Savol: Mening otam otalik burchini bajarmagan, moddiy va ma’naviy ta’minlamaganlar, hozir kamdan kam ko‘rishib turamiz, lekin ular befarqlar. Bu dunyoda ularni roziligini olishim kerakmi? Noto‘g‘ri savol bergan bo‘lsam uzr
Javob: Bismillahir rohmanir rohiym. Shariatimizda otaning ham, farzandning ham o‘z huquq va majburiyatlari bor. Ammo otaning mas’uliyatsiz yoki zolim bo‘lishi farzand zimmasidan unga yaxshilik qilish, hurmat ko‘rsatish va silai rahm qilish majburiyatini aslo soqit qilmaydi. Qolaversa, hadislarda Allohning roziligi otaning roziligiga bog‘liq ekani aytilgan.
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Robbning roziligi otaning roziligida va Robbning g‘azabi otaning g‘azabidadir”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Shu sababli, otangizning o‘tmishdagi xatolari va hozirgi beparvoligiga qaramay, bu dunyoda uning roziligini olishga harakat qilishingiz, uchrashganda ochiq yuz va hurmat bilan kutib olib, hol-ahvol so‘rashingiz va undan aloqani butunlay uzib yubormasligingiz lozim. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi
Mustaqilligimizning 35 yillik ayyomi hamda yangi o‘quv yili munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan yurtimiz bo‘ylab keng ko‘lamli xayriya tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur xayrli tashabbus asosida Respublikamizda faoliyat yuritayotgan 2 161 ta masjid xodimlari ishtirokida 11 144 nafar kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga maktab formalari va o‘quv qurollari beg‘araz hadya qilindi.
Ushbu aksiya doirasida ajratilgan ko‘makning umumiy miqdori 4 milliard 929 million 995 ming so‘mni tashkil etdi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – yosh avlodning sifatli ta’lim olishiga ko‘maklashish, ularni yangi o‘quv yiliga munosib tayyorlash hamda qalblarida bayram quvonchi ulashishdir.
Istiqlol bayrami arafasida amalga oshirilayotgan bunday xayriya tadbirlari yurtimizda inson qadri, bolalar manfaatlari va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganining amaliy namunasi, deyish mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati