Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hadisni yodlab, boshqalarga yetkazgan kishilar haqida bunday deganlar:
نَضَّرَ اللَّهُ امْرَأً سَمِعَ مِنَّا شَيْئًا فَبَلَّغَهُ كَمَا سَمِعَهُ
"Bizdan bir so‘z eshitib, uni qanday eshitgan bo‘lsa, shunday yetkazgan kishining yuzini Alloh yorug‘ qilsin" (Imom Termiziy rivoyati).
Bu muborak duo asrlar davomida muhaddis ulamolarga kuch va g‘ayrat bag‘ishladi. Ular hadislarni to‘plash uchun cho‘l-sahrolarni kezdilar, uzoq mamlakatlarga safar qildilar, ochlik va qiyinchiliklarga sabr qildilar. Ba’zi muhaddislar atigi bir dona hadisni tekshirish uchun oylab yo‘l bosganlar.
Imom Sharafuddin Tiybiy rahmatullohi alayh mazkur hadisni sharhlar ekan, jumladan, bunday deydilar:
وَإِنَّمَا خَصَّ حَافِظَ سُنَّتِهِ وَمُبَلِّغَهَا بِهَذَا الدُّعَاءِ؛ لِأَنَّهُ سَعَى فِي نَضَارَةِ الْعِلْمِ وَتَجْدِيدِ السُّنَّةِ، فَجَازَاهُ فِي دُعَائِهِ لَهُ بِمَا يُنَاسِبُ حَالَهُ فِي الْمُعَامَلَةِ
“Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sunnatni ko‘z qorachig‘idek asrab, uni odamlarga yetkazgan zotlarni aynan mana shu duo (yuzning nurli va go‘zal bo‘lishi) bilan siylaganlari bejiz emas. Zero, muhaddislar ilmning tarovatini saqlash va sunnatni qayta jonlantirish yo‘lida butun borliqlari bilan harakat qildilar. Sarvari koinot ham ularning qilgan mana shu go‘zal amallari evaziga, yuzlariga ikki dunyo go‘zalligi va nurini tilab, duo qildilar” ("Sharhu Mishkotil masobih" kitobi).
Sufyon ibn Uyayna rohimahulloh ham mazkur hadisni sharhlab, aytadilar:
لَيْسَ مِنْ أَهْلِ الْحَدِيثِ أَحَدٌ إِلَّا وَفِي وَجْهِهِ نَضْرَةٌ لِهَذَا الْحَدِيثِ
“Muhaddislardan har bir kishining yuzida ushbu hadis(dagi duo) sababli nur va tarovat bo‘ladi”.
Imom Shofe’iy rahimahulloh muhaddislarning maqomi haqida aytganlar: "Har bir zamondagi muhaddislar o‘z zamonidagi sahobalarga o‘xshaydilar. Men biror muhaddis olimni ko‘rsam, go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan birini ko‘rgandek bo‘laman".
Sahobalar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan dinni qabul qilib, keyingi avlodga yetkazgan bo‘lsalar, muhaddislar ham shu omonatni asrab kelgan vorislardir.
Shuning uchun sunnatni o‘rganish, muhaddislarni hurmat qilish va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yo‘llariga ergashish har bir mo‘min uchun sharafli vazifadir.
Kuni kecha mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan muhtaram Prezidentimiz tomonidan yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan bir guruh vatandoshlarimiz taqdirlandi.
Eng quvonchlisi shuki, tadbirda diniy-ma’rifiy sohada fidokorona xizmat qilib kelayotgan, xalqimizning ma’naviy yuksalishiga beqiyos hissa qo‘shayotgan taniqli ulamolarimiz va faxriylarimizning zahmatli mehnatlari yuksak darajada e’tirof etildi!
Xususan, Diniy idora tizimida uzoq yillardan beri samarali xizmat qilib kelayotgan ustozlardan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Faxriylar kengashi raisi Shayx Abdulaziz Mansur, Samarqand viloyati Payariq tumani "Imom al-Buxoriy" jome masjidi faxriy imomi Mahmudjon domla Ibodullayev, Buxoro viloyati Kogon tumani "Bahouddin Naqshband" jome masjidi imom-xatibi Abdug‘ofur domla Razzoqov "Imom Buxoriy" ordenini Davlatimiz Rahbaridan qabul qilib olishdi.
Ustozlarning ilmiy-ma’rifiy faoliyati, xalq ichida ma’rifat ulashishdagi fidoyiliklari davlatimiz tomonidan yuksak qadrlangani butun diniy-ma’rifiy sohada mehnat qilayotganlar uchun katta faxr va sharafdir.
Ushbu voqea Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohaga, milliy qadriyatlarimizni avaylab-asrash hamda rivojlantirishga qaratilayotgan izchil va xayrli siyosatning amaliy ifodasidir.
Xalqimizda qadimdan ma’rifat ahlini ulug‘lash, ularning zahmatli mehnatini qadrlash ezgu an’ana sanaladi. Islom ta’limotida ham ilm egalariga alohida maqom va hurmat bilan qaraladi. Zero, Imom Termiziy bobomiz rivoyat qilgan hadisi sharifda: «Ulamolar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir», deyilgan.
Ulamolarga ko‘rsatilayotgan bunday e’tiborning nechog‘li xayrli ekani quyidagi hikmatda ham o‘z ifodasini topgan. Ulug‘ zotlardan biri Tovus rahmatullohi alayh otasidan quyidagicha rivoyat qilgan: «To‘rt kishini hurmat qilish sunnatdir: olim, yoshi ulug‘ inson, podshoh va ota» (Imom Abdurazzoq rivoyati).
Mazkur yuksak mukofot milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash, Islom ma’rifatini keng targ‘ib etish, jamiyatda bag‘rikenglik va tinchlik-omonlikni bardavom saqlash yo‘lidagi ko‘p yillik xayrli xizmatlarning munosib e’tirofidir.
Davlatimizning bunday e’tibori diniy soha xodimlariga yanada ulkan mas’uliyat yuklaydi, ma’naviy yuksalish yo‘lidagi xayrli xizmatlar ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qiladi, insha Alloh.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati