– O‘zbekistonda tashkil etilgan mazkur nufuzli forum menda juda iliq taassurot qoldirdi. Bu anjuman islom dinining asl mohiyati – ilm, ma’rifat, bag‘rikenglik va ezgulik g‘oyalarini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish uchun muhim muloqot maydoni ekanini yana bir bor namoyon etdi.
Ayniqsa, O‘zbekistonning buyuk muhaddislar va mutafakkirlar ilmiy merosini o‘rganish, uni zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida tadqiq etish hamda jahon jamoatchiligiga yetkazishga qaratayotgan e’tibori yuksak tahsinga loyiq. Bu sa’y-harakatlar diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash, radikalizm va mutaassiblikka qarshi ma’rifat bilan kurashishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Forum davomida bildirilgan fikrlar va ilgari surilgan tashabbuslar kelgusida Misr va O‘zbekiston o‘rtasidagi diniy-ma’rifiy hamda ilmiy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonaman. O‘zbekistonning mehmondo‘stligi, yuksak tashkiliy saviyasi va ilm ahliga bo‘lgan yuksak ehtiromi har qanday ishtirokchida unutilmas taassurot qoldiradi.
Ibrohim Najim,
Misr Arab Respublikasi Bosh muftiysining katta maslahatchisi, Jahon fatvo idoralari kengashining Bosh kotibi
24–29 avgust kunlari O‘zbekiston poytaxtida “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusida xalqaro mediaforum o‘tkaziladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Tadbirning asosiy qismi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkaziladi. Unda xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari, xalqaro ekspertlar va media sohasi mutaxassislari jam bo‘ladi.
Forum dasturidan tantanali ochilish marosimi, yalpi majlislar, mavzuga oid media-ko‘rgazmalar, matbuot anjumanlari va ikki tomonlama uchrashuvlar o‘rin olgan. Sho‘ba yig‘ilishlari doirasida hujjatli kino va tarixiy xotira, nashriyot loyihalari, zamonaviy texnologiyalar, shuningdek, media sohasidagi xalqaro loyihalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston talabalari uchun jahon media sanoatining yetakchi mutaxassislari ishtirokida mahorat darslari tashkil etiladi. Ishtirokchilar zamonaviy jurnalistika, media mahsulotlar yaratish va xalqaro axborot makonida samarali faoliyat yuritish borasida tajriba almashadi.
27 avgust kuni forum qatnashchilari uchun Samarqand shahriga sayohat uyushtiriladi. Dastur doirasida mehmonlar Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qiladi va shaharning tarixiy-madaniy merosi bilan tanishadi. Shuningdek, Toshkent shahrida xorijiy OAV vakillari uchun maxsus media-tur o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Forum 28 avgust kuni yakuniy yalpi majlis va tantanali yopilish marosimi bilan o‘z ishini yakunlaydi. Xorijlik mehmonlar, O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda ham ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati