Savol: Qo‘shnimiznikida erkak kishi vafot etdi. Qo‘shni ayollar janoza o‘qilmasdan oldin ta’ziya bo‘lgan xonadonga chiqishlari to‘g‘rimi? Chunki ta’ziya bo‘lgan xonadonda darvoza oldida erkaklar tizilib o‘tirishadi. Ayollarni ularning oldidan o‘tishi juda noqulay. Ayollar janozadan keyin ta’ziya bildirishlari mumkinmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Musibat yetgan xonadon egalariga ta’ziya bildirish mustahab amal sanaladi.
Har bir narsaning o‘ziga xos tartibi bo‘lgani kabi ta’ziya bildirishning ham shariat belgilab bergan tartibi bor.
Xususan, ayollar qo‘shni xonadonda musibat bo‘lib qolganda ta’ziya bildirishlari, ularning dardlariga sherik bo‘lib, sabrga chaqirishlari, mayyitning haqiga istig‘for aytishlari yaxshi amal hisoblanadi. Chunki musibat vaqtida har bir yupatuvchi gap dalda beradi, musibatni aritishda yordam beradi. Lekin bu holatda ayollar erkaklar to‘plangan joyda ular bilan aralashib ketmasligi kerak. Yana bir e’tiborli jihat shuki, ayol o‘zi iddada bo‘lsa, ta’ziya bildirish uchun, garchi qo‘shnisinikiga bo‘lsa ham chiqmasligi zarur.
Bizda odatda mayyitga janoza o‘qilgandan keyin barcha erkaklar mayyitni dafn qilish uchun qabristonga ketadilar va xonadon ulardan forig‘ bo‘ladi. Shu paytda qo‘shni ayollar chiqib, musibatzada ayollarga hamdard bo‘lib, ta’ziya bildirsalar, shariat talabini bajargan hamda ta’ziya bildirishni tom ma’noda amalga oshirgan bo‘ladilar.
Demak, ayollarning bir-birlariga ta’ziya bildirishlari shariatda qo‘llab-quvvatlanadi. Faqat bunda nomahram erkaklar bilan aralashib ketmaslik, janozaga ergashib qabristonga bormaslik va agar iddada bo‘lsa, uydan chiqmaslik talab etiladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi
Samarqandning yuragi boʻlgan Registon maydoni hududidagi Shayboniyxon va uning sulolasi dafn etilgan maskan ziyoratgohga aylantiriladi.
Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarovning soʻzlariga koʻra,1960–1962-yillarda hozirgi Islom Karimov koʻchasini kengaytirish, obodonlashtirish ishlari jarayonida mazkur daxma shu hududda boʻlgan Shayboniyxon madrasasi hovlisidan Registon maydoniga – Tillakori va Sherdor madrasalari yoniga koʻchirilgan.
“Maʼlumki, mazkur hudud Amir Temur bobomiz davrida Samarqand shahrining eng muhim markazlaridan biri boʻlgan, bu hududda koʻplab madrasa va masjidlar bunyod etilgan. Jumladan, Amir Temur masjidi va uning roʻparasida Bibixonim madrasasi qad rostlagan. Keyinchalik Mirzo Ulugʻbek bobomiz tomonidan ulkan madrasa qurilgan. Balki Shayboniyxon ham ana shu ulugʻvor madrasa va masjidlarga havas qilib, ularning yonida madrasa qurgandir. Chunki, tarixiy manbalardan bilamizki, Muhammad Shayboniyxon ham ulugʻ hukmdor boʻlish bilan birga ilm-maʼrifat homiysi, ilmli inson va ijodkor sifatida Samarqandda ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgan, koʻplab masjid va madrasalar qurdirgan. Amir Temurdan keyin qudratli davlat tashkil etib, uning chegaralarini kengaytirgan, obod qilgan”, deydi Registon majmuasi rahbari.
Tarixiy manbalarda Shayboniyxon 1510-yilda Eron shohi Ismoil Safaviy bilan boʻlgan jangda halok boʻlgach, uning boshsiz tanasi Samarqandga keltirilib, Baland Sufaga dafn qilingani yozilgan.
Baland Sufa oʻz vaqtida Shayboniyxon madrasasida boʻlgan va keyinchalik (1960–1962-yillarda) oʻz holicha Registon hududiga koʻchirilgan daxmadir.
Xonqul Samarovning qoʻshimcha qilishicha, shu paytgacha Muhammad Shayboniyxon shaxsiga munosabat ortidan bu joyga ham yetarli darajada eʼtibor qaratilmagan.
Shuningdek, u oltmish yildan ortiq vaqtdan buyon ushbu hududda turgan bu ziyoratgoh haqida oddiy odamlar, hatto koʻpchilik tarixchilarda ham ma'lumot yo'qligini, bunga sabab esa hududda hech qanday koʻrgazmali vosita yoki yozuv mavjud emasligini taʼkidlaydi.
“Yillar davomida xalqimiz ongiga Bobur ijobiy, Shayboniyxon salbiy shaxs sifatida singdirildi. Aslida esa davlatchilik tariximiz, qolaversa, adabiyotimiz rivojida bu ikki buyuk bobomizning ham oʻz munosib oʻrni, hissasi bor. Zahiriddin Muhammad Boburning oʻzi ham “Boburnoma”da bu zotning nomi haqida toʻxtalib, “Shayboq”, yaʼni “kuch-qudratli” degan taʼrif bergan. Shayboniyxon va shayboniylar tomonidan Samarqandda, umuman, ushbu mintaqada katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgani haqida tarixiy manbalarda koʻplab maʼlumotlar uchraydi. Masalan, Shayboniyxon bir necha bosqichli oʻqitish tizimi joriy etib, barcha ilmlardan xabardor boʻlish uchun bola 26-yil taʼlim olishi kerak, deb hisoblagan. Ikki yillik maktab taʼlimidan soʻng har biri 8-yildan iborat uch bosqichli madrasa taʼlimini olish zarur boʻlgan”, deya maʼlumot beradi Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarov.
Maʼlumot uchun, Shayboniyxon kuchli sarkarda, hukmdor boʻlish bilan birga ijodkor sifatida nafis gʻazal va ruboiylar, dostonlar yozgan. Jumladan, “Bahr-ul xudo” nomli dostoni va oʻgʻli valiahd Temur sultonga atalgan pand-nasihatlardan iborat kitobi mavjudligi qayd etiladi.
Tarixiy manbalarda keltirilishicha, u bobosi Abulxayrxon vafotidan keyin parokanda boʻlib ketgan qabilalarni birlashtirib, koʻchmanchi oʻzbeklar davlatini qayta tiklagan. Movarounnahr, Xorazm va Xurosonni egallab, qudratli davlat barpo qilgan. Muhammad Shayboniyxon butun mintaqani yagona bir markaz – Samarqand qoʻl ostida birlashtirgan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati