«Dorul hadis Avvomiyya» ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Hadis ilmi maktabiga hadis ilmi va islomiy ilmlarning turli sohalariga oid bir qancha kitoblar hadya qilindi.
Mazkur kitoblar orasida zamonamizning taniqli muhaddis olimlaridan Shayx Muhammad Avvoma, doktor Muhyiddin Avvoma hamda boshqa yetuk ulamolarning ilmiy asarlari o‘rin olgan.
Taqdim etilgan adabiyotlar hadis va hadis ilmlari, mustalahul hadis, aqoid, turli adashgan oqim va toifalarning qarashlariga ilmiy raddiyalar hamda boshqa diniy ilmlarga oid asarlarni o‘z ichiga oladi. Ushbu kitoblar ahli sunna val jamoa aqidasi va hanafiy mazhabi ilmiy an’analariga muvofiqligi bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, institut o‘qituvchilari tomonidan nashr etilgan kitoblardan ham kutubxonaga taqdim etildi.
Mazkur ilmiy tuhfa Hadis ilmi maktabining kitob fondini boyitish, professor-o‘qituvchilar va talabalarning ilmiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, hadisshunoslik va islomiy ilmlar bo‘yicha tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirishga xizmat qiladi.
Hadis ilmi maktabi jamoasi ushbu ilmiy hadya uchun «Dorul hadis Avvomiyya» ilmiy-tadqiqot markazi rahbariyati va xodimlariga samimiy minnatdorlik bildiradi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati