Adliya vazirligi shariat tamoyillari asosida faoliyat yurituvchi banklar va islomiy moliyalashtirish xizmatlarini ko‘rsatuvchi bo‘linmalarni litsenziyalash tartibini belgilovchi normativ-huquqiy hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Kapital.uz bildirishicha, bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Qonunchilikka ko‘ra, islomiy moliyalashtirish faoliyati faqat litsenziya asosida amalga oshiriladi. Yangi tartib tadbirkorlarga islom banklarini tashkil etish, amaldagi tijorat banklariga esa “Islomiy darcha” (Islamic windows)ni ochish uchun huquqiy asos yaratadi.
Faoliyatni boshlash uchun muassislar Markaziy bank bilan kelishilgan tarkibdagi maxsus Shariat kengashini shakllantirishi, malakali rahbarni tayinlashi hamda xalqaro standartlarga muvofiqlikni ta’minlaydigan ichki siyosatni ishlab chiqishi lozim.
Hujjatda kadrlar tarkibiga alohida talablar belgilangan. Shariat kengashi kamida uch nafar mutaxassisdan iborat bo‘lishi kerak. Kengash raisi va uning o‘rinbosari islomshunoslik yo‘nalishida oliy ma’lumotga ega bo‘lishi shart. Qolgan a’zolar huquqshunos yoki iqtisodchi bo‘lishi mumkin. Islom huquqi bo‘yicha mutaxassislar kamida 5 yillik amaliy tajribaga, texnik mutaxassislar esa bank, moliya yoki huquq sohasida kamida 7 yillik ish stajiga ega bo‘lishi talab etiladi.
Kengashning kamida bir nafar a’zosi (2027-yil 1-iyuldan boshlab esa barcha a’zolari) AAOIFI xalqaro sertifikatiga ega bo‘lishi lozim. Bundan tashqari, islom huquqi bo‘yicha mutaxassislar birlamchi manbalar bilan ishlash uchun arab tilini bilishi shart.
Islomiy moliyalashtirish yo‘nalishi rahbariga ham qat’iy talablar qo‘yilgan. U kamida 7 yillik moliya sohasidagi ish tajribasiga, iqtisodiy yoki tegishli oliy ma’lumotga hamda AAOIFI sertifikatiga ega bo‘lishi kerak.
Shuningdek, Markaziy bank bilan kelishilgan top-menejerlar lavozimga kirishganidan keyin bu haqda 5 ish kuni ichida yozma ravishda xabar berish majburiyatini nazarda tutuvchi norma bekor qilindi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil iyun oyi boshida Markaziy bank islom moliyalashtirish tizimini an’anaviy moliya tizimiga integratsiya qilish bo‘yicha normativ hujjat loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygandi. Unda litsenziya berish, rahbariyatni kelishish hamda amaldagi mikromoliya tashkilotlarini bosqichma-bosqich islom banklariga aylantirish mexanizmlari batafsil bayon etilgan edi.
Loyihaga ko‘ra, moliya tashkilotlari Shariat kengashi va ichki audit xizmatini tashkil etishi, shariat standartlariga rioya qilish siyosatini tasdiqlashi shart. Banklar avtomatlashtirilgan tizimlarda alohida buxgalteriya hisobini yuritishi, shariat talablariga mos bo‘lmagan daromadlarni esa faqat xayriya maqsadlariga yo‘naltirishi belgilangan.
Kadrlar uchun ham alohida talablar nazarda tutilgan. Shariat kengashi a’zolari va rahbarlar tegishli ma’lumot hamda AAOIFI (CSAA, CPAAGE, CIPA yoki CPSS) sertifikatlariga ega bo‘lishi kerak. Islom huquqi bo‘yicha mutaxassislar arab tilini bilishi, ularning kamida uchdan ikki qismi O‘zbekiston fuqarolari bo‘lishi lozim. Rahbar lavozimiga nomzodlar esa Markaziy bankda ishbilarmonlik obro‘si va tavakkalchiliklarni boshqarish bo‘yicha suhbatdan o‘tadi.
Loyiha mamlakatdagi barcha kredit tashkilotlari uchun ham yangi talablarni belgilagan. Litsenziya berish uchun davlat boji eng kam ustav kapitalining 0,1% i miqdorida etib belgilangan. Filial ochishda esa nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun to‘siqsiz muhit mavjudligi yuzasidan Qurilish inspeksiyasining xulosasini olish majburiy etib belgilangan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markazining Katta majlislar zalida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» mavzusidagi I ilmiy-amaliy anjumani boshlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu nufuzli tadbirda Prezident maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, shuningdek, diniy ta’lim muassasalari rahbarlari, bosh imom-xatiblar va OAV vakillari ishtirok etmoqda. Anjumanga jami 700 nafarga yaqin pedagog va soha vakillari jalb etilgan bo‘lib, ularning 300 nafari bevosita zalda, 400 nafari esa hududlardan videoselektor orqali qatnashmoqda.
So‘zga chiqqan notiqlar so‘nggi yillarda Prezidentimiz tashabbuslari bilan diniy-ma’rifiy sohani takomillashtirish va zamonaviy kadrlar tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarga to‘xtalib o‘tmoqda. Ta’kidlanganidek, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy islom instituti va madrasasi hamda 4 ta xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilishi ilm ahliga keng imkoniyatlar eshigini ochdi. Toshkent islom institutida magistratura ochildi, tizimdagi 510 nafar pedagogning 50 nafardan ortig‘i PhD va DSc ilmiy darajalariga ega bo‘ldi.
Shuningdek, yurtimizdagi diniy ta’lim muassasalariga Misrning Al-Azhar majmuasi ustozlari jalb etildi. 90 ta fan dasturi va yangi avlod darsliklari yaratildi. Mir Arab, Xadichai Kubro, Hidoya va Ko‘kaldosh madrasalari zamonaviy binolarga ega bo‘lib, Iordaniya, Misr va Birlashgan Arab Amirliklarining yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorliklar rivojlanmoqda.
Ushbu nufuzli anjumandan ko‘zlangan maqsad ham professor-o‘qituvchilar uchun ilmiy-amaliy muloqot maydonini yaratish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini yuksaltirish, ta’lim jarayoniga raqamli va innovatsion usullarni keng joriy etishdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati