Sayt test holatida ishlamoqda!
03 Noyabr, 2026   |   23 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:36
Quyosh
06:56
Peshin
12:12
Asr
15:35
Shom
17:19
Xufton
18:34
Bismillah
03 Noyabr, 2026, 23 Jumadul avval, 1448
Maqolalar

Hadislar ham vahiyga asoslangandir

20.07.2026   31822   7 min.
Hadislar ham vahiyga asoslangandir

(vahiyning ta’rifi va turlari)

Hadis Alloh taolo O‘z payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga yuborgan vahiy hamda dinda ergashilishi vojib bo‘lgan hujjat hisoblanadi. Bu xususda Nabiy alayhissalom: “Menga Qur’on bilan birga uning mislicha (ilm va hikmat) berildi”, deb aytganlar. Shu bois sunnatga sahobalar davridan buyon butun ummat ijmo qilgan (kelishib qabul etgan) bo‘lib, biror olim unga na qarshi chiqqan va na shubha qilgan.


Biroq keyingi asrlarda bu masala bo‘yicha shubha-gumonlar uyg‘otuvchi turli guruhlar va shaxslar paydo bo‘ldi. Ular sunnatni vahiy sanamay, uning islomiy qonunchilik manbai emasligini da’vo qiladi. Bunday toifa vakillarining fikricha, go‘yo Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamga Qur’ondan boshqa hech narsa nozil qilmagan.


Shunday buzuq qarash egalari bugun ham yo‘q emas. Demak, odamlar ongini ularning fitnakor fikrlaridan himoya qilish, botil da’volarning tagi puch ekani ko‘rsatib berish bugun ham dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda. Xususan, bu masalaga bag‘ishlangan avvalgi maqolada hadislar ham Kur’oni karim singari Allohning muhofazasida ekani naqliy va aqliy dalillar orqali bayon qilingan edi (https://muslim.uz/oz/e/post/47287-hadislar-ham-alloh-muhofazasidadir). Bundan kelib chiqadiki, hadis vahiyga asoslanmaganda edi, uni oxirzamonga qadar ilohiy himoyaga olishga zarurat bo‘lmasdi.


Ushbu maqolada vahiyning ta’rifi va turlariga to‘xtalishga qaror qildik. Bu safar payg‘ambarlik Kitob nozil bo‘lishi bilan emas, balki Alloh tanlagan bandasiga vahiy kelishi bilan amalga oshishini bayon qilamiz. Shu asosda vahiyning qiroat qilinadigan (Qur’on) va qiroat qilinmaydigan (hadis) turlarini sharhlab o‘tamiz.


“Vahiy” so‘zi “maxfiy va tezkor xabar berish”, “ishora qilish” yoki “ilhom berish” ma’nolarini anglatadi. Payg‘ambarlar va valiy zotlar haqidagi oyatlarda ishlatilgan “vahiy” so‘zining aksari shu ikki ma’noga tayanadi.


Rog‘ib Isfahoniy o‘zining “Mufradot” asarida bunday deydi: “Vahiyning asli (ma’nosi) “tezkor ishora” demakdir. Bu ramz yo ishora ko‘rinishidagi so‘z, biror tovush, tana a’zolari harakati va yoki yozuv orqali sodir bo‘lishi mumkin. Alloh taoloning nabiylari va valiylariga yo‘llagan kalomi ham vahiy deyiladi”. Sho‘ro surasining 51-oyatiga ko‘ra, ushbu jarayon bir necha turga bo‘linadi: “Inson bilan Alloh (bevosita) so‘zlashishi joiz emas. Faqat vahiy orqali yo parda ortidan yoki elchi (farishta) yuborib, izni bilan xohlagan narsani vahiy qilishi mumkin. Albatta, U (sha’ni) oliy va hikmat sohibidir”.


Demak, vahiy rasul yo nabiyga quyidagi ko‘rinishlarda nozil bo‘ladi.


Ko‘rinadigan elchi orqali. Bunga Jabroil alayhissalom muayyan suratda kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga so‘zlarini eshittirishi misol bo‘ladi.


Bevosita so‘zlashish. Muso alayhissalom kabi so‘zlovchini ko‘rmay turgan holda, aytganlarini tinglash.


Qalbga solish. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ruhul quds (Jabroil alayhissalom) qalbimga soldi”, deganlaridek.


Ilhom. Muso alayhissalomning onasiga emizish buyurilgani kabi.


Tush orqali. Nabiy alayhissalom: “Vahiy uzildi, faqat bashorat qoldi. U – mo‘minning tushi”, deb marhamat qilganlar


Rog‘ib Isfahoniyning so‘zlariga ko‘ra, “vahiy” ilhom va tushni, “parda ortidan” iborasi so‘zlovchi ko‘rmasdan eshitishni, “elchi yuborib” esa Jabroil alayhissalomning muayyan bir suratda kelishini anglatadi. “Allohning nabiylarga yo‘llagan kalomi vahiydir” degan gapdan ma’lum bo‘ladiki, “vahiy” so‘zi ham xabar berish jarayoniga, ham yuborilgan xabarning o‘ziga nisbatan ishlatiladi. Shundan kelib chiqib, ayrim olimlar vahiyni bunday ta’riflagan: “U – xoh bevosita, xoh bilvosita bo‘lsin – aynan Alloh taoloning huzuridan ekanligi qat’iy sobit bo‘lgan ma’rifatdir”.


Ulamolar vahiyning qirqdan ortiq ko‘rinishini sanab o‘tishgan bo‘lsa-da, ularning barchasi Alloh taolo Qur’oni karimda belgilagan quyidagi to‘rt asosiy shaklga borib taqaladi:


1. Jabroil alayhissalomning o‘z asliy qiyofasida ko‘rinishi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday holatga ikki marta duch kelganlar – bir marta Yerda, bir marta osmonda ko‘rganlar. Bu haqda Najm surasida bayon qilingan.


2. Jabroil alayhissalomning inson qiyofasida kelishi. Uni boshqa odamlar ham ko‘rgan. Ko‘pincha Dihya Kalbiy roziyallohu anhu suratida, ba’zan notanish a’robiy ko‘rinishida namoyon bo‘lgan.


3. Jabroil alayhissalom Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning qalblariga vahiyni joylashi.


4. Jabroil alayhissalomning odamlarga ko‘rinmay tushishi. Bu vahiyning eng ko‘p uchraydigan turi bo‘lib, bunda atrofdagilar farishtani ko‘rmagan, biroq Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdagi og‘ir o‘zgarishlar sezgan. U zot qattiq uyquga ketgandek holatga tushib, hatto sovuq kunlari ham peshonalaridan ter chiqib ketardi. O‘z so‘zlariga ko‘ra, bunday holat oldidan qo‘ng‘iroq ovoziga o‘xshash tovush eshitilgan. Sahobalar bu tovushni asalarilarning g‘ung‘ullashiga o‘xshatgan.


Qur’oni karimning to‘laligicha Jabroil alayhissalom vositasida nozil bo‘lgan. Bunga Shuaro surasining 192-194-oyatlari dalil bo‘ladi: “Albatta, (bu Qur’on) barcha olamlar Parvardigori tomonidan nozil qilingandir. (Ey Muhammad!) uni siz (oxirat azobidan) ogohlantirguvchilardan bo‘lishingiz uchun qalbingizga Ruhul-amin (Jabroil) nozil qildi”.


Vahiy Alloh taoloning payg‘ambarlariga yo‘llagan ilohiy xabari bo‘lib, turli ko‘rinishlarda nozil qilingan. “Jabroil menga qo‘shni haqida shunchalar ko‘p nasihat qildiki, “uni merosxo‘rlardan qilib qo‘ymasa edi” deb o‘ylab qoldim” hadisidan ham bilish mumkinki, Sunnat shunchaki insonning fikri emas, Parvardigorning O‘z elchisi orqali qilgan xitobidir, negaki, farishtalar faqat buyruqni ijro etadi, o‘z-o‘zidan biror ishga qo‘l urmaydi. Qudsiy hadislar ham bunga tasdiq bo‘ladi. Shundan kelib chiqadiki, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari ham Qur’oni karim kabi vahiyga asoslangani bois musulmonlar uchun hidoyat va shariat manbai hisoblanadi.


Mazkur dalillar shuni ko‘rsatadiki, islomni faqat Qur’on bilan cheklab, Sunnatni inkor qilish na ilmiy va na shar’iy asosga ega. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nozil qilingan vahiy nafaqat qiroat qilinadigan Qur’on, balki ummatga dinni tushuntirib beruvchi Sunnat orqali ham yetkazilgan. Shu sababli har bir musulmon kishi Qur’on va Sunnatni hidoyatning bir butun manbai sifatida qabul qilishi lozim.


Nurmuhammad Matkarimov,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot

markazi ilmiy xodimi

 

O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2026 yil 14 maydagi 4224 -sonli xulosasi asosida tayyorlandi

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Restavratsiya laboratoriyasi: Hazrati Usmon Mus'hafi qanday muhofaza qilinmoqda?

03.11.2026   16517   13 min.
Restavratsiya laboratoriyasi: Hazrati Usmon Mus'hafi qanday muhofaza qilinmoqda?

Asrlar osha bizgacha yetib kelgan har bir qo‘lyozma va tarixiy buyum o‘z davrining bilimi, san’ati va xotirasini saqlaydi. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi mutaxassislari ana shu merosni ilmiy asosda o‘rganish, muhofaza qilish va kelajak avlodlarga yetkazish ustida ish olib bormoqda. Ushbu materialda restavratsiya va konservatsiya ishlari qanday olib borilayotgani, jumladan, Hazrati Usmon mus'hafi qanday muhofaza qilinayotgani haqida so‘z boradi, xabar bermoqda iccu.uz.

Tarixiy meros namunasini asrash — faqat yodgorlikni saqlab qolish emas, balki uning tarixiy va ilmiy qiymatini keyingi avlodlarga yetkazish demakdir. Ayniqsa, vaqt va tashqi muhit ta’siriga sezgir bo‘lgan nodir qo‘lyozmalar, pergamentga bitilgan manbalar, sopol, shisha va metall buyumlar bilan ishlash chuqur bilim, aniq tahlil va yuksak mas’uliyatni talab etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining restavratsiya-konservatsiya laboratoriyasida tarixiy-madaniy meros namunalarini ilmiy o‘rganish, ularning fizik-texnik holatini baholash, uzoq muddatli saqlanishini ta’minlash hamda zarur hollarda ilmiy restavratsiya va konservatsiya ishlarini amalga oshirish bo‘yicha tizimli faoliyat yo‘lga qo‘yilgan.

Markaz kolleksiyasi material va tarixiy xususiyatlari jihatidan rang-barang. Unda keramika, shisha va metalldan ishlangan arxeologik hamda etnografik buyumlar bilan bir qatorda qo‘lyozma kitoblar, tarixiy hujjatlar, qog‘oz, pergament va boshqa organik materiallar asosidagi nodir manbalar ham mavjud. Bir turdagi material uchun maqbul bo‘lgan muhit boshqa ashyo uchun mos kelmasligi mumkin, shu bois har bir eksponatning materiali, tuzilishi va saqlanish holati alohida o‘rganiladi.

Nega noyob ashyolarni asrash kerak?

Har bir nodir qo‘lyozma, tarixiy mato, keramika yoki metall buyumning nodirligi — tarixiy va moddiy aslligida, beqiyosligi esa yo‘qolgan taqdirda aynan o‘sha holicha qayta yaratib bo‘lmasligidadir.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Muzey va eksponatlar ilmiy bo‘limi katta ilmiy xodimi Gulnoza Matchanova bunday ashyolarni asrash zaruratini shunday izohlaydi:

«Bugungacha yetib kelgan qo‘lyozmalar, tarixiy matolar, liboslar, gilamlar, keramika buyumlari, oltin-kumush ashyolar, tangalar va boshqa meros namunalari asrlar davomida turli tabiiy, ijtimoiy va antropogen ta’sirlarga qaramay saqlanib kelgan. Tarixiy merosning bizgacha yetib kelgan qismi juda cheklangan. Bu holat har bir asl ashyoning qanchalik nodir va muhofazaga muhtoj ekanini ko‘rsatadi».

Shu ma’noda zamonaviy konservatsiya va restavratsiya oddiy ta’mirlash jarayoni emas. U materialshunoslik, kimyo, biologiya, tarix, san’atshunoslik va muzeyshunoslik kabi sohalar bilan uzviy bog‘liq ilmiy-amaliy faoliyatdir.

Har bir ish o‘rganishdan boshlanadi

Restavratsiya va konservatsiya ishlari, eng avvalo, ashyoni har tomonlama o‘rganishdan boshlanadi. Eksponatning mavjud holati hujjatlashtiriladi, vizual ko‘rikdan o‘tkaziladi, zarur hollarda mikroskopik va chuqurlashtirilgan texnik tahlillar amalga oshiriladi. Olingan ma’lumotlar asosida uni saqlash, konservatsiya qilish yoki restavratsiyadan o‘tkazish bo‘yicha keyingi ishlar belgilanadi.

Mutaxassislar bunda faqat ko‘zga ko‘rinib turgan shikastni emas, balki unga sabab bo‘layotgan jarayonlarni ham o‘rganadi: metalldagi korroziya, qog‘ozning mo‘rtlashuvi yoki pergamentdagi deformatsiya turli omillar ta’sirida yuzaga keladi va har bir holat o‘ziga mos yondashuvni talab qiladi. Gulnoza Matchanovaning ta’kidlashicha, ilmiy hujjatlashtirish ham muhim bosqichlardan biri: eksponatning dastlabki holati, amalga oshirilgan ishlar va qo‘llangan usullarning qayd etilishi kelgusida uning holatini kuzatish va ilmiy asoslangan qarorlar qabul qilish imkonini beradi.

«Har bir eksponat bilan ishlashdan oldin uning materiali, tuzilishi va saqlanish holati chuqur o‘rganiladi. Chunki turli materiallar — metall, keramika, yog‘och, tekstil yoki qo‘lyozmalar — o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lib, ular bilan ishlashda alohida yondashuv talab etiladi. Restavratsiyaning maqsadi buyumni yangilash emas, balki uning tarixiyligi, aslligi va ilmiy qiymatini imkon qadar saqlab qolishdir» — deydi Gulnoza Matchanova.

Preventiv konservatsiya: xavfni oldindan bartaraf etish

Harorat, nisbiy namlik, yorug‘lik miqdori, chang, biologik zararkunandalar, shuningdek, ashyoni ko‘chirish va undan foydalanish tartibi Muzey ashyosining uzoq muddat saqlanishi, uning holatiga ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli preventiv konservatsiya — ya’ni ashyoga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan omillarni oldindan nazorat qilish va ularning ta’sirini kamaytirish muhim o‘rin tutadi.

Markaz restavratori Shuxratillo Po‘latov bu boradagi preventiv choralarning ahamiyati katta ekanini ta’kidlaydi:

«Restavratsiya amaliyoti ko‘p hollarda shikastlangan yoki funksional va estetik xususiyatlarini qisman yo‘qotgan muzey ashyosini tiklash bilan bog‘lanadi. Biroq zamonaviy konservatsiya amaliyotida asosiy ustuvor yo‘nalishlardan biri — preventiv konservatsiyadir. Uning vazifasi ashyoda qaytarib bo‘lmaydigan o‘zgarishlar boshlanishidan oldin xavf omillarini aniqlash va nazorat qilish, harorat, nisbiy namlik va yorug‘lik ko‘rsatkichlarini me’yorda ushlash, shuningdek, saqlash, namoyish etish va foydalanish jarayonlarida eksponatga tushadigan ta’sirni minimal darajaga tushirishdan iborat».

Agar ashyoda yemirilish boshlangan bo‘lsa, uning holatini barqarorlashtirishga qaratilgan konservatsiya tadbirlari amalga oshiriladi. Masalan, qog‘oz va sellyuloza asosidagi manbalarda biologik zararlanish, kislota-ishqor muvozanatining buzilishi yoki materialning zaiflashuvi, metall buyumlarda esa korroziya jarayonlari kuzatilishi mumkin. Bunday holatlarda asosiy vazifa zararlanish jarayonining rivojlanishini to‘xtatish yoki imkon qadar sekinlashtirish va ashyoning holatini barqarorlashtirishdan iborat.

Minimal aralashuv tamoyili

Restavratsiya zarur bo‘lganda ham tarixiy yodgorlikning asl xususiyatlari va yaxlitligini saqlash asosiy mezon bo‘lib qoladi. Qadimiy buyumda vaqt davomida paydo bo‘lgan har bir iz bartaraf etilishi lozim bo‘lgan nuqson emas: ayrim o‘zgarishlar ashyoning qanday yaratilgani, undan qay tarzda foydalanilgani yoki u qanday tarixiy davrlarni boshdan kechirgani haqida muhim ma’lumot beradi. Shu bois restavratorning vazifasi ashyoning tarixiy qiyofasini o‘zgartirish emas, balki uning saqlanib qolishiga xavf tug‘dirayotgan omillarni bartaraf etishdir.

«Restavratsiyada eng muhim tamoyillardan biri — tarixiy yodgorlikning o‘ziga xosligini saqlab qolish va unga imkon qadar kam aralashish. Har bir amal chuqur o‘rganilgan va ilmiy jihatdan asoslangan bo‘lishi kerak»,— deydi Shuxratillo Po‘latov.

Agar qo‘llanayotgan usul kutilgan natijani bermasa yoki ashyo uchun qo‘shimcha xavf tug‘dirishi aniqlansa, muolaja to‘xtatiladi. Eksponat barqarorlashtirilib, yanada xavfsiz usul yoki yangi texnologik yechim paydo bo‘lguniga qadar tegishli sharoitda saqlanadi. Bunday ehtiyotkorlik bejiz emas: noto‘g‘ri aralashuv ayrim hollarda qaytarib bo‘lmaydigan o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin.

Ekspozitsiyadagi ashyolar ham doimiy nazoratda

Konservator-restavratorlarning vazifasi laboratoriyadagi ishlar bilan cheklanmaydi. Markaz mutaxassislari ekspozitsiyada namoyish etilayotgan ashyolarning saqlanish holatini ham muntazam kuzatib boradi. Agar shakl o‘zgarishi, materialning zaiflashuvi, rangdagi o‘zgarish yoki boshqa xavf belgisi aniqlansa, eksponatning holati qayta o‘rganiladi, zarur hollarda u vaqtincha ekspozitsiyadan olinib, tegishli konservatsiya choralari ko‘riladi.

Ayniqsa, qadimiy kitob va qo‘lyozmalarni namoyish etishda bir qator talablar hisobga olinadi. Tashrifchi vitrinada ochiq turgan qo‘lyozmani ko‘radi, mutaxassis esa uning ochilish burchagi, varaqlarga tushadigan bosim, muqova va charm qismlariga tushadigan yuklama, yorug‘lik miqdori hamda mikroiqlim ko‘rsatkichlarini nazorat qiladi. Qo‘lyozmani noto‘g‘ri holatda namoyish etish vaqt o‘tishi bilan uning tikishlari, muqovasi yoki varaqlariga zarar yetkazishi mumkin, shu sababli bunday ashyolar tuzilishi va holatiga mos maxsus tayanch moslamalarida namoyish etiladi.

Hazrati Usmon mus'hafi: alohida mas’uliyat

Markazda olib borilayotgan konservatsiya ishlarining naqadar katta mas’uliyat talab qilishini Hazrati Usmon roziyallohu anhu nomi bilan bog‘liq qadimiy Qur’on qo‘lyozmasi — Hazrati Usmon mus'hafi misolida ham ko‘rish mumkin. Ushbu nodir yodgorlikning tarixiy va ma’naviy qiymati beqiyos bo‘lishi bilan birga, uning moddiy holatini asrash ham alohida professional yondashuvni talab qiladi.

Mus'haf pergamentga bitilgan. Pergament gigroskopik material, ya’ni havodagi namlikni singdirish va tashqi muhit namligidagi o‘zgarishlarga sezgirlik xususiyatiga ega. Shuxratillo Po‘latov buni shunday tushuntiradi:

«Pergament tashqi muhitdagi namlik o‘zgarishlariga juda sezgir. Harorat va namlik ko‘rsatkichlarining keskin o‘zgarishi uning shakli va holatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin». 

Shu bois mus'hafning saqlanish holati O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasi xodimlari hamda Islom sivilizatsiyasi markazi restavratorlari tomonidan muntazam nazorat qilib borilmoqda. Bunda harorat va nisbiy namlikning barqarorligi, shuningdek, qo‘lyozmaga tushadigan yorug‘lik miqdoriga alohida e’tibor qaratiladi.

Nodir qo‘lyozmani kelajak avlodlarga yetkazish maqsadida xalqaro mutaxassislar bilan hamkorlikda ham ishlar amalga oshirilmoqda. Buyuk Britaniya, Turkiya va Fransiyadan jalb etilgan mutaxassislar ishtirokida mus'hafning har bir varag‘i sinchiklab ko‘zdan kechirilib, uning saqlanish holati batafsil hujjatlashtirilgan. Aniqlangan nuqsonlar, deformatsiyalar va boshqa o‘zgarishlar yozma qaydlar hamda fotosuratlar orqali qayd etilgan.

Bu ma’lumotlar keyingi konservatsiya va restavratsiya ishlarini ilmiy asosda rejalashtirish uchun muhim manba bo‘lib xizmat qiladi: qaysi holatda bevosita konservatsiya zarurligi, qayerda restavratsiyaga ehtiyoj borligi yoki qaysi qismni barqaror sharoitda kuzatishda davom etish maqsadga muvofiqligi aynan shunday tadqiqotlar asosida belgilanadi.

Tarixiy yodgorlikning qiymati faqat uning tashqi ko‘rinishi bilan belgilanmaydi. Qo‘lyozmaning har bir varag‘i, siyoh qatlami, pergamentning tuzilishi va asrlar davomida unda yuz bergan o‘zgarishlar ham ilmiy ma’lumot manbaidir. Shu ma’noda yodgorlikni asrash — uning moddiy qiyofasi bilan birga o‘zida saqlab kelayotgan tarixiy ma’lumotni ham muhofaza qilish demakdir.

Bir professional muhitda — kompleks yondashuv

O‘zbekiston muzeylarida restavratsiya va konservatsiya ishlari avvaldan mavjud bo‘lib, bu sohada muayyan tajriba va amaliy maktab shakllangan. Gulnoza Matchanovaning ta’kidlashicha, Markazning farqli jihati — turli materiallar bo‘yicha ixtisoslashgan, xorijda malaka oshirgan va ilmiy-tadqiqot tajribasiga ega mutaxassislarni bir professional muhitda jamlayotganida. Qo‘lyozma va nodir asarlar, to‘qimachilik, metall, keramika va boshqa ashyolar bo‘yicha mutaxassislarning bir tizimda ishlashi har bir obyekt uchun uning material tarkibi, fizik-kimyoviy holati, buzilish sabablari va tarixiy xususiyatlariga mos individual strategiya ishlab chiqish imkonini beradi.

«Markazni O‘zbekistonda restavratsiya sohasi endi boshlanayotgan joy sifatida baholash to‘g‘ri emas. Bu yerda avvaldan mavjud tajriba va an’analar zamonaviy xalqaro konservatsiya amaliyoti, ilmiy metodologiya va ixtisoslashgan kadrlar salohiyati bilan bir tizimga birlashtirilmoqda. Bizda qo‘lyozma, tekstil, metall va keramika kabi yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislarning bir professional muhitda ishlashi kompleks yondashuvni shakllantiryapti. Bu nafaqat alohida eksponatni restavratsiya qilish, balki fond va ekspozitsiya ashyolarining holatini monitoring qilish, profilaktik konservatsiya choralarini belgilash va uzoq muddatli saqlash strategiyasini ishlab chiqish imkonini beradi»,— dedi Gulnoza Matchanova.

Kelajak uchun: zamonaviy infratuzilma va kadrlar

Kolleksiya yangi ashyolar bilan boyib borgani sari ularni o‘rganish, muhofaza qilish va to‘g‘ri namoyish etishga xizmat qiladigan professional infratuzilmaning ahamiyati ham ortib boradi. Laboratoriyani zamonaviy analitik uskunalar bilan jihozlash, ashyolarning tarkibi va saqlanish holatini yuqori aniqlikda o‘rganish imkoniyatlarini kengaytirish shu yo‘nalishdagi muhim vazifalardan hisoblanadi. Shuningdek, konservatsiya amaliyotida ekologik xavfsiz materiallardan foydalanish va xalqaro tajribani mahalliy amaliyot bilan uyg‘unlashtirishga e’tibor qaratilmoqda.

Zamonaviy texnologiyalar bilan bir qatorda malakali kadrlar tayyorlash ham hal qiluvchi ahamiyatga ega. Markazda shakllanayotgan yosh restavratorlar jamoasining kasbiy bilim va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish, ularning xalqaro tajribani o‘rganishi va zamonaviy usullarni amaliyotda qo‘llay olishiga sharoit yaratish muhim vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda. Shuxratillo Po‘latov ta’kidlaganidek, Markaz kolleksiyasining o‘ziga xosligi va kelgusida yanada boyib borishi restavratsiya-konservatsiya xizmatining mas’uliyatini oshiradi, bugun shakllanayotgan mutaxassislar jamoasi esa kelajakda yanada keng va rang-barang kolleksiya bilan ilmiy asosda ishlash salohiyatiga ega professional maktabni shakllantirishga xizmat qiladi.

Muzey zalida tashrifchi tarixiy merosning bugungi qiyofasini ko‘radi. Restavratsiya-konservatsiya laboratoriyasida esa shu merosning ertangi kuni uchun ilmiy asos yaratiladi. Bu yerda olib borilayotgan tadqiqot, kuzatuv va konservatsiya ishlari asrlar davomida bizgacha yetib kelgan tarixiy merosni uning asl xususiyatlari va ilmiy qiymatini saqlagan holda kelajak avlodlarga yetkazishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari