2023 yilning 5 mart kuni Londondagi “Viktoriya” va “Albert” muzeyida Ramazon oyiga tayyorgarlik munosabati bilan anjuman o'tkaziladi.
"Event Brite"matbuot xizmati xabariga ko'ra, ushbu tadbir “Hush kelibsiz Ramazon konferentsiyasi” nomida bo'lib o'tadi.
Tashkilotchilar fikricha, ushbu tadbir Britaniya musulmon jamoasining Ramazonga tayyorlarlik ko'rish maqsadida o'tkazilmoqda. Bu esa “Ramazon chodiri” loyihasining bir qismidir.
Londonda ilk bor “Ramazon chodiri” loyihasi 2011 yilda London Sharq va Afrika tadqiqotlari maktabi (SOAS) bir guruh talabalari tomonidan tashkil etilgan edi. Unda talabalar universitet bog'ida kichik chodir o'rnatib, yo'lovchilarni o'zlariga qo'shilishga taklif qilishgan va bu xalqaro e'tirofga sazovor bo'lgan edi.
Anjuman tashkilotchilarining xabarida bunday deyiladi: “Biz olimlar, faollar, fuqarolik jamiyati va xayriya tashkilotlari keng jamoatchilikni Ramazon oyining musulmonlar uchun ahamiyatli ekaniga bag'ishlangan bir qator mehr-muhabbat ulashadigan tadbirlarda ko'rishdan mamnunmiz”.
Mazkur loyiha doirasida London, Manchester, Plimut, Ndola, Toronto, Portlend va Istanbul shaharlarida turli tadbirlar bo'lib o'tadi. Kelgusida bu loyiha kengaytirilib notijorat tashkilotga aylanishi ko'zda tutilgan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston bank-moliya sohasi vakillari Malayziyaning Islom moliyasi bo‘yicha shariat maslahatchilari assotsiatsiyasi (ASAS) tomonidan tashkil etilgan “Islomiy bank darchasi” mavzusidagi o‘quv-amaliy dasturida ishtirok etib, sohadagi ilg‘or tajribalarni o‘rgandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Dasturning ilk bitiruvchilariga xalqaro sertifikatlarni topshirish marosimida so‘zga chiqqan O‘zbekistonning Malayziyadagi elchisi Karomiddin Gadoyev davlat rahbari tashabbusi asosida mamlakatimizda islom moliyasini joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, elchi joriy yilda sohani tartibga soluvchi maxsus qonun qabul qilingani islom moliyasini rivojlantirishda muhim bosqich bo‘lganini qayd etdi.
Tadbirda O‘zbekiston uchun Malayziya tajribasining uchta ustuvor yo‘nalishi alohida ta’kidlandi. Birinchidan, bu – qo‘shaloq bank tizimi bo‘lib, unda an’anaviy va islomiy banklar yagona regulyator nazorati ostida parallel faoliyat yuritadi.
Ikkinchidan, markazlashgan shariat nazorati tizimi orqali banklar tomonidan o‘zaro zid fatvolar qabul qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Uchinchidan, “Islomiy darcha” modeli tijorat banklarida yangi infratuzilmani tez va samarali shakllantirish imkonini beradi.
Malayziyaning yirik islomiy banklaridan biri – “Maybank Islamic Berhad” bosh direktori o‘rinbosari Mohd Ramazon Fitri O‘zbekistonda islom bank ishi va moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdi.
U O‘zbekiston bank tizimi vakillariga islomiy darchalarni tashkil etish, zarur moliyaviy infratuzilmani shakllantirish hamda audit jarayonlarini yo‘lga qo‘yishda amaliy va texnik yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.
O‘z navbatida, ASAS bosh ijrochi direktori Moxtar Abdulla mazkur o‘quv dasturi davomida o‘zbekistonlik mutaxassislar islom moliyasi instrumentlari, shariat boshqaruvi va islomiy darchalar faoliyatini tashkil etish bo‘yicha zarur bilim va ko‘nikmalarni chuqur o‘zlashtirganini ta’kidladi.
Tadbir yakunida bunday o‘quv dasturlari O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi moliyaviy-investitsiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirishga, shuningdek, mamlakatimizda shariat tamoyillariga asoslangan zamonaviy bank xizmatlarini samarali joriy etish uchun mustahkam asos yaratishga xizmat qilishi qayd etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati