Islom dini inson hayotining barcha jabhalarini qamrab olgan va uning turmush tarzini tartibga soluvchi hayot tarzi sifatida tushuniladi. Islom halol va harom tushunchalarini aniq belgilab, insonlarga faqatgina halol narsalardan foydalanishni tavsiya qiladi. Halollik nafaqat moddiy jihatdan, balki ma’naviy va ruhiy poklik uchun ham muhimdir.
Qur’oni karimda halol rizq haqida
Alloh taolo insonlarga halol va pokiza rizqlarni tanlashni buyuradi. Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi:
“Ey odamlar, yerdagi halol-pok narsalardan tanovul qilingiz va shaytonning izlaridan ergashmangiz! Albatta, u sizlarga aniq dushmandir” (Baqara surasi, 168-oyat).
Bu oyatdan anglashiladiki, inson halol va pokiza rizq iste’mol qilishi kerak. Harom narsalar nafaqat jismoniy, balki ruhiy zarar ham yetkazadi.
Halol kasb
Islom halol mehnat qilish va halol kasb topishga katta ahamiyat beradi. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
Miqdom ibn Ma’dikarib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Hech kim qo‘l mehnati bilan topib yeganidan yaxshi taom yegan emas. Allohning nabiysi Dovud alayhissalom qo‘l mehnati bilan kun ko‘rar edi”, – dedilar”.
(Imom Buxoriy “Sahih”da rivoyat qilgan).
Halol kasb insonga nafaqat moliyaviy barqarorlik, balki ruhiy xotirjamlik ham olib keladi. Halol mehnat qilib topilgan rizqda baraka bo‘ladi va oila ham tinch-osoyishta hayot kechiradi.
Halol nikoh
Nikoh insoniyatning ma’naviy va jismoniy pokligi uchun muhim vositadir. Qur’oni karimda shunday buyurilgan:
“ ….Sizlar uchun (nikohi) halol bo‘lgan ayollarga, ikkita, uchta, to‘rttadan uylanaveringiz….” (Niso surasi, 3-oyat).
Halol nikoh oilaviy tinchlik va muhabbat manbai bo‘lib, kelajak avlodning sof va tarbiyali bo‘lishiga xizmat qiladi. Rosululloh (sollallohu alayhi vasallam) shunday deganlar:
“Nikoh mening sunnatimdir, kimki sunnatimdan yuz o‘girsa, u bizdan emas” (Imom Buxoriy rivoyati).
Shuning uchun ham Islom halol nikohni qo‘llab-quvvatlaydi va uni muqaddas deb biladi.
Halol taom
Halol taom insonning sog‘lig‘i va ruhiy holatiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar:
“Halol va pokiza taom yenglar, shunda duolaringiz qabul bo‘ladi.” (Imom Muslim rivoyati)
Halol taom insonga kuch-quvvat beradi, sog‘lom hayot kechirishga yordam beradi va ibodatlari qabul bo‘lishi uchun zamin hozirlaydi.
Halol savdo va tadbirkorlik
Islom halol savdoni rag‘batlantiradi va adolatli tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlaydi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
“Rostgo‘y va ishonchli savdogar payg‘ambarlar, siddiqlar va shahidlar bilan birga bo‘ladi.” (Imom Termiziy rivoyati)
Halol savdo bilan shug‘ullangan inson jamiyat uchun manfaatli bo‘lib, uning boyligida baraka bo‘ladi. Shuningdek, u o‘z mijozlari va hamkorlari oldida ishonchli bo‘lishi kerak.
Halol turmush tarzi
Halollik faqat oziq-ovqat va moliyaviy ishlar bilan cheklanib qolmaydi. Insonning hayot tarzi ham halollikka asoslangan bo‘lishi lozim. Bu degani, inson halol muloqot qilishi, halol ishlar bilan shug‘ullanishi va adolatli yo‘l tutishi kerak. Bu xususda Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi:
“ U (payg‘ambar) ularni yaxshilikka buyuradi, yomonlikdan qaytaradi va pok narsalarni halol qilib, nopok narsalarni ularga harom qiladi…..” (A’rof surasi, 157-oyat)
Xulosa
Islom dini halollikka katta ahamiyat beradi. Halol rizq, halol mehnat, halol nikoh va halol taom insonning jismoniy sog‘lig‘i, ruhiy pokligi va ma’naviy kamolotini ta’minlaydi. Shuning uchun ham har bir musulmon halollikka rioya qilishi, halol yegulik yeyishi va halol mehnat qilishi lozim. Chunki halol narsalar inson hayotida baraka, tinchlik va farovonlik keltiradi.
Alloh taolo barchamizni halol va pokiza hayot kechirishga muvaffaq qilsin! Omin.
Islomda harom narsalar va ularning zararli jihatlari
Islom dini inson hayotining har bir sohasiga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, unga halol va harom tushunchalarini aniq belgilab bergan. Harom narsalardan saqlanish musulmon kishining burchi bo‘lib, bu insonning jismoniy va ma’naviy sog‘lomligi uchun muhim ahamiyatga ega. Qur’on va hadislarda harom qilingan narsalar va ularning zararlari haqida ko‘plab ta’kidlar keltirilgan.
1. Harom oziq-ovqat va ichimliklar
Islom dini muayyan taom va ichimliklarni harom deb belgilagan. Qur’oni Karimda shunday marhamat qilinadi:
“U sizlarga o‘limtik, qon, cho‘chqa go‘shti va Allohdan o‘zgaga atab so‘yilgan narsalarni (iste’mol qilishni qat’iy) harom qildi….” (Baqara surasi, 173-oyat)
Harom taom va ichimliklarning zararlari:
Sog‘liq uchun zararli: Harom qiling an go‘shtlar va ichimliklar inson organizmiga zarar yetkazadi.
Ruhiy va ma’naviy poklikni yo‘qotish: Harom taom iste’mol qilish insonning ibodati va duolarining qabul bo‘lishiga ta’sir qiladi.
Jamiyatga salbiy ta’sir: Spirtli ichimliklar va harom mahsulotlar jamiyatda buzg‘unchilikka olib keladi.
Rosululloh sollallohu alayhi va sallam aytganlar: “Albatta, Alloh halol va haromni aniq bayon qildi. Kim shubhali narsalardan saqlansa, din va nomusini saqlagan bo‘ladi.” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati)
2. Spirtli ichimliklar va giyohvand moddalar
Islom spirtli ichimliklar va giyohvand moddalarni qat’iy harom qilgan. Qur’onda shunday buyurilgan:
” Ey imon keltirganlar! Albatta, may (mast qiluvchi ichimliklar), qimor, but-sanamlar va (fol ochadigan) cho‘plar shaytonning ishidan iborat ifloslikdirki, undan chetlaningiz! Shoyad (shunda) najot topsangiz.” (Moida surasi, 90-oyat)
Zararli jihatlari:
Aql va ongni zaiflashtirish: Spirtli ichimlik va giyohvand moddalar insonning fikrlash qobiliyatini yo‘qotadi.
Ijtimoiy muammolar: Ichkilikbozlik va giyohvandlik oilaviy va jamiyatda muammolarni keltirib chiqaradi.
Jinoyat va buzg‘unchilik: Spirtli ichimliklar va giyohvand moddalar jinoyatlar va jamiyatda tartibsizliklarni ko‘paytirishga sabab bo‘ladi.
3. Qimor va nohaq yo‘l bilan boylik orttirish
Qur’oni Karimda qimor va noxaq yo‘l bilan boylik orttirish qattiq qoralanadi:
” Shayton may bilan qimor (yordami)da o‘rtalaringizga adovat va nafrat solishni va sizlarni Allohning zikri hamda namozdan qaytarishni xohlaydi. Bas, endi, sizlar (may ichishdan) tiyiluvchimisiz??!” (Moida surasi, 91-oyat)
Qimorning zararli jihatlari:
Iqtisodiy muammolar: Qimor o‘ynagan odamlar o‘z mol-mulkini yo‘qotib, qashshoqlikka tushishadi.
Oilaviy nizolar: Qimorbozlik oila buzilishi va janjallarga sabab bo‘ladi.
Jamiyatda buzg‘unchilik: Qimor jamiyatda korrupsiya va aldovga yo‘l ochadi.
Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar: “Kim qimor o‘ynasa, u xuddi to‘ng‘iz go‘shti yegan odamga o‘xshaydi.” (Imom Muslim rivoyati)
4. Zino va fahsh ishlar
Islom zino va fahsh ishlardan qattiq qaytargan. Qur’oni Karimda shunday deyilgan:
“. Zinoga yaqinlashmangiz! Chunki u fahsh va yomon yo‘ldir..” (Isro surasi, 32-oyat)
Zinoning zararli jihatlari:
Oila buzilishi: Zino oilalarning parokandaligiga olib keladi.
Jamiyatda tartibsizlik: Fahsh ishlar jamiyatda axloqiy tushkunlikka olib keladi.
Ruhiy zararlar: Zino insonning ruhiy xotirjamligini yo‘qotadi va uni gunohga botiradi.
Rosululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytganlar: “Zino qilgan inson iymonli holda zino qilmaydi.” (Imom Buxoriy rivoyati)
5. Noxaq so‘z va tuhmat
Islom yolg‘on gapirish, g‘iybat qilish va tuhmat qilishni harom deb belgilagan. Qur’oni Karimda shunday marhamat qilinadi:
” Ey mo‘minlar! Ko‘p gumon(lar)dan chetlaningiz! Chunki ba’zi gumon(lar) gunohdir. (O‘zgalar aybini qidirib) josuslik qilmangiz va biringiz biringizni g‘iybat qilmasin!…” (Hujurot surasi, 12-oyat)
Yolg‘on va g‘iybatning zararlari:
Ishonchsizlik: Yolg‘on gapirish odamlar o‘rtasida ishonchsizlikka olib keladi.
Odamlar o‘rtasida nizo: G‘iybat va tuhmat jamiyatda fitna va nizolarni keltirib chiqaradi.
Xulosa
Islomda harom qilingan narsalar inson va jamiyat uchun zararli ekani aniq ko‘rsatilgan. Harom taomlar, spirtli ichimliklar, qimor, zino va yolg‘on so‘zlar inson hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Musulmon kishi bu kabi ishlardan uzoq bo‘lishi, halol yo‘l bilan hayot kechirishi lozim.
Alloh taolo barchamizni harom ishlardan saqlasin va pokiza hayot kechirishga muvaffaq qilsin! Omin.
Ilyosxon Ahmedov tayyorladi
“Hidoyat” jurnalining 2025 yil 6-sonidan
Ayrim ilmsiz yoshlar eng nozik va qaltis masalalarni ko‘tarib, musulmonlar birligiga raxna solish bilan shug‘ullanmoqda. Dinda g‘uluvga ketib, g‘ayridinlar haqidagi oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilgan holda ularni musulmonlarni kofirga chiqarishga qurol qilmoqdalar. Bu juda ham xatarli va qaltis yo‘l. Bu yo‘lda ko‘pchilik toyilib, adashib ketgan. Shunday pallada yoshlarni xatarlardan ogoh etish har bir ziyoli, ma’rifatparvar insonning birlamchi vazifalari sirasiga kiradi.
“Takfir” tushunchasi “birovni kofirga chiqarish”, “kofir deb hisoblash” ma’nolarini anglatadi. Shariatimizda musulmon kishini aniq hujjat bo‘lmasdan “kofir” deb hukm qilish o‘ta xatarli bo‘lib, aslo mumkin emas.
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan:
﴿ولا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلامَ لَسْتَ مُؤْمِناً﴾
“...Sizga salom bergan kimsaga mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).
Demak, Alloh taolo bu oyati karimada shoshmashosharlik bilan birovning mo‘min emasligi haqida hukm chiqarishdan qaytarmoqda.
Shariatda musulmon insonni uning musulmon ekaniga qarshi dalil topilmagunicha musulmon deb hukm qilinadi. Mo‘min kishi iymon asoslarini ochiq inkor etishi yoki kufr kalimasini bilib turib, o‘zi xohlab talaffuz qilishi, Islomdagi qat’iy farz qilingan amallardan birini inkor qilishi yoki din shiorlaridan birini masxara qilishi bilan dindan chiqadi. Shunda ham darhol uning kofirligiga hukm chiqarilmaydi. Balki bu shar’iy masala bo‘lib, muftiy va qozilarning ishidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Laa ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan, Rasuli akram alayhissalom bunday dedilar:
ثَلاَثَةٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ: الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الإِسْلاَمِ بِعَمَلٍ.
