Din va jamiyat
Islom dini kishini haddan oshish, zo‘ravonlik va adovatdan qaytaradi. Har bir ishda o‘rta yo‘lni tutish, aql bilan ish ko‘rish, adolat va insofni saqlash asosiy mezonlardan ekani ta’kidlanadi.
Afsuski, bugungi kunda ayrim kimsalar dinimizga xos muqaddas tushunchalarni noto‘g‘ri talqin qilib, o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanmoqda. Ular dinning asl mohiyati bo‘lgan tinchlik, o‘zaro mehr-muruvvat va ezgulik g‘oyalarini buzib, odamlar qalbiga mutaassiblik urug‘ini sochishga harakat qilmoqda. Bunday kimsalar xorijda turib ijtimoiy tarmoqlar orqali aqidaviy, fiqhiy, mahzab masalalarida xalqimizni chalg‘itishga urinib, mutaassiblik va boshqa yot g‘oyalarni targ‘ib qilib, ommani shubhalar girdobiga tortishga urinmoqda.
Haqiqiy dindorlik odamlardan uzilish, hayotdan chetlashish yoki boshqalarga nisbatan qattiqqo‘llik qilish emas. Balki halol mehnat qilish, ota-onaga hurmat ko‘rsatish, oilaga mas’uliyat bilan qarash, jamiyatga foyda keltirish va ibodatni ixlos bilan ado etishda namoyon bo‘ladi. Mutaassiblik esa shu muvozanatni buzadi. Bunday kishi o‘z fikrini yagona haqiqat deb biladi, boshqa qarashlarni eshitishni istamaydi. Faqat o‘z fikrini o‘tkazishga urinadi. U ko‘p hollarda dinning asl mohiyatini emas, balki o‘zining tor va biryoqlama tushunchasini himoya qiladi. Shu sababli mutaassiblik jamiyatda murosasizlik, adovat va bo‘linishlarga sabab bo‘ladi.
Aslida, chin musulmon o‘z e’tiqodida mustahkam bo‘lishi bilan birga, boshqalarga nisbatan ham odob, hurmat va insof bilan munosabatda bo‘lishi kerak. Din nomidan qo‘pollik qilish, odamlarni kamsitish, jamiyat tinchligiga raxna solish yoki zo‘ravonlikni oqlash qoralangan.
Payg‘ambarimiz alayhissalom har bir ishda – xoh u dunyoviy bo‘lsin, xoh oxirat amali bo‘lsin – o‘rtacha bo‘lishga chaqirib: “Ishlarning eng yaxshisi o‘rtachasidir”, deganlar (Imom Bayhaqiy rivoyati). Bu esa Islomda inson hayoti bir tomonga og‘ishgan emas, balki muvozanatli bo‘lishi kerakligini ko‘rsatadi.
Bu haqda Qur’oni karimda: “...Rohiblikni esa ular o‘zlari chiqarib oldilar. Biz ularga uni (rohiblikni) yozganimiz yo‘q, lekin ular o‘zlari Allohning rizoligini istab (rohiblik) qildilar-u, so‘ngra unga to‘la rioya qila olmadilar. Bas, ulardan iymon keltirganlariga mukofotlarni ato etdik. (Ammo) ularning orasida aksariyati fosiq (kofir)dirlar” (Hadid surasi, 27-oyat), deyilgan. Demak, kishi o‘z tabiatiga og‘irlik qiladigan darajada hayotdan uzilib, toat-ibodatga berilib ketmasligi kerak.
Yana bir oyatda: “Alloh senga ato etgan narsa bilan oxiratni istagin va dunyodan bo‘lgan nasibangni ham unutmagin” (Qasas surasi, 77-oyat). Musulmon kishi dunyoni deb oxiratni unutishi, oxiratni bahona qilib, zimmasidagi bu dunyo ishlarini tashlab qo‘yishi joiz emas.
Mutaassiblik ilmsizlik sababli kelib chiqadi. Ilmli kishi hech qachon o‘zgalar bilan tortishmaydi va har ishda o‘zinikini ma’qullayvermaydi. Aksincha, haq gap aytilganida tan oladi. Shuning uchun farzandlarimizga yoshligidanoq diniy bilimlarni chuqur o‘rgatib, turli fitnalardan ogoh etib borishimiz zarur. Zero, haqiqiy ilm egalarini hech qanday buzg‘unchi g‘oyalar chalg‘ita olmaydi.
G‘afurjon ESHONQULOV,
Urgut tumanidagi “Chubin” masjidi imom noibi
H. Sadriddinov uyushtirdi.
"Hidoyat" jurnalini 7-sonidan
Bugun, 2 sentyabr kuni Buxoro shahridagi Mir Arab o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida yangi o‘quv yiliga puxta tayyorgarlik ko‘rish, oldinda turgan ustuvor vazifalarni belgilash hamda ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqishga bag‘ishlangan kengaytirilgan mudarrislar kengashi bo‘lib o‘tdi.
An’anaga ko‘ra, tadbir Qur’oni karim tilovati bilan boshlandi. Tinchlik-osoyishtalik, ilm dargohi faoliyati rivoji hamda talabalarning ilm yo‘lidagi sa’y-harakatlariga muvaffaqiyat va baraka tilab xayrli duolar qilindi.
Shundan so‘ng ta’lim muassasasi direktori Jaloliddin domla Saburov, o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Narzillo domla Ahmedov hamda ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Asadulloh domla Najmiddinovlar kun tartibidagi asosiy masalalar yuzasidan ma’ruza qildilar.
Kengash davomida yangi o‘quv yilida amalga oshiriladigan tashkiliy va o‘quv-uslubiy ishlar atroflicha muhokama qilindi. Jumladan:
Ta’lim sifatini oshirish: Dars mashg‘ulotlarini yuqori ilmiy saviyada, zamonaviy pedagogik texnologiyalar va interfaol usullar asosida tashkil etish;
Ma’naviy-ma’rifiy tarbiya: Talaba-yoshlarni asriy milliy va diniy qadriyatlarimizga sadoqat ruhida kamol toptirish, ularda kitobxonlik va ilmga bo‘lgan rag‘batni yanada kuchaytirish;
Ijro intizomi va mas’uliyat: Ustoz-mudarrislarning yillik rejalari, yangi o‘quv dasturlari talablari va belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash.
Yig‘ilish yakunida yangi o‘quv yilida mas’uliyat va fidoyilik bilan mehnat qilish lozimligi qayd etilib, ustoz-murabbiylarning mashaqqatli va sharafli faoliyatiga ulkan zafarlar tilandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati