Prezident Shavkat Mirziyoyevning Islom sivilizatsiyasi xalqaro I forumi ishtirokchilariga murojaatini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Xayriddin Sultonov o‘qib eshittirdi.
Murojaatda ta’kidlanganidek, bugungi murakkab vaziyatda azaldan bashariyatning tinch-totuv hayoti, hamjihatlik va ma’rifatga intilishi, tadrijiy rivojlanishi uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qilib kelgan ezgu tushunchalar, jumladan, islomiy qadriyatlar alohida ahamiyat kasb etadi. Bu qadriyatlar asrlar davomida ilmiy taraqqiyot, madaniy yuksalish va ma’naviy kamolotning qudratli manbai sifatida jahon tafakkuri rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan va umuminsoniy merosning ajralmas qismiga aylangan.
Shu ma’noda, 2017 yilda BMTning yuksak minbaridan O‘zbekiston ilgari surgan “Jaholatga qarshi ma’rifat” degan konseptual g‘oya oddiy, ammo o‘zgarmas bir haqiqatni tasdiqlaydi: bugungi notinch va tahlikali dunyoda faqat ilm-fan, ta’lim-tarbiya, madaniyat va yuksak axloqiy qadriyatlargina yer yuzida tinchlik, o‘zaro tushunish, ijtimoiy hamjihatlik va barqaror rivojlanish uchun ishonchli poydevor bo‘la oladi.
Darhaqiqat, muqaddas islom dinimiz insoniyatni tinchlikka, mehr va oqibat, bag‘rikenglik, ijtimoiy adolat, bunyodkorlik va taraqqiyotga, ezgu amallarga undashi bilan g‘oyat qadrlidir.
Islom sivilizatsiyasining boy ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish va uni jahon hamjamiyatiga keng tanitish maqsadida mamlakatimizda Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi kabi yirik ma’rifiy va ilmiy-ma’naviy maskanlar barpo etildi. Bugungi kunda mazkur majmualar nafaqat milliy ma’naviy hayotimizning muhim markazlari, balki xalqaro ilmiy hamkorlik, tadqiqot va ma’rifat almashinuvi uchun muhim platforma sifatida shakllanib bormoqda.



























“I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm–ma’rifat yo‘li”ning asosiy maqsadi – islom sivilizatsiyasining haqiqiy mazmun-mohiyatini ochib berish, uning ilm-fan, madaniyat va ma’naviy taraqqiyotga qo‘shgan ulkan hissasini namoyon etish, shuningdek, zamonaviy dunyoda tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat g‘oyalarini keng targ‘ib qilishdek maqsadlarga qaratilgani bilan diqqatga sazovordir.
Forum doirasida o‘ndan ortiq yalpi majlislar tashkil etilib, mavzuga doir dolzarb masalalar keng va atroflicha tahlil etilib, galdagi vazifalar belgilab olinmoqda.
Nazokat Usmonova,
Asliddin Alijonov (surat),O‘zA
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.
Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.
Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati