Markaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etildi. Bu haqda Spot regulyator matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi.
Qayd etilishicha, kengash islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklar, islomiy moliyalashtirish xizmatlarini ko‘rsatuvchi mikromoliya tashkilotlari, Omonatlarni kafolatlash agentligi hamda Markaziy bank nazorati ostidagi boshqa tashkilotlarning islomiy moliya faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kollegial organ hisoblanadi.
Kengash tarkibiga besh nafar mutaxassis — islom huquqi bo‘yicha to‘rt nafar ekspert va islomiy moliya sohasidagi bir nafar texnik ekspert kiritildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi bosh mutaxassisi Saidjamol Masayitov kengash raisi, markaz bosh mutaxassisi Muhammadayubxon Homidov esa rais o‘rinbosari etib tayinlandi. Shuningdek, Fatvo markazi mutaxassislari Hikmatilla Toshtemirov va Abdullatif Tursunov hamda Orient Audit Group auditorlik kompaniyasining boshqaruvchi hamkori Axrorjon Sadullayev kengash a‘zolari bo‘ldi.
Kengash a‘zolarining aksariyati islom huquqi sohasida ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi tarkibiga kiradi hamda islomiy moliya yo‘nalishida AAOIFI xalqaro sertifikatlariga ega.
Texnik ekspert Axrorjon Sadullayev bank-moliya sohasida 20 yildan ortiq tajribaga ega. U avval Markaziy bank, Aloqabank, KDB Bank Uzbekistan, shuningdek, KPMG, Ernst & Young va Grant Thornton xalqaro auditorlik kompaniyalarida faoliyat yuritgan.
Kengash islomiy moliya standartlari loyihalarini xalqaro standartlar va mahalliy sharoitni inobatga olgan holda ishlab chiqadi.
Shuningdek, Markaziy bankka islomiy moliya faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish masalalari yuzasidan xulosa va tavsiyalar beradi, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda ishtirok etadi hamda sohada yuzaga keladigan nizolar bo‘yicha tushuntirishlar beradi.
Bundan tashqari, kengash banklar va mikromoliya tashkilotlariga islomiy moliya faoliyati yuzasidan tavsiyalar beradi, ular bilan davriy maslahat uchrashuvlari o‘tkazadi.
Zarurat tug‘ilganda Islomiy moliya institutlari uchun buxgalteriya hisobi va audit tashkiloti (AAOIFI) yig‘ilishlarida Markaziy bank nomidan qatnashadi.
Markaziy bank ma‘lumotiga ko‘ra, kengash har yili o‘z faoliyati bo‘yicha hisobotni regulyator boshqaruviga taqdim etadi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda islomiy mikromoliya xizmatlari hajmi 22 mlrd so‘mga yetgani haqida yozgandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Pokistonning “NewzToday” nashri va “NewzTodays TV” platformasida Samarqand shahrining boy tarixi, noyob me’moriy obidalari va milliy hunarmandchilik an’analariga bag‘ishlangan materiallar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
“Samarqand, O‘zbekiston: Amir Temurning Buyuk ipak yo‘lidagi poytaxtiga sayohat” nomli ushbu materiallarda qadimiy shaharning jahon sivilizatsiyasi tarixida tutgan o‘rni, uning betakror madaniy va ma’naviy merosi to‘g‘risida so‘z yuritilgan.
Samarqandning 2500 yillik tarixi, qadimda Maroqand nomi bilan tanilgani, Buyuk ipak yo‘lining muhim savdo va madaniy markazlaridan biri bo‘lgani haqida ma’lumotlar o‘quvchilar e’tiboriga taqdim etilgan. Shaharning savdo-sotiq, ilm-fan va madaniy almashinuvlardagi muhim o‘rni e’tirof etiladi.
Materiallarda Amir Temur va Temuriylar davrida qurilgan obidalar, xususan, Go‘ri Amir, Shohi Zinda ansambli va boshqalar haqida to‘xtalib o‘tilgan.
“Amir Temur va Temuriylar sulolasi vakillari tomonidan Samarqandda qurilgan obidalarning me’moriy xususiyatlari keyinchalik Pokiston va Hindistondagi Boburiylar me’morchiligida, jumladan, Humoyun maqbarasi va Toj Mahalda o‘z aksini topgan”, – deyilgan “NewzToday” manbasida.
Pokiston OAVning qayd etishicha, Samarqanddagi qadimiy obidalarda foydalanilgan me’moriy yechimlar pokistonliklar uchun ham katta qiziqish uyg‘otadi. Materiallarda buyuk astronom olim va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bekning ilmiy merosi, uning Samarqandda barpo etgan rasadxonasiga alohida urg‘u berilgan.
Ta’kidlanishicha, Samarqand qog‘ozi tayyorlash an’anasi, ipakchilik va milliy hunarmandchilik, so‘zana tikish, kulolchilik hamda xalq amaliy san’ati namunalari necha-necha asrlar davomida avloddan-avlodga o‘tib kelmoqda.
E’tiborlisi, ushbu media loyiha Samarqandni nafaqat qadimiy obidalar shahri, balki jahon sivilizatsiyasi, ilm-fan va madaniyat taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan tarixiy markaz sifatida yana bir karra e’tirof etdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati