Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Noyabr, 2026   |   27 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:41
Quyosh
07:01
Peshin
12:12
Asr
15:30
Shom
17:15
Xufton
18:30
Bismillah
07 Noyabr, 2026, 27 Jumadul avval, 1448

Safar oyida to‘y qilsa, safarga chiqsa bo‘ladi(mi?)

15.07.2026   40005   2 min.
Safar oyida to‘y qilsa, safarga chiqsa bo‘ladi(mi?)

Safar oyi qanday oy?

Safar oyi hijriy-qamariy taqvim bo‘yicha (muharramdan keyingi) yilning ikkinchi oyidir.

Safar qanday ma’noni anglatadi?

Bu oy mevalar g‘arq pishib, barglar sarg‘aygan vaqtga to‘g‘ri kelgani uchun safar صفر – “sariq oy” deb nomlangan. Agar safar so‘zidagi “sod (ص)” harfi “sin (س)” bilan yozilsa “safarga chiqmoq”degan ma’noni anglatadi.

Safar oyi Islomdan oldingi johiliyat davrida.

Johiliyat davrida “Safar oyida yangi ish boshlab bo‘lmaydi, safarga chiqib bo‘lmaydi, oila qurib bo‘lmaydi” kabi shumlanishlar urf bo‘lgan. Hatto biror ishga kirishishdan oldin qush uchirib ko‘rishardi. Qush o‘ng tomonga uchsa, yaxshilikka yo‘yib, ishga kirishishar, chap tomonga uchsa, bu ishda yaxshilik yo‘q ekan, deb tark etishar, bordi-yu to‘g‘riga uchsa, qaytadan uchirib ko‘rishar edi.

Islom dini kelgandan keyin safar oyi – “Yaxshilik oyi” deb nomlandi. Rasululloh sollallohu alayhi vasalam: “Kasallik yuqishi yo‘q, boyqush yo‘q, nav’u yo‘q va safar yo‘q”, dedilar.

Safar oyi to‘g‘risidagi turli bid’at-xurofotlar rad etildi. Oylarning hammasi Alloh taoloning oylari ekani e’lon qilindi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam safar oyini qanday o‘tkazganlar?

1. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madina shahridagi “Masjidun Nabaviy”masjidlarini safar oyida qurganlar.

2. Qizlari Fotimai Zahro roziyallohu anhoni Hazrat Ali roziyallohu anhuga safar oyida nikohlaganlar.

3. Aynan shu oyda safarga chiqib, Xaybar qal’asini fath qilganlar.

Demak, bu oyda yangi ish boshlash, oila qurish va safarga qilish joiz ekan.

Ammo, hozirgi kunda…

Afsuski, bugungi kunda ham “safar oyida ish boshlash, to‘y qilish, safarga chiqish xosiyatsiz” degan gaplar tez-tez uchrab turadi. Ularning hech qanday asosi yo‘q ekani Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislari va sunnatlaridan ma’lum bo‘ldi.

Eng muhimi – bandaga yetadigan musibat biror oyga bog‘liq bo‘lmaydi. Balki har bir yaxshilik ham, yomonlik ham faqatgina Alloh taoloning izni bilan sodir bo‘ladi. Taqdirga iymon keltirish dinimizning asoslaridan biridir. Inson boshiga tushadigan barcha yaxshilik va yomonliklarni taqdirdan deb bilmog‘i lozim. Alloh taolo: “(Insonga) biror musibat yetgan bo‘lsa, albatta, Allohning izni (irodasi) bilangina (yetur). Kimki Allohga iymon keltirsa, (U) uning qalbini to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilur. Alloh har narsani biluvchidir” (Tag‘obun surasi, 11-oyat), deb marhamat qilgan.

Alloh taolo aqidamizni mustahkam, hidoyatida bardavom qilsin. Safar oyini barchamiz uchun xayrli va barakali bo‘lishini nasib etsin.

Davron NURMUHAMMAD

Boshqa maqolalar
Maqolalar

MAZHAB USHLASH FITNAGA SABAB BO‘LADIMI?

06.11.2026   9209   2 min.
MAZHAB USHLASH FITNAGA SABAB BO‘LADIMI?

Da’vo: Mazhab ushlash fitnaga sabab bo‘ladi.

Raddiya: Bu fikr tashqi jihatdan birlikka chaqiriqdek ko‘rinsa-da, ilmiy jihatdan masalaga soddalashtirilgan va tarixiy tajribaga zid yondashuvdir.

Avvalo, mazhab degani Qur’on va sunnatdan mustaqil din emas. Mazhab – Qur’on va sunnatni tushunish metodologiyasi. Xususan, Abu Hanifa asos solgan hanafiy maktabi Qur’on va sunnat matnlarini usuliy qoidalar asosida istinbot qilish tizimidir.

Demak, mazhab tafarruq emas, balki tartibli fiqhiy tafakkur shaklidir.

Ikkinchidan, tarixiy tajriba shuni ko‘rsatadiki, musulmon jamiyatlarida to‘rtta fiqhiy maktabning mavjudligi fitna emas, balki ilmiy xilma-xillik sifatida qabul qilingan. Fitna asosan mazhablar mavjudligidan emas, balki jaholat va mutaassiblikdan kelib chiqqan. Ilmiy maktabning o‘zi emas, balki uni noto‘g‘ri tushunish muammo tug‘diradi.

Uchinchidan, “mazhabsizlik birlik keltiradi” degan g‘oya amaliyotda aksini ko‘rsatdi. Har kim matnni o‘z fahmiga ko‘ra talqin qila boshlaganda, yagona mezon yo‘qoladi va natijada ko‘plab mustaqil, bir-birini inkor qiluvchi qarashlar paydo bo‘ladi. Bu esa birlashuv emas, balki parokandalikni kuchaytiradi. Usulsiz ijtihod fitnaga yaqinroq.

Aqidaviy va fiqhiy muvozanat nuqtayi nazaridan Abu Mansur Moturidiy an’anasi shuni ko‘rsatadiki, dinni tushunishda ilmiy mezon zarur. Mezonsiz “to‘g‘ridan to‘g‘ri Qur’on va sunnatga ergashish” shiori amalda subyektiv talqinlarga yo‘l ochadi. Tarixda aynan shunday yondashuvlar bir-birini “Ahli sunna emas” deb chiqarishgacha olib borgan.

Shuni ham unutmaslik kerakki, sahobalar davridayoq fiqhiy ixtilof mavjud edi. Lekin bu ixtilof ummatni bo‘lmagan. Chunki u usul asosida edi. Mazhablar ana shu sahoba va tobeinlar merosining tizimlashtirilgan shaklidir.

Xulosa qilib aytganda, mazhabning o‘zi fitna emas. Fitna – ilmiy mezonsizlik, jaholat va takfiriy ruhiyatdir. Mazhab esa asrlar davomida ummatni tartibga solgan, fiqhiy birlikni saqlagan institutdir. Shuning uchun “mazhab ushlash fitna” degan umumiy hukm ilmiy asosga ega emas va tarixiy tajribaga zid xulosadir.

 

O‘tkirbek Sobirov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

MAQOLA