«Uch narsa iymonning aslidandir. “Laa ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya’ni haqiqiy mo‘min boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, qilgan amali sababli unga “mo‘min emas” degan so‘zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.
Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
وَمَنْ قَذَفَ مُؤْمِناً بِكُفْرٍ فَهُوَ كَقَتْلِهِ.
“Kim mo‘min kishini kofirga chiqarsa, uni o‘ldirgandek (gunohkor) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ushbu hadisga sharh yozgan ulamolarimiz: «Musulmonni o‘ldirgan qotil qancha gunoh olsa, musulmon insonni “kofir” deb hukm qilgan kimsa ham xuddi shunday gunohkor bo‘ladi», deganlar. Vaholanki, musulmonni o‘ldirish qanday gunoh ekani haqida Alloh taolo bunday marhamat qilgan:
﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا﴾
“Kim bir mo‘minni qasdan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).
Kofirga chiqarishning xatari haqidagi mashhur hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
أَيُّمَا امْرِئٍ قَالَ لأَخِيهِ: يَا كَافِر فَقَدْ بَاءَ بِهَا أَحَدُهُمَا إِنْ كَانَ كَمَا قَالَ وَإِلا رَجَعَتْ عَلَيْهِ.
«Agar kishi o‘z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkisidan biri kofir bo‘ladi. Agar birodari haqiqatan ham kofir bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan bo‘ladi, aks holda bu gapi kofir deguvchini o‘ziga qaytadi» (Imom Muslim rivoyati).
Shu ma’nodagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ularning barchasida inson boshqa musulmonlarni kofirga chiqarishga shoshmasligi, ayblangan shaxs u aytganidek bo‘lmasa, o‘zi o‘sha sifatga doxil bo‘lib qolishi ta’kidlangan.
Rasulullohning ta’limlarini olgan sahobai kiromlar va ulardan keyingi ulamolarimiz ham musulmonni “kofir” deyishdan qattiq hazir bo‘lganlar. Chunki ular bu ishda katta gunoh borligi va bu gap o‘ziga qaytib qolishidan xabardor edilar.
Islom tarixidan ma’lumki, musulmonni gunohi sababli “kofir” deyishga birinchi bo‘lib jur’at etganlar xavorij firqasi bo‘ldi. Ular: “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofir bo‘ladi, Islomdan chiqadi”, dedi. Bora-bora xavorijlarning musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa qiladigan ishlari qolmadi. Ularning shariatga zid bu ishlari musulmonlar orasida ixtilof va ziddiyatlarni chiqarib, qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning qonlari to‘kilishiga olib keldi. Ulamolarimiz xavorijlarchalik Islomga katta zarar yetkazgan firqa bo‘lmaganini ta’kidlaydilar.
Afsuski, hozirgi kunda ham xavorijlarning g‘oyaviy izdoshlari chiqib turibdi. Zamonamiz xavorijlari ham qadimgi maslakdoshlaridan “o‘rnak” olib, fitna-fasod qilmoqdalar. Bularning ham, o‘tmishdagi maslakdoshlari kabi, musulmonlarni ayblashdan boshqa “g‘am”lari yo‘q. Bular iloji boricha ko‘proq musulmonni gunohi sababli kofirga chiqarishni o‘zlarining bosh vazifalari deb biladilar.
Ayni paytda bular ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda davlat rahbarlaridan boshlab, o‘zlariga hamfikr bo‘lmagan har bir musulmonni osongina kofirga chiqaradilar. Ularning soxta fatvolarida hozirda musulmonman deb yurganlarning ko‘pchiligi mushrik va kofir bo‘lib ketgan, deyiladi (Alloh asrasin!). Ularning bu soxta “fatvosi”ning puch ekaniga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuqorida zikri kelgan hadislaridagi: “Musulmonni gunohi tufayli kofir demaymiz”, degan qoidaning o‘zi kifoya qiladi.
Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Mashhur sahoba Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan bu masala borasida so‘raldi: «“Gunohlardan birortasini kufr, shirk yoki nifoq deb bilarmidinglar? U: “Alloh saqlasin! Biz gunoh qilgan kishini gunohkor mo‘min deb bilamiz”, dedi» (“Majma’uz zavoid va manbaul favoid”).
Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, barcha ulamolar bir ovozdan harom ish qilgan kishi, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarilmaydi, balki fosiq, gunohkor bo‘ladi, deydilar.
Qolaversa, mazhabboshimiz Imomi A’zam rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” kitobida bunday degan:
وَلاَ نُكَفِّرُ مُسْلِمًا بِذَنْبٍ مِنَ الذُّنُوبِ وَاِنْ كَانَتْ كَبِيْرَةً اِذَا لَمْ يَسْتَحِلَّهَا.
“Musulmon kishi katta gunohlardan birini qilsa ham, modomiki o‘shani halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz”.
Buyuk muhaddis olim Abu Ja’far Tahoviy Hanafiy “Aqidatu-Tahoviya” asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz”.
Bu masalada Mulla Ali Qoriy rahmatullohi alayh bunday deganlar:
قَالَ عُلَمَاؤُنَا: إِذَا وُجِدَ تِسْعَةٌ وَتِسْعُونَ وَجْهًا تُشِيْرُ إِلَى تَكْفِيْرِ مُسْلِمٍ وَوَجْهٌ وَاحِدٌ إِلَى إِبْقَائِهِ عَلَى إِسْلاَمِهِ
فَيَنْبَغِي لِلْمُفْتِي وَالْقَاضِي أَنْ يَعْمَلاَ بِذَلِكَ الْوَجْهِ.
Ulamolarimiz aytadilar: “Agar (biror so‘z yoki ish ustida) musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (“Sharhush shifo”).
Ammo hozirgi kundagi adashgan kimsalar bu masalada: “Mo‘min deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, kofir deyish uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqiztasini chetga surib qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak”, deyishgacha borib yetdilar. Bu esa barcha ahli sunna ulamolarimizning tutgan yo‘llariga butunlay ziddir.
Hozirgi kundagi musulmonlarni kofirga chiqaruvchilarning asosiy xatolari – dinni puxta bilmaslik, oyat-hadislarni yengil-yelpi tushunish, mo‘tabar mujtahid ulamolar, mufassirlar va hadislarga sharh yozgan buyuk olimlarning so‘zlarini bilmasliklari yoki bilsalar ham, e’tiborga olmasliklaridir. Misol uchun ayrim johil toifalar
﴿فَاذْكُرُونِي أَذْكُرْكُمْ وَاشْكُرُوا لِي وَلَا تَكْفُرُونِ﴾
“Bas, Meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz” (Baqara surasi, 152) oyatidagi وَلَا تَكْفُرُونِ degan joyini “Menga kofir bo‘lmanglar” deb tafsir qilishadi. Ya’ni, gapni kofirlikka buradilar.
Vaholanki, biror mufassir bu so‘zni “kufr” deb tafsir qilmagan, balki, “noshukrlik” deb tafsir qilganlar. Masalan, Imom Qurtubiy buni shunday tafsir qilgan: فَالْكُفْرُ هُنَا سَتْرُ النِّعْمَةِ ya’ni, “bu joydagi “kufr” so‘zi Alloh bergan ne’matni yashirish – noshukrlik qilishdir”, degan.
Bunday misollarni Qur’oni karim va hadisi shariflardan ko‘plab keltirish mumkin.
Shunday ekan, Qur’oni karimda yoki hadisi shariflarda “kufr” so‘zi yoki unga o‘zakdosh kalimalar kelganda, undan faqat kofirlik nazarda tutilgan deb tushunmasdan, balki mo‘tabar mufassir va muhaddis ulamolarimizning tafsir va sharhlariga qarab xulosa chiqarishimiz shart bo‘ladi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, musulmonni kofirga chiqarishga hech kimning haqqi yo‘q. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, tobeinlar va ularga ergashgan ulamolarimiz gunohkor musulmonlarni murtad yoki kofirga chiqarmaganlar.
Shunday ekan, musulmon shaxs o‘zini sunnatga hamda salafi solihlar yo‘liga ergashishini da’vo qilar ekan ularning yo‘lini mahkam tutishi lozim.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi