Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Avgust, 2026   |   16 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:22
Quyosh
05:46
Peshin
12:24
Asr
17:05
Shom
19:05
Xufton
20:25
Bismillah
29 Avgust, 2026, 16 Rabi`ul avval, 1448
Maqolalar

Ota – oila ustuni

21.07.2026   25009   2 min.
Ota – oila ustuni

Ota – oilaning suyanchi, farzandning qalqoni, jamiyatning ustuni. Farzand tarbiyasi – bu faqat onaning emas, balki otaning ham vazifasidir. Chunki oila ikki qanot, sog‘lom bo‘lsagina, to‘g‘ri parvoz eta oladi. Alloh taolo kalomida bunday deydi: “Ey mo‘minlar, o‘zlaringizni va oilangizni do‘zax o‘tidan saqlang!” (Tahrim surasi, 6-oyat).  Bu oyatdan ma’lumki, Alloh taolo har bir musulmon erkakni o‘z oilasi, xususan, farzandlari uchun javobgar qilib qo‘ygan. Ularning ma’naviy-axloqiy darajada yuksak bo‘lishi bir tomondan otaning ham vazifasidir.

Ota – oilaning imomidir, u namozdagi imomdek, oilasini to‘g‘ri yo‘lga boshlashi kerak. Chunki bir jihatdan, oyatda zikr etilganidek, ular ayollarga ham rahbardirlar, o‘z hukmronligi mustahkam bo‘lgan oilada, albatta, farzandlar ham aqlli, farosatli bo‘lib yetishadi. Yosh bolaning qalbi oppoq sahifaga o‘xshaydi. Ota bu sahifaga qanday so‘zlar yozsa, farzandning kelajagi shunga ko‘ra shakllanadi. Demak, bolaga iymon, halollik, sabr, mehr-oqibat, fidoyilik kabi fazilatlarni berish otaning birinchi navbatdagi burchidir.

Afsuski, ayrim otalar farzandining jismoniy ta’minotini qilib, axloqiy va ma’naviy tarbiyasini unutmoqda. Mehrsiz go‘zal oqibat shakllanmaydi. Farzandga yangi telefon, kiyim olish emas, uni namozga o‘rgatish, halol-haromni anglatish, Alloh sevgisini yuragiga solish muhimroq. Chunki bola ota nima qilsa, o‘sha yo‘ldan yuradi. Bolalar otalarini o‘zlariga “qahramon” sifatida tanlashadi. Ota tongda bomdodga tursa, farzand ham tongda uyg‘onishni o‘rganadi. Ota halol mehnat qilsa, farzand halollikni qadrlaydi. Farzandlar otalarning vijdoni, ularning pok e’tiqod natijasidir.

Ota – o‘z hayoti bilan dars beradigan inson. Islom olamining yetuk namoyandasi Fotima Samarqandiyaning otasi – buyuk muhaddis va faqih Muhammad ibn Ahmad Samarqandiyning o‘zaro munosabatlarida ko‘ramiz. Fotima Samarqandiya yoshligidan ilm o‘rgandi. Otasi uni nafaqat dunyo ilmlariga, balki Qur’on, fiqh va hadisga oshno qildi. Fotima ilmda otasining eng yaqin shogirdi, hayotda esa eng sodiq yordamchisi edi. Ustoz sifatida otasi uni buyuk alloma sifatida tarbiyaladi. Otasi unga o‘z qo‘li bilan fiqhiy masalalar yozilgan daftarini ishonib topshirgan. Bu nafaqat ilmiy ishonch, balki otalik e’tibori va muhabbatining yorqin belgisi edi.

Farzandingiz sizga Allohning omonati. Uni faqat dunyoviy emas, axloqiy va diniy tarbiya bilan ham boyiting. Har bir o‘rgatgan duoingiz, har bir qilgan mehribonligingiz, har bir amalingiz – siz uchun sadaqai joriyadir. Bu dunyodan o‘tganingizdan so‘ng ham sizga ajr bo‘lib qaytaveradi. Unutmang, yaxshi farzand bu – otaning eng buyuk merosidir.

Mahfuza BOZOROVA,
“Jo‘ybori Kalon” ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi
“Mo‘minalar” jurnalining 2025 yil 9-sonidan

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Yurtimiz bo‘ylab 6000 nafarga yaqin obodonlashtirish xodimlariga bayram hadyalari ulashildi

26.08.2026   30919   1 min.
Yurtimiz bo‘ylab 6000 nafarga yaqin obodonlashtirish xodimlariga bayram hadyalari ulashildi

Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami arafasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda yurtimiz ozodaligiga beqiyos hissa qo‘shib kelayotgan 2500 nafardan ortiq obodonlashtirish xizmati xodimlariga oziq-ovqat jamlanmalari tarqatdi.

Tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad mashaqqatli va sharafli mehnati har doim ham ko‘zga ko‘rinavermaydigan soha xodimlarining mehnatini e’tirof etish, ularning qalbiga bayram shukuhi, xonadonlariga quvonch kiritishdir.

Inson qadrini ulug‘lash va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bu kabi xayrli ishlar shu kunlarda yanada keng quloch yozib, mamlakatimizning barcha hududlarida o‘tkazildi.

Shuningdek, homiylar tomonidan Respublikamiz bo‘ylab 3500 nafarga yaqin ana shunday fidoyi xodimlarning ko‘ngli xushnud etildi.

Bu kabi xayr-saxovatga yo‘g‘rilgan bayram tadbirlari o‘lkamizning barcha go‘shalarida davom etmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari