Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Avgust, 2026   |   14 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:20
Quyosh
05:44
Peshin
12:25
Asr
17:07
Shom
19:08
Xufton
20:28
Bismillah
27 Avgust, 2026, 14 Rabi`ul avval, 1448
Yangiliklar

Ezgu maqsadlar jam bo‘lgan anjuman

20.07.2026   26412   5 min.
Ezgu maqsadlar jam bo‘lgan anjuman

Yildan yilga Yangi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi ortib bormoqda. Bu bejiz emas, albatta. Zero, mamlakatimiz rahbariyati tomonidan ilgari surilayotgan ma’rifat, bag‘rikenglik va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot g‘oyalari aynan shu maqsadga yo‘naltirilganligi bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
 

Mamlakatimizda to‘rt kun davomida bo‘lib o‘tgan Birinchi Xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumi bu borada yurtimizda ilgari surilayotgan ezgu tamoyillarning amaliy ifodasi o‘laroq nafaqat O‘zbekiston, balki butun Islom olami hayotida muhim voqeaga aylandi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev dunyoning qirqdan ortiq mamlakatlaridan tashrif buyurgan taniqli olimlar, nufuzli xalqaro tashkilotlarning vakillari, davlat va jamoat arboblari, madaniyat va diniy konfessiyalar namoyandalari ishtirok etgan ushbu anjuman ishtirokchilariga murojaat etar ekan:


– Bugungi kunda dunyo chuqur va shiddatli o‘zgarishlar davrini boshidan kechirmoqda. Insoniyat fan va texnologiyalar sohasida mislsiz yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda, ayni vaqtda jiddiy sinov va muammolarga ham duch kelmoqda: mojarolar va o‘zaro ishonchsizlik kuchaymoqda, buzg‘unchi mafkuralar, toqatsizlik, ekstremizm, islomofobiya ko‘rinishlari keng tarqalmoqda. Madaniyatlar, dinlar va sivilizatsiyalarni bir-biriga qarshi qo‘yish, turli xalqlarning urf-odat va an’analari o‘rtasida ziddiyat keltirib chiqarishga urinishlar avj olmoqda.


Bunday murakkab vaziyatda azaldan bashariyatning tinch-totuv hayoti, hamjihatlik va ma’rifatga intilishi, tadrijiy rivojlanishi uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qilib kelgan ezgu tushunchalar, jumladan, islomiy qadriyatlar alohida ahamiyat kasb etadi. Barchamizga ayonki, bu qadriyatlar asrlar davomida ilmiy taraqqiyot, madaniy yuksalish va ma’naviy kamolotning qudratli manbai sifatida jahon tafakkuri rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan va umuminsoniy merosning ajralmas qismiga aylangan, – deya fikr bildirdi. Darhaqiqat, o‘n to‘rt asrdan ziyodroq vaqt o‘tyaptiki, Islom nafaqat diniy ta’limot, balki insoniyatning olam va odam haqidagi dunyoqarashini tubdan o‘zgartirib, ilmiy-ma’rifiy taraqqiyotga beqiyos hissasini qo‘shib kelmoqda. Islom tamoyillari asosida matematika, astronomiya, geodeziya, tibbiyot, kimyo, tarix, falsafa, kalom, fiqh, hadisshunoslik yuksak cho‘qqilarga ko‘tarildi, bu yo‘nalishlarda minglab olimlar ulkan olamshumul kashfiyotlarni amalga oshirdilar. Bu yutuqlar zamirida, eng avvalo, Islomning ilm-fanga, ma’rifatga bo‘lgan munosabati yotadi. Zero, Alloh azza va jalla o‘zining muqaddas kitobida ilm va olimlarni ulug‘lab, shunday marhamat qiladi: “Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur…” (Mujodala surasi, 11-oyat)”. Bu bejiz emas, albatta, chunki insoniyat taraqqiyotini ilmu fan rivojisiz tasavvur etish mumkin emas. Shu jihatdan olib qaralganda, mamlakatimizda keyingi o‘n yillikda Islom madaniyati, sivilizatsiyasiga juda katta e’tibor qaratildi va qaratilmoqda.


Birinchi Xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumi yuksak darajada bo‘lib o‘tdi. Anjuman yurtimizning azaldan ilmu fan beshiklari bo‘lgan Toshkent, Samarqand va Termiz kabi tarixiy shaharlarida o‘tkazilishi undan ko‘zlangan ma’rifiy ruhni yanada teranlashtirdi. Jahon tamaddunining qadimiy o‘choqlari bo‘lgan bu shaharlarda asrlar davomida minglab olimu fuzalolar yetishib chiqqan va o‘ziga xos ilmiy maktablarni shakllanishiga hissa qo‘shgan. Yurtimiz allomalari tomonidan amalga oshirilgan olamshumul kashfiyotlar insoniyat taraqqiyotiga ulkan hissa bo‘lib qo‘shilgan. Ularning ezgu g‘oyalari va kashfiyotlari jahon sivilizatsiyasining ajralmas bir qismi sifatida e’tirof etilgan va bugun ham shunday bo‘lib qolmoqda. Anjuman ishtirokchilari ham buni chin dildan his qildilar va buni o‘zlarining Yurtboshimizga qilgan murojaatlarida aks ettirib shunday e’tirof etdilar:


– Mazkur tarixiy voqea islom sivilizatsiyasining jahon ilm-fani, madaniyati va ma’naviyati rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini yangicha talqin va targ‘ib etishda xalqaro ilmiy hamjamiyatni birlashtirish uchun keng imkoniyatlar yaratdi hamda Yangi Uyg‘onish davri – Uchinchi renessansning intellektual va ma’naviy asoslarini barpo etish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.


Ushbu tashabbus zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga uzoqni ko‘zlab, vaqtida berilgan ta’sirchan javob bo‘lganini ham bugun biz chuqur idrok etmoqdamiz. Dunyoning turli hududlarida islom dinining insonparvarlik mohiyatini buzib ko‘rsatish, madaniyat va sivilizatsiyalarni bir-biriga qarama-qarshi qo‘yish, shuningdek, musulmon olimlarining jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga qo‘shgan buyuk hissasini kamsitishga urinishlar kuzatilayotgan bir paytda Siz ma’rifat, ilmiy tafakkur, tarixiy haqiqatga ehtirom hamda islom sivilizatsiyasining haqqoniy merosini jahon hamjamiyatiga qayta taqdim etishga asoslangan bunyodkorlik yo‘lini taklif qildingiz.


Forum ishtirokchilarining bu e’tirofi mamlakatimizda diniy bag‘rikenglik va Islom sivilizatsiyasining boy merosini keng ko‘lamda o‘rganish, jahon afkor ommasini ham bu qutlug‘ ishga jalb etish, bugungi murakkab global o‘zgarishlar davrida o‘zaro tinch-totuv hayot kechirish va insoniyatning ma’naviy, madaniy va intellektual sohadagi yutuqlarini tinchlikka yo‘naltirish orqali bashariyat uchun kurrai zaminda farovon hayot barpo etish borasida olib borilayotgan ishlarning naqadar ulug‘vorligi va kelajakni ko‘zlab amalga oshirilayotganini yanada yaqqol namoyish etdi. Biz bu anjumandan o‘zimizga xulosa chiqarib, unda ilgari surilgan ezgu g‘oyalarni hayotimiz har bir jabhasining ajralmas bir qismi sifatida o‘rganish, asrab-avaylash, saqlash va keng targ‘ib etishga qaratishimiz zarurligini yaqqol his etdik. 


Alisher domla Naimov, 
Farg‘ona viloyati bosh imom xatib o‘rinbosari

Ulamolar kengashi a’zosi

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Diniy ta’lim sohasida ilk bor Respublika anjumani bo‘lib o‘tadi

19.08.2026   47652   1 min.
Diniy ta’lim sohasida ilk bor Respublika anjumani bo‘lib o‘tadi

Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.

Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.

Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.

Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari