Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ahli sunna val jamoa merosiga xizmat qilish, moturidiylik ilmiy maktabi boy merosini asrash va targ‘ib etishda ulkan va e’tirofga loyiq ishlarni amalga oshirmoqda. Ayniqsa, Imom Abu Mansur Moturidiy ana shu muborak zamin farzandi ekani bu markaz faoliyatiga alohida ma’no baxsh etadi.
Markaz muntazam ravishda noyob asarlarni nashr etish, ilmiy tadqiq qilish va ularni o‘zbek tiliga tarjima qilish borasida ham salmoqli ishlarni amalga oshirmoqda. Bu sa’y-harakatlarning barchasi tahsinga sazovor bo‘lib, Alloh taolo huzurida ham, inshaalloh, maqbul amallar qatoridan bo‘ladi.
Shayx Sayful Asri
Bulg‘or islom akademiyasi ustozi
Yangi o‘quv yili va mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Qashqadaryo viloyatida yana bir xayrli tashabbus amalga oshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligi va saxovatpesha yurtdoshlarimiz hamkorligida Qarshi shahridagi 100 nafar ehtiyojmand oila farzandiga yangi o‘quv qurollari to‘plamlari beg‘araz topshirildi.
Qo‘lida yangi portfel va kitob-daftar tutgan jajji o‘quvchilarning yuzidagi samimiy tabassum va quvonch bu ezgu ishning naqadar qadrli ekanini ko‘rsatdi. Zero, ilm istagan qalbga qanot bo‘lish — eng ulug‘ savoblardandir.
Tadbir yakunida xayriyada hissa qo‘shgan barcha saxovatpesha insonlar haqiga duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati