Bugun, hayotda ham, ijtimoiy tarmoqlarda ham, tushunarsiz mantiqqa guvohi bo‘lasiz. Qo‘lida eng so‘nggi modeldagi smartfon hamda sputnik orqali video ulashayotgan “ekspert”, bizga zamonaviy ilmlar kerak emas, faqat nargi dunyomizga oid ilmini o‘rganing, qolgan hammasi vaqtni behuda sarflash, dushmanlarning o‘yini, deb bong uradi.
Eng achinarlisi, bunday chiqishlar ostida minglab “layk”lar va “to‘g‘ri aytdingiz, bolalarni boshqa ilmlarga beraylik” qabilidagi soddadil zamondoshlarimizning izohlari paydo bo‘ladi.
Xo‘sh, aslida-chi? Zamonaviy ilmlarni inkor etish, tibbiyot, IT, astronomiya yoki fizikani “begona ilm” deb bilish qadriyatlarga to‘g‘ri keladimi yoki bu mutaassiblikmi yoki axborot xurujining mahsulimi?
E’tibor bergan bo‘lsak, zehniyatimizga zamonaviy ilmlarni inkor qiluvchi miflar o‘rnashib qolgan.
1-mif: “Dunyoviy ilmlar dindan uzoqlashtiradi”. Bu da’vo – ilmsizlikning oliy ko‘rinishidir. Tarixga nazar solaylik, bugun dunyo tan olgan Ibn Sino, Al-Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek, Al-Beruniy kabi bobolarimiz diniy ilmlarni ham, zamonaviy fanlarni ham birdek mukammal egallashgan. Ular matematika va astronomiyani o‘rganib, dindan uzoqlashib ketmaganlar. Aksincha, koinot qonuniyatlarini matematik hisob-kitoblar orqali anglash ularning Yaratuvchining qudratiga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlagan.
Bugun tibbiyotni inkor etib, “tabib”lik da’vo qilayotgan, farzandlarini ta’limdan uzib, faqat bir tomonlama o‘qitmoqchi bo‘layotganlar aslida jamiyatni zaiflashtirishga xizmat qilmoqda. Kuchsiz, qaram va nosog‘lom jamiyat esa har qanday tashqi kuchning oson o‘ljasiga aylanadi.
2-mif: “Zamonaviy texnologiyalar, IT va ijtimoiy tarmoqlar –buzg‘unchilik quroli”. Texnologiya bu, shunchaki vosita. Pichoq bilan non ham kesish mumkin, inson hayotiga suiqasd qilish ham. Muammo pichoqda emas, uni ushlagan qo‘lda.
Bugun sun’iy intellekt (AI), dasturlash va kosmik texnologiyalar asrida yashayapmiz. Agar biz o‘z yoshlarimizni ushbu sohalardan uzoqlashtirsak, ularni “zararli” deb e’lon qilsak, yaqin kelajakda o‘zgalarga qaram bo‘lib qolamiz. Ijtimoiy tarmoqlarda o‘tirib, “texnologiyadan uzoq bo‘ling” deyishning o‘zi ikkiyuzlamachilikdir. Asl ma’rifat zamonaviy vositalarni egallab, ularni jamiyat va insoniyat foydasiga ishlata olishdir.
Axborot xurujlarini tashkil etuvchi tashqi kuchlar va mutaassib oqimlarning bosh maqsadi bitta: jamiyatni fikrlashdan to‘xtatish. Savodsiz, tahlil qila olmaydigan, kimyo va fizika qonunlarini tushunmaydigan, tibbiyotga ishonmaydigan odamni boshqarish juda oson.
Zamonaviy ilmlardan mahrum odamda tanqidiy fikrlash shakllanmaydi. U har qanday soxta da’vatga, diniy tus berilgan yolg‘on axborotga osongina ishonadi.
Ilm-fan va texnologiyadan orqada qolgan millat hamisha qashshoqlikka va boshqalarga muhtojlikka mahkum. Bu esa mutaassiblik tuzog‘iga tushish uchun eng qulay sharoitdir.
Sog‘lom tafakkur ilmni “diniy” va “dunyoviy”ga ajratmaydi. Insoniyatga, jamiyatga nafi tegadigan har qandan foydali bilim – sharaflidir.
Kasallarni davolayotgan shifokorning mehnati, murakkab dasturlarni yaratib, odamlarning og‘irini yengil qilayotgan IT mutaxassisining ishi, yurtni zamonaviy texnikalar bilan obod qilayotgan muhandisning izlanishi – bularning barchasi savobli va daromadli yo‘nalishlardir.
Qur’oni karimda dunyo va oxiratdagi barcha yaxshiliklarni o‘zida jamlagan go‘zal duolardan biri bor.
Baqara surasi 201-oyatida: “Parvardigoro, bizga bu dunyoda ham, oxiratda ham yaxshilik bergin va bizni do‘zax azobidan asragin”.
Bu duo nafaqat oxiratni, balki bu dunyodagi sog‘liq, halol rizq, baxtli oila, foydali ilm va tinchlik-xotirjamlik kabi barcha yaxshiliklarni so‘rashni o‘z ichiga oladi.
Tarmoqlarda sizni zamonaviy ilmlardan, til o‘rganishdan va taraqqiyotdan to‘smoqchi bo‘lgan virtual “donishmand”larning gaplariga tanqidiy munosabatda bo‘ling. Zero, millatni yengish uchun uni qurol bilan vayron qilish shart emas, uni ilmdan, kitobdan va tafakkurdan ayirishning o‘zi kifoya.
Shermuhammad Boltayev,
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo
masjidi imom-xatibi
Shri-Lankaning “Solombo Times” nashrida “O‘zbekistonda Yangi uyg‘onish davri: kelajak texnologiyalari yordamida buyuk o‘tmishni qayta tiklash” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Shri-Lankalik taniqli jurnalist Fazan Navaz tomonidan yozilgan ushbu materialda so‘nggi o‘n yilda O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonni bunyod etish, “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirishga qaratilgan islohotlar va ularning samarali natijalari xususida so‘z yuritilgan.
Muallifning yozishicha, Markaziy Osiyo markazida sokin, ammo ulkan ahamiyatga ega inqilob yuz bermoqda. Bu kurash qurol-yarog‘ bilan emas, balki qo‘lyozmalar, muzeylar va mikrochiplar yordamida amalga oshirilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston Samarqand va Buxoro kabi shaharlar jahon ilm-fani, she’riyati va falsafasining yetakchi markazlari bo‘lgan O‘rta asrlardagi “Oltin asr” shon-shuhratini qayta tiklashga intilmoqda.
Bu jarayonning o‘ziga xos jihati shundaki, O‘zbekiston ming yildan ziyod tarixga ega madaniy merosni asrash, qayta tiklash va keng ommaga yetkazish uchun sun’iy intellekt hamda raqamli texnologiyalardan faol foydalanmoqda.
Nashrda O‘zbekistonning boy madaniy va tarixiy merosi hamda uni saqlash bo‘yicha islohotlarga to‘xtalib o‘tilgan. Qayd etilganidek, bu zamin insoniyat tarixidagi eng buyuk allomalarga beshik bo‘lgan. Astronom va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek Samarqandda yulduzlarni hayratlanarli darajada aniq kuzatish imkonini bergan rasadxona barpo etgan. Xorazmdagi Ma’mun akademiyasi olimlari esa Yevropada Renessans boshlanishidan ancha avval matematika va tibbiyot sohalarida yuksak yutuqlarga erishgan edi.
O‘zbekiston yetakchisi bu tarixiy merosni tez-tez tilga olib, Mirzo Ulug‘bekni nafaqat buyuk olim, balki ilm-fanni eng yuksak qadriyat deb bilgan davlat arbobi sifatida ta’riflaydi. Davlat rahbari bugungi yangilanish jarayonini “Uchinchi Renessans” deb atab, uni O‘zbekistonning ilmu ma’rifat va madaniyat markazi sifatidagi mavqeini qayta tiklashga qaratilgan umummilliy loyiha sifatida baholaydi. Tarixchilar ta’biri bilan aytganda – bu atama mintaqada avval mavjud bo‘lgan ikki buyuk yuksalish davridan keyingi navbatdagi uyg‘onish bosqichini anglatadi.
Muallifning fikricha, O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyasini amalga oshirish shunchaki gap emas, balki davlat siyosatiga aylangan.
“Bu ulkan maqsadning eng yorqin ramzi joriy yil Toshkentda qad rostlagan Islom sivilizatsiyasi markazidir. 2026 yil mart oyida 40 mamlakatdan tashrif buyurgan 1500 dan ortiq mutaxassis ishtirokida qurib bitkazilgan mazkur markaz o‘z bag‘rida islom olamining eng noyob yodgorliklaridan biri – VII asrga mansub Usmon Mus'hafini saqlaydi. Shuningdek, bu yerda ilmiy laboratoriyalar, restavratsiya ustaxonalari va arxivlar faoliyat yuritadi. Markaz allaqachon dunyodagi eng chiroyli yangi muzeylardan biri sifatida e’tirof etilgan”, – deya qayd etgan jurnalist.
Materialda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston yondashuvining boshqalardan ajratib turadigan muhim jihati – bu sun’iy intellektdan iqtisodiy taraqqiyot vositasi sifatidagina emas, balki madaniy merosni muhofaza qilish vositasi sifatida ham foydalayotganidadir.
Sun’iy intellekt turizm sohasini ham tubdan o‘zgartirmoqda. Bu tashabbus 2026 yilda mamlakatga 12 million sayyohni jalb qilish rejasining bir qismi hisoblanadi.
Fazan Navaz o‘z maqolasini “Uchinchi Renessans” o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga to‘liq erishadimi-yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi. Biroq bugunning o‘zidayoq O‘zbekiston qanday yo‘ldan odimlab borayotgani aniq ko‘rinib turibdi”, – degan so‘zlar bilan yakunlagan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati