Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!» dasturi ijrosi doirasida viloyat hokimligi apparati xodimlari uchun Toshkent shahriga ikki kunlik ma’rifiy sayohat tashkil etildi, xabar bermoqda "Zarafshon" nashri.
Sayohat ishtirokchilari dastlab mamlakatimizning ilmiy va ma’naviy salohiyatini o‘zida mujassam etgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lishdi. Ular bu yerda amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan boy ilmiy-ma’naviy merosni asrab-avaylash va keng targ‘ib etishga qaratilgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Shundan so‘ng sayohat dasturi poytaxtning ramziy maskanlari — Mustaqillik maydoni va «Yangi O‘zbekiston» bog‘ida davom etdi. Shuningdek, ishtirokchilar Toshkent shahridagi teatrlar va muzeylarga borib, mamlakatimizda madaniyat va san’at sohasida amalga oshirilayotgan yangilanishlar bilan tanishish imkoniga ega bo‘lishdi.
- Bunday sayohatlar davlat xizmatchilari uchun nafaqat mazmunli hordiq, balki katta ma’naviy ozuqa hamdir, - deydi viloyat hokimining maslahatchisi Sherali Temirov. - Ayniqsa, Islom sivilizatsiyasi markazida yaratilgan sharoitlar, boy tarixiy merosimiz va poytaxtimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari barchamizda chuqur taassurot qoldirdi. Bu kabi safarlar jamoadagi hamjihatlikni mustahkamlash, yangi g‘oya va tashabbuslar bilan qaytish hamda ish faoliyatiga yanada katta ishtiyoq bilan kirishishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati vakilligi, «Vaqf xayriya» jamoat fondi hamda viloyat hokimligi hamkorligida kam ta’minlangan oilalarning 35 nafar farzandi uchun sunnat to‘yi o‘tkazildi.
Xayrli tadbir davomida bolajonlarga kiyim-kechaklar va sovg‘a-salomlar taqdim etilib, ularning quvonchiga quvonch ulashildi. To‘yxonada osh damlanib, mehmonlar va yurtdoshlarga dasturxon yozildi.
Bunday xayrli va saxovatli ishlar mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida amalga oshirilib, xalqimizga bo‘lgan mehr-e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir yorqin namunasi bo‘ldi.
Sirdaryo viloyati vakilligi matbuot xizmati