Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Avgust, 2026   |   7 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:10
Quyosh
05:37
Peshin
12:26
Asr
17:15
Shom
19:19
Xufton
20:41
Bismillah
20 Avgust, 2026, 7 Rabi`ul avval, 1448
Yangiliklar

"Ko‘kaldosh" bilim yurti ustozlari Turkiyada malaka oshirmoqda

10.07.2026   42706   1 min.

Turkiyaning nufuzli Qorabuk (Karabük) universitetida ilmiy-amaliy malaka oshirish kurslarida ishtirok etayotgan «Ko‘kaldosh» o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrislari uchun belgilangan dastur asosida seminar va uchrashuvlar tizimli davom etmoqda.


Dastlab yurtimiz vakillari universitet tarixi, ta’lim tizimi va ilmiy faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. So‘ng universitet Ilohiyot fakulteti dekani, doktor Abdujabbor Kavak ishtirokida ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi. Unda ta’lim dargohining ilmiy salohiyati va xalqaro hamkorlik yo‘nalishlari haqida atroflicha ma’lumot berildi.


Yurtimizdagi diniy ta’lim islohotlari taqdimot qilindi


Dastur doirasida O‘zbekistondagi diniy ta’lim tizimidagi ijobiy o‘zgarishlar «Ko‘kaldosh» bilim yurti misolida xorijlik hamkorlarga taqdim etildi:

  • Ahror domla Abdullayev (bilim yurti mudarrisi) arab tilida ma’ruza qilib, yurtimizdagi diniy-ma’rifiy sohada amaliyotga tadbiq etilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini ochib berdi;

  • Aliakbar domla Abdullayev esa o‘quv jarayonlarini tashkil etish, ta’lim sifatini nazorat qilish va ilmiy-amaliy faoliyatni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha mazmunli taqdimot o‘tkazdi.

Tajriba almashinuv: Hafta davomida Qorabuk universiteti professor-o‘qituvchilari bilan zamonaviy pedagogik yondashuvlarni joriy etish yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, vakillarimiz Turkiyadagi mashhur «Imom-xatib» litseylari faoliyati va ularning ilg‘or tajribalarini joylarga chiqqan holda o‘rgandilar.

Safar yakunida universitet rahbariyati bilan rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqotda ikki ta’lim muassasasi o‘rtasida o‘zaro tajriba almashishni bardavom qilish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish va istiqboldagi hamkorlik rejalari kelishib olindi.

"Ko‘kaldosh" o‘rta maxsus islom bilim yurti
Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Mustaqillik shukuhi — ezgulik va saxovat timsoli

14.08.2026   27966   1 min.
Mustaqillik shukuhi — ezgulik va saxovat timsoli

Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan yurtimizda tinchlik, mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik kabi yuksak qadriyatlarni keng targ‘ib etishga qaratilgan xayrli tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan,13 avgust kuni Xorazm viloyati bosh imom-xatibi Xayrulla domla Abdullayev boshchiligida tuman bosh imom-xatiblari, otinoyilar, «Haj–2026» ziyoratidan qaytgan hoji otalar va hoji onalar hamda mahalla faollari ishtirokida Urganch shahridagi «Oxun bobo» jome masjidida sayyor yig‘ilish o‘tkazildi. Tadbirda Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari R.Sobitov ishtirok etdi. Tadbir doirasida    «Mustaqillik shukuhi» shiori ostida Urganch shahridagi boquvchisini yo‘qotgan, yetim, nochor va kam ta’minlangan oilalardan 100 nafariga VAQF jamoat fondi viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Bu xayrli amal orqali ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinib, ularga moddiy ko‘mak va samimiy mehr-e’tibor ulashildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xorazm viloyati vakilligi matbuot xizmati