Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlari 7-11 iyul kunlari mezbonlik qilayotgan I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi doirasida Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan “Imom Moturidiy merosi: mo‘tadillik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat poydevori” mavzusidagi xalqaro konferensiyada Imom Moturidiy innovatsion muzeyi loyihasi va uning ilmiy konsepsiyasiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi, xabar bermoqda iccu.uz.
Taqdimotda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari haqida ma’lumot berildi. Qayd etilganidek, bugungi kunda Samarqand shahrida Imom Moturidiy majmuasi va unga tutash qadimiy Chokardiza qabristoni hududida yangi maqbara, zamonaviy masjid hamda ilmiy-ma’rifiy obyektlar barpo etilmoqda. Shuningdek, arxeologik tadqiqotlar natijasida islom huquqshunosligi tarixida o‘chmas iz qoldirgan buyuk alloma, «Hidoya» asari muallifi Burhoniddin Marg‘inoniy maqbarasi aniqlanib, u ham majmua tarkibida qayta tiklanmoqda.
Taqdimotda Imom Moturidiy majmuasining muhim tarkibiy qismi bo‘lgan Imom Moturidiy innovatsion muzeyi konsepsiyasi alohida tanishtirildi. Loyiha Turkiyaning Outdoor Factory kompaniyasi tomonidan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi taqdim etgan ilmiy manbalar asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, muzeyning ekspozitsiyalari zamonaviy dizayn, raqamli texnologiyalar va interaktiv yechimlar asosida shakllantirilmoqda.
Taqdimot davomida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi yetakchi ilmiy xodimi Ixtiyor Abdurahmonov muzeyning ilmiy konsepsiyasi va ekspozitsiya zallarining mazmuni haqida batafsil ma’lumot berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, muzeyda aqida va kalom ilmining shakllanish tarixi, Imom Moturidiyning hayoti va ilmiy merosi, moturidiylik ta’limotining Movarounnahrdan butun islom olamiga tarqalish jarayoni, Chokardiza qabristoni tarixi hamda bugungi kunda alloma merosini o‘rganish va targ‘ib qilishga qaratilgan sa’y-harakatlar zamonaviy multimedia texnologiyalari orqali yoritiladi.
– Muzeyning asosiy maqsadi Imom Moturidiyning boy ilmiy merosini zamonaviy texnologiyalar vositasida keng jamoatchilikka yetkazishdir. Barcha ekspozitsiyalar ishonchli tarixiy manbalarga tayanib yaratilmoqda. Interaktiv yechimlar orqali tashrif buyuruvchilar nafaqat eksponatlarni tomosha qiladi, balki allomaning hayoti, ilmiy maktabi va moturidiylik ta’limotining mazmun-mohiyatini chuqur anglash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu muzey kelgusida xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladigan yirik ilmiy-ma’rifiy va raqamli ziyorat markaziga aylanadi», — dedi Ixtiyor Abdurahmonov.
Taqdimotda muzeyning asosiy ekspozitsiya zallari ham namoyish etildi. Xususan, aqida va kalom ilmining shakllanishi, Imom Moturidiy yashagan davr ilmiy muhiti, moturidiylik ta’limotining dunyoga tarqalishi, Chokardiza qabristoni tarixi hamda arxeologik topilmalar zamonaviy muzey yechimlari orqali aks ettirilishi ta’kidlandi.
Forum ishtirokchilari taqdim etilgan loyihani yuksak baholab, uning Imom Moturidiyning boy ilmiy merosini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, yosh avlodni ma’rifat va bag‘rikenglik ruhida tarbiyalash hamda ziyorat turizmini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Iordaniyaning nufuzli “The Jordan Times” nashrida 24–29 avgust kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro media forumi haqida maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqolada yozilishicha, tadbirning asosiy qismi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi. Unda xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari, yetakchi ekspertlar va media sohasi mutaxassislari ishtirok etadi.
O‘zbekistonning Iordaniyadagi elchixonasining ma’lum qilishicha, ushbu forum dasturidan yalpi majlislar, media ko‘rgazmalar, matbuot brifinglari va ikki tomonlama uchrashuvlar o‘rin olgan. Uchrashuvlarda hujjatli kino va tarixiy xotira, nashriyot loyihalari va zamonaviy texnologiyalar, xalqaro media loyihalarni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Bundan tashqari, o‘zbekistonlik talabalar uchun jahon media sanoatining yetakchi vakillari ishtirokida mahorat darslari tashkil etiladi. Ishtirokchilar zamonaviy jurnalistika, media ishlab chiqarish va xalqaro axborot makonida samarali hamkorlik qilish bo‘yicha tajriba almashadi.
Nashrda qayd etilishicha, forum ishtirokchilari 27 avgust kuni Samarqandga sayohat qilishadi. Safar doirasida mehmonlar Imom al-Buxoriy majmuasiga tashrif buyurib, shaharning boy tarixiy-madaniy merosi bilan tanishadi. Shuningdek, Toshkentda xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillari uchun maxsus mediatur o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Forum 28 avgust kuni yakuniy yalpi majlis va rasmiy yopilish marosimi bilan yakunlanadi. Mehmonlar O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ham ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati