Germaniyaning “Hauptstadtecho” ommabop elektron nashrida 7–11 iyul kunlari yurtimizda bo‘lib o‘tgan I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi ishtirokchilarining O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga yo‘llagan murojaatiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Unda forum ishtirokchilari mamlakatimizda islom sivilizatsiyasining boy ilmiy, ma’naviy va madaniy merosini o‘rganish, asrab-avaylash hamda xalqaro miqyosda targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni yuksak baholagani ta’kidlangan.
Murojaatda 50 dan ortiq mamlakatning xalqaro tashkilotlari, ilmiy va ta’lim muassasalari rahbarlari, vazirlar, muftiylar, olimlar va ekspertlari nomidan O‘zbekiston rahbariga chuqur hurmat va samimiy minnatdorlik bildirilgan.
Forum davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgani, u global ilmiy va gumanitar hamkorlik uchun muhim maydonga aylangani qayd etilgan. Prezidentning forum qatnashchilariga yo‘llagan murojaatida ilgari surilgan g‘oya va tamoyillar anjuman kun tartibini belgilab, samarali xalqaro ilmiy hamkorlik uchun mustahkam asos yaratgani ta’kidlangan.
Shuningdek, forumning Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida o‘tkazilishi uning tarixiy va ilmiy ahamiyatini yanada oshirgani, bu zaminda asrlar davomida ilohiyot, falsafa, tibbiyot, matematika va astronomiya kabi ilmlar rivoj topgani alohida e’tirof etilgan.
Forum ishtirokchilari Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surgan Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish tashabbusini so‘nggi o‘n yillikdagi eng muhim xalqaro gumanitar tashabbuslardan biri sifatida baholagan.
Murojaat yakunida O‘zbekiston zaminida qabul qilingan qarorlar tinchlik, ma’rifat, o‘zaro hurmat va xalqlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga, islom sivilizatsiyasining boy ma’naviy va intellektual merosini kelgusi avlodlarga yetkazishga xizmat qilishiga ishonch bildirilgan.
O‘zbekiston musulmonlar idorasi Matbuot xizmati
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.
Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.
Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati