Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Oktabr, 2026   |   17 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:30
Quyosh
06:49
Peshin
12:12
Asr
15:42
Shom
17:27
Xufton
18:41
Bismillah
28 Oktabr, 2026, 17 Jumadul avval, 1448

Markaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etildi

16.07.2026   45680   2 min.
Markaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etildi

Markaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etildi. Bu haqda Spot regulyator matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi.

Qayd etilishicha, kengash islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklar, islomiy moliyalashtirish xizmatlarini ko‘rsatuvchi mikromoliya tashkilotlari, Omonatlarni kafolatlash agentligi hamda Markaziy bank nazorati ostidagi boshqa tashkilotlarning islomiy moliya faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kollegial organ hisoblanadi.

Kengash tarkibiga besh nafar mutaxassis — islom huquqi bo‘yicha to‘rt nafar ekspert va islomiy moliya sohasidagi bir nafar texnik ekspert kiritildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi bosh mutaxassisi Saidjamol Masayitov kengash raisi, markaz bosh mutaxassisi Muhammadayubxon Homidov esa rais o‘rinbosari etib tayinlandi. Shuningdek, Fatvo markazi mutaxassislari Hikmatilla Toshtemirov va Abdullatif Tursunov hamda Orient Audit Group auditorlik kompaniyasining boshqaruvchi hamkori Axrorjon Sadullayev kengash a‘zolari bo‘ldi.

Kengash a‘zolarining aksariyati islom huquqi sohasida ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi tarkibiga kiradi hamda islomiy moliya yo‘nalishida AAOIFI xalqaro sertifikatlariga ega.

Texnik ekspert Axrorjon Sadullayev bank-moliya sohasida 20 yildan ortiq tajribaga ega. U avval Markaziy bank, Aloqabank, KDB Bank Uzbekistan, shuningdek, KPMG, Ernst & Young va Grant Thornton xalqaro auditorlik kompaniyalarida faoliyat yuritgan.

Kengash islomiy moliya standartlari loyihalarini xalqaro standartlar va mahalliy sharoitni inobatga olgan holda ishlab chiqadi.

Shuningdek, Markaziy bankka islomiy moliya faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish masalalari yuzasidan xulosa va tavsiyalar beradi, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda ishtirok etadi hamda sohada yuzaga keladigan nizolar bo‘yicha tushuntirishlar beradi.

Bundan tashqari, kengash banklar va mikromoliya tashkilotlariga islomiy moliya faoliyati yuzasidan tavsiyalar beradi, ular bilan davriy maslahat uchrashuvlari o‘tkazadi.

Zarurat tug‘ilganda Islomiy moliya institutlari uchun buxgalteriya hisobi va audit tashkiloti (AAOIFI) yig‘ilishlarida Markaziy bank nomidan qatnashadi.

Markaziy bank ma‘lumotiga ko‘ra, kengash har yili o‘z faoliyati bo‘yicha hisobotni regulyator boshqaruviga taqdim etadi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda islomiy mikromoliya xizmatlari hajmi 22 mlrd so‘mga yetgani haqida yozgandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Sayyor qabul, mehr-oqibat va amaliy ko‘mak – Xorazmdagi fayzli lahzalar

27.10.2026   12536   2 min.
Sayyor qabul, mehr-oqibat va amaliy ko‘mak – Xorazmdagi fayzli lahzalar

O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining bevosita xalq ichiga kirib borib o‘tkazayotgan samimiy muloqotlari ko‘plab muammolar yechimiga asos bo‘lmoqda. Xususan, Xorazm safari davomida muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari fuqarolarni sayyor qabul qilib, ularning ijtimoiy-maishiy muammolari va murojaatlarini joyida hal etish choralarini ko‘rdilar.

Jumladan, Urganch tumani “Tandirchi” mahallasida istiqomat qiluvchi Durdiposhsha Yusupovaning xonadoni tomini yopish bo‘yicha murojaati ijobiy hal etilib, oilaga tez fursatda amaliy ko‘mak ko‘rsatish yuzasidan mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Safar chog‘ida  rais o‘rinbosarlari, Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi, Toshkent shahri va viloyatlar bosh imom-xatiblarining Xorazm viloyatidagi hududlardagi aholi bilan yaqindan muloqotlari amalga oshirildi. Shuningdek, ular o‘zlariga biriktirilgan hududlardagi masjidlarga yo‘l olib, imom-xatiblarning ma’naviy-ma’rifiy sohadagi ishlari va masjidlarni boshqarishdagi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Mazkur jarayonda imomlarning xalq bilan muloqotlari, ma’rifiy suhbatlari, masjidlarning kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi, tozalik va ozodalik, yong‘in xavfsizligi choralari hamda hujjatlar yuritish kabi muhim masalalar e’tibor markazida bo‘ldi. O‘rganishlar natijasida masjidlar jamoalarining ishiga ijobiy baho berilib, moliyaviy shaffoflikni ta’minlash va muqobil energiya manbalaridan unumli foydalanish bo‘yicha muhim va amaliy tavsiyalar berildi.

Xizmat safarining e’tiborli jihatlaridan biri bosh imom-xatiblar viloyatning 13 ta tuman va shahridagi 70 dan ziyod ijtimoiy himoyaga muhtoj, og‘ir bemorlari bor va e’tiborga tashna oilalar xonadonida bo‘ldi. Ko‘ngil so‘rash barobarida ularga “Vaqf” xayriya jamoat fondining sovg‘alari ulashildi.

Shuningdek, Urganch shahridagi “G‘amxo‘rlik” internat uyida bo‘lib, jismoniy imkoniyati cheklangan bolajonlar holidan xabar olindi. Ularga shirin so‘zlar va mehrli daldalar bildirilib, muassasaga 2 ta sovutgich hamda turli hadyalar taqdim etildi.

Ko‘rsatilgan e’tibor va amaliy ko‘makdan ko‘ngli tog‘dek ko‘tarilgan hamyurtlarimiz bu xayrli ishlardan mamnun bo‘lib, yurtimiz tinchligi hamda mutasaddilar haqqiga xayrli duolar qildilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari