Shu yilning boshida Madaniyat va turizm vazirligi hamda Samarqand viloyat hokimi o'rinbosari R.Qobilov boshchiligidagi delegatsiya a'zolari Malayziya hamda Indoneziyada bo'lib qaytgandi.
“Zarafshon” nashri bildirishicha, tashrif davomida o'zbekistonlik delegatsiya a'zolari Indoneziyaning “NET MEDIA” media tashkiloti rahbari Eko Yuvono bilan ham uchrashib, O'zbekistonning sayyohlik salohiyatini namoyish etish bo'yicha kelishuvga erishgan edi. Ushbu kelishuv sabab, yaqinda Samarqandga mazkur media kanallardan bir guruh jurnalistlar kelib, mamlakatimizda boshqa davlatlarning musulmon ahli ziyorat etishi mumkin bo'lgan tarixiy obidalar, ziyoratgohlar haqida hujjatli fil'm tayyorlamoqda.
- Samarqandning juda ko'p tarixiy hududlarini ko'rdik, tasvirga oldik, - deydi Muslim Travelers kanali muxbiri Chiki Fawzi. – Mazkur lavhalarimiz aynan Ramazon oyida efirga uzatilishini hisobga olgan holda bu erdagi buyuk allomalar xoki poylari yotgan muqaddas qadamjolardan, Imom Buxoriy majmuasidan ko'proq lavhalar tayyorlashga harakat qilayapmiz. Samarqandga birinchi kelishim, bu shahar menda o'zgacha taassurot uyg'otdi. Odamlar juda xushmuomