Shu munosabat bilan Samarqand viloyati hokimligi va viloyat vakilligi hamkorligida Qo‘shrabot tumanida keng qamrovli mehr-saxovat tadbiri tashkil etildi. Unda viloyat va tuman hokimligi mutasaddilari, bosh imom-xatib o‘rinbosarlari hamda joriy yilda muqaddas Haj ibodatini ado etib qaytgan hoji otalar ishtirok etdilar.
Tadbir doirasida tumandagi 16 ta mahallada istiqomat qiluvchi 250 dan ortiq ehtiyojmand xonadonga tashabbuskor hojilar homiyligida maktab formalari va oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
Muborak safardan qaytgan hojilarimizning bu kabi ezgu ishlarga bosh-qosh bo‘layotgani xalqimiz orasida mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan aholi bilan yo‘lga qo‘yilgan ochiq va samimiy muloqot tizimi fuqarolarning murojaatlarini atroflicha o‘rganish hamda ularga tezkor yechim topishda muhim omil bo‘lmoqda.
12 avgust kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazib, yurtdoshlarimizning arz, taklif va murojaatlarini tingladilar. Yuzma-yuz suhbat jarayonida masjidlar holati va faoliyati, imom-xatiblar ishi, Haj va Umra ziyoratlarini tashkil etish, oilaviy munosabatlarni tartibga solish hamda moddiy yordam ko‘rsatishga oid ko‘plab masalalar chuqur tahlil qilinib, ularning aksariyati joyida ijobiy hal etildi.
Eslatib o‘tamiz, bu kabi qabullar va fuqarolar bilan muloqot tadbirlari Diniy idoraning hududiy vakilliklari hamda yurtimizdagi barcha jome masjidlarda har haftaning chorshanba kuni imom-xatiblar tomonidan o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati