gunohni odamlarga faxrlanib qilish bilan kabiraga aylanadi.

Faxrlanishning o‘zi gunoh. Lekin mana shu iftixor sag‘ira gunoh qilayotgan insondan sodir bo‘lsa uning kichik xatosi ham kabiraga aylanib qoladi.

Jurjoniy rahmatullohi alayh “Ta’rifot”ida: “Faxrlanish – odamlarga qilgan yaxshiliklarni sanashga intilish”, – deganlar. 


5.Sag‘ira gunohni oshkora qilish bilan kabiraga aylanadi.

Yomon sanalgan kashf (ochish) – u oshkoralik va istehzo ko‘rinishida bo‘lganidir. Savol va fatvo so‘rash ko‘rinishdagisi emas. Ramazonda ayoliga yaqinlik qilib Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga aytgan kishining savolini inkor qilmaganliklari dalil. Boyagi kishining qilgan ishi yomon, albatta. Lekin fatvo so‘rash uchun oshkora aytishga ruxsat beriladi. Shoyad javob olib tavba qilsa!?

Hadisi sharifda:“(Gunohni) oshkor qiluvchilardan boshqa ummatim ofiyatdadir”, deyilgan. (Abu Hurayra roziyallohu anhudan Buxoriy rivoyati)

“Fath al Boriy”da (10/486): “Oshkor qiluvchi – ma’siyatni ko‘rsatib, Alloh berkitgan narsani ochib, aytib yuradigan kishidir”.


Imomi Navaviy rahmatullohi alayh: Gunoh qilishga mubtalo bo‘lgan kishi uni boshqaga aytishi makruh bo‘ladi. Lekin undan tiyilimog‘i, nadomat qilmog‘i va qaytmaslikni qasd qilmog‘i lozim. Agar ustozi yoki shunga o‘xshash insonlarga undan qutilish yo‘lini o‘rgatish, yana takrorlab qo‘yishdan saqlanish, mubtalo qilgan sababni bildirish yoki haqqiga duo qilish va shu kabi boshqa narsalar maqsadida aytsa chiroylidir. (O‘rinli) maslaxat bo‘lmasa makruh bo‘ladi”.


6.Sag‘ira gunoh olim yoki muqtadolardan sodir bo‘lishi kabiraga aylanadi.

G‘azzoliy rahmatullohi alayh: “Olimning aslida kichik hisoblangan gunoh ila toyilishi kabira bo‘ladi”, deganlar.

Olimning zimmasida ikki vazifa bor. Biri gunohlarni tark qilish. Ikkinchisi gunoh qilib qo‘ysa yashirish. Unga yaxshilikda ergashilganda hasanotlari ziyoda bo‘lgandek, xatoda ham salmog‘i ziyoda bo‘ladi. Olimga libosi va nafaqasida mo‘tadil bo‘lmog‘i lozim. Odamlar unga qarab turgani bois ozrog‘iga moyil bo‘lsin!

Olim va muqtado kishilar hammaga o‘rnak bo‘lishlari lozim. Ulug‘ insonlardan sodir bo‘ladigan kichik gunohlar johil insonlarga hujjat bo‘ladi. Ko‘pincha bu ishni qilmang yomon bo‘ladi desak, darxol xo‘p deyish  o‘rniga “palonchi olim yoki pistonchi ulug‘ odam ham qiladi – ku!”, – deydi. Ularga aytamizki, odam bolasi xato – kamchilikdan xoli emas. Buni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham o‘z hadislarida aytib qo‘yganlar: “Odam bolasi borki xatokordir. Xato qiluvchilarning yaxshilari sertavbalaridir”. Shunchalar ergashgingiz kelsa ana Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga ergashing! Chunki Alloh taolo kalomida u zotda go‘zal o‘rnak borligini aytib qo‘ygan.

Usul kitoblarimizda: “Olimning bir harom ishni qilishi uni halolga aylantirib qo‘ymaydi”, deyilgan.

Ravshanbek O‘RINBOYEV

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Zeki Kaymaz: Kelgusi o‘n yil ichida O‘zbekistonni turkiy dunyoda yorqin yulduz sifatida ko‘raman

21.08.2026   46777   2 min.
Zeki Kaymaz: Kelgusi o‘n yil ichida O‘zbekistonni turkiy dunyoda yorqin yulduz sifatida ko‘raman

Turk tili instituti Ilmiy kengashi a’zosi, filolog olim, professor Zeki Kaymaz O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali yurtdoshlarimizga o‘zining samimiy tabrigi va ezgu tilaklarini yo‘lladi.

– Avvalo, O‘zbekiston xalqini istiqlolning 35 yilligi munosabati bilan chin ko‘ngildan tabriklayman. O‘ttiz besh yil oz vaqt emas. Men yuz yildan oshgan mustaqil Turkiya fuqarosi sifatida Sizlarga ham yana ko‘p asrlar mustaqillik shodiyonasini nishonlashingizni tilayman.

Tarixga nazar tashlasak, Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston bilan yaqin munosabatda bo‘lib kelganmiz. Ayniqsa, Turkiyadagi milliy ozodlik kurashi davrida bizga bu diyordan jo‘natilgan ko‘makni doimo katta minnatdorlik bilan yodga olamiz.

Qardosh o‘zbek xalqi biz uchun doimo yaqin birodar, qalin do‘st bo‘lib kelgan. O‘zbekistonning bugungi taraqqiyoti bizni juda mamnun qiladi. Ushbu zaminga har borganimda go‘zal va obod mamlakatni ko‘ramaz. Yurtingizda madaniyat va ma’rifat o‘choqlari bisyor. Albatta, bu tamaddun va sivilizatsiyaning ildizlari uzoq o‘tmishga borib taqaladi.

Markaziy Osiyodagi ilk o‘rta asrlardagi Birinchi renessans hamda Amir Temur asos solgan Ikkinchi renessans davrlarida bu zaminda buyuk sivilizatsiya shakllandi. Toshkentda bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi, Imom Moturidiy ziyoratgohi kabi madaniy-ma’naviy maskanlar islom olamida muhim ahamiyatga ega.

Geostrategik mavqei nuqtayi nazaridan, men kelgusi o‘n yil ichida O‘zbekistonni turkiy dunyo, xususan, Markaziy Osiyo davlatlari orasida yorqin yulduz sifatida ko‘raman.

Buning sabablari bor, albatta. Avvalo, mamlakatdagi kuchli iqtisodiyot. Qolaversa, chuqur ildizlarga ega bo‘lgan boy madaniyat va tarix. Turkiya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik va yaqin hamkorlik aloqalari ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Tilagim – do‘stlik rishtalarimiz yanada mustahkamlansin, davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari yuqori darajaga ko‘tarilsin.

Yana bir bor mustaqillik bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman va o‘zbek xalqiga samimiy salomlarimni yo‘llayman.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari