Poytaxtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazida «Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li» mavzusidagi I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumining tantanali ochilish marosimi o‘z nihoyasiga yetdi.
Tadbirning rasmiy qismida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning anjuman qatnashchilariga yo‘llagan tarixiy murojaati Prezident maslahatchisi Xayriddin Sultonov tomonidan o‘qib eshittirildi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamenti boshlig‘i Muzaffar Kamilov, ICESCO Bosh direktori doktor Salim al-Malik, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Islom olami uyushmasi Bosh kotibi Muhammad al-Iso (videotabrik), Al-Azhar majmuasi rahbari maslahatchisi Shayx Muhammad Duvayniy, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Ollohshukur Poshozoda janoblari va boshqa martabali ulamolar so‘zga chiqib, Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholadilar.
Tantanali ochilish marosimi yakunlangach, xalqaro anjuman o‘z kun tartibidagi asosiy ilmiy va amaliy qismga o‘tdi. Forum rejasiga muvofiq, ayni damda Islom sivilizatsiyasi markazida belgilangan 11 ta yalpi majlisning dastlabki sho‘ba yig‘ilishlari hamda keng qamrovli media taqdimotlar boshlandi.
Ularda dunyoning 50 dan ortiq mamlakatidan kelgan 300 nafarga yaqin ulamolar, akademiklar va soha mutaxassislari boy ilmiy merosni asrab-avaylash, qo‘lyozmalarni raqamlashtirish hamda ma’rifiy islom g‘oyalarini keng yoyish masalalarini atroflicha muhokama qilmoqdalar.
Xalqaro forumning Toshkentdagi tadbirlari qizg‘in davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Malayziyaning “Berita RTM” telekanalida O‘zbekistonda ziyorat turizmi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan maxsus dastur namoyish etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida efirga uzatilgan ushbu ko‘rsatuvda malayziyalik professorlar – Badrul Isa va Norfadilah Kamaruddin tomonidan ishlab chiqilgan “O‘zbekiston–Malayziya: kreativ turizm” nomli loyiha taqdim etildi.
Olimlar tashabbusi bilan yaratilgan mazkur loyiha mamlakatimizning Malayziyadagi elchixonasi, Turizm qo‘mitasi va Islom sivilizatsiyasi markazi hamkorligida amalga oshirildi.
Tashabbus O‘zbekistonning turizm imkoniyatlari haqida “Visual storytelling” formatida professional raqamli kontent yaratishni nazarda tutadi.
Loyihaga ko‘ra, 17–31 avgust kunlari Malayziya UiTM texnologiya universitetining professional fotograflari va dizaynerlaridan iborat ijodiy jamoa Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xorazmda suratga olish ishlarini olib boradi.
Malayziyalik ijodkorlar yurtimiz haqida tayyorlagan foto va videomateriallar “Instagram”, “Facebook”, “TikTok”, “YouTube” kabi internet platformalarda joylashtirilishi rejalashtirilgan. Loyihada yurtimiz oliy o‘quv yurtlarining dizayn, san’at, turizm va mehmonxona biznesi yo‘nalishidagi talabalari ham ishtirok etadi. Bu akademik, turizm va ijodiy sohalarda tajriba almashishni tashkil etish imkonini beradi.
Dasturda fikr bildirgan Badrul Isa loyiha ASЕAN mamlakatlari va musulmon olamida O‘zbekistonni yanada kengroq tanitishga xizmat qilishini ta’kidladi. Uning fikricha, raqamli platformalar orqali mamlakatimiz tarixiy merosi, ziyorat turizmi va amalga oshirilayotgan so‘nggi o‘zgarishlari keng yoritiladi.
“Biz boy tarixiy meros, yuksak madaniyat va mehmondo‘st xalqqa ega bo‘lgan O‘zbekistonni ASЕAN mintaqasi aholisi tomonidan qayta kashf etilishini istaymiz”, – dedi professor.
Shuningdek, u O‘zbekiston xalqini mustaqillikning 35 yilligi bilan tabriklab, loyiha natijalari ushbu sanaga munosib sovg‘a bo‘lishini qayd etdi.
Ushbu tashabbus O‘zbekistonning ziyorat turizmini ommalashtirish va ASЕAN mamlakatlaridan ko‘proq sayyohlarni jalb qilishga xizmat qilishi kutilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati