Markaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etildi. Bu haqda Spot regulyator matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi.
Qayd etilishicha, kengash islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklar, islomiy moliyalashtirish xizmatlarini ko‘rsatuvchi mikromoliya tashkilotlari, Omonatlarni kafolatlash agentligi hamda Markaziy bank nazorati ostidagi boshqa tashkilotlarning islomiy moliya faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kollegial organ hisoblanadi.
Kengash tarkibiga besh nafar mutaxassis — islom huquqi bo‘yicha to‘rt nafar ekspert va islomiy moliya sohasidagi bir nafar texnik ekspert kiritildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi bosh mutaxassisi Saidjamol Masayitov kengash raisi, markaz bosh mutaxassisi Muhammadayubxon Homidov esa rais o‘rinbosari etib tayinlandi. Shuningdek, Fatvo markazi mutaxassislari Hikmatilla Toshtemirov va Abdullatif Tursunov hamda Orient Audit Group auditorlik kompaniyasining boshqaruvchi hamkori Axrorjon Sadullayev kengash a‘zolari bo‘ldi.
Kengash a‘zolarining aksariyati islom huquqi sohasida ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi tarkibiga kiradi hamda islomiy moliya yo‘nalishida AAOIFI xalqaro sertifikatlariga ega.
Texnik ekspert Axrorjon Sadullayev bank-moliya sohasida 20 yildan ortiq tajribaga ega. U avval Markaziy bank, Aloqabank, KDB Bank Uzbekistan, shuningdek, KPMG, Ernst & Young va Grant Thornton xalqaro auditorlik kompaniyalarida faoliyat yuritgan.
Kengash islomiy moliya standartlari loyihalarini xalqaro standartlar va mahalliy sharoitni inobatga olgan holda ishlab chiqadi.
Shuningdek, Markaziy bankka islomiy moliya faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish masalalari yuzasidan xulosa va tavsiyalar beradi, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda ishtirok etadi hamda sohada yuzaga keladigan nizolar bo‘yicha tushuntirishlar beradi.
Bundan tashqari, kengash banklar va mikromoliya tashkilotlariga islomiy moliya faoliyati yuzasidan tavsiyalar beradi, ular bilan davriy maslahat uchrashuvlari o‘tkazadi.
Zarurat tug‘ilganda Islomiy moliya institutlari uchun buxgalteriya hisobi va audit tashkiloti (AAOIFI) yig‘ilishlarida Markaziy bank nomidan qatnashadi.
Markaziy bank ma‘lumotiga ko‘ra, kengash har yili o‘z faoliyati bo‘yicha hisobotni regulyator boshqaruviga taqdim etadi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda islomiy mikromoliya xizmatlari hajmi 22 mlrd so‘mga yetgani haqida yozgandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Pokistonning mashhur “Discover Pakistan” telekanalida buyuk muhaddis, islom olamining ko‘zga ko‘ringan olimlaridan biri Imom al-Buxoriyning hayoti va boy ilmiy-ma’naviy merosiga bag‘ishlangan hujjatli film efirga uzatildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maxsus ko‘rsatuv telekanal ijodiy guruhining O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi ko‘magida mamlakatimizga qilgan safari chog‘ida suratga olingan. Filmda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Samarqand viloyatidagi Imom al-Buxoriy majmuasining arxitektura qiyofasi tubdan yangilangani qayd etilgan. Shuningdek, majmuaning o‘ziga xos ma’naviy muhiti va ushbu muqaddas qadamjoning musulmonlar hayotidagi o‘rni haqida so‘z yuritilgan.
Tomoshabinlarga O‘zbekistonda buyuk mutafakkirlarning ilmiy merosini o‘rganish va ommalashtirish, tarixiy-madaniy yodgorliklarni saqlash, muqaddas qadamjolarni obodonlashtirish va ziyorat turizmini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Ko‘rsatuv muharririning so‘zlariga ko‘ra, Imom al-Buxoriy nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun musulmon ummati uchun ulkan ma’naviy ahamiyatga ega meros qoldirgan. “U hadis ilmi taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shdi va islom olamida yuksak e’tirofga sazovor bo‘lgan “Al-Jomi as-sahih” asarini yaratdi. Asrlar davomida ushbu kitob musulmonlar tomonidan eng muhim diniy-ma’rifiy manbalardan biri sifatida qadrlanib kelinmoqda”, — dedi jurnalist.
Filmda majmua shunchaki tarixiy yodgorlik emas, balki islom sivilizatsiyasining boy ilmiy va ma’naviy an’analarini o‘zida mujassam etgan hamda turli mamlakatlardan kelgan ziyoratchilarni birlashtiradigan muqaddas maskan sifatida ta’riflangan. Majmuaning zamonaviy arxitektura yechimi, obodonlashtirilgan hududi va ziyoratchilar uchun yaratilgan sharoitlar O‘zbekistonning tarixiy merosga bo‘lgan e’tiborini aks ettirishi ta’kidlangan.
“Discover Pakistan” telekanalida namoyish etilgan hujjatli film xalqaro auditoriyaga O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, uning muqaddas qadamjolari va jahon sivilizatsiyasi, xususan, islom ilm-fani taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi haqida ma’lumot yetkazishga yordam beradi. Bu, shuningdek, Pokiston aholisi o‘rtasida O‘zbekistonga ziyorat turizmini targ‘ib qilishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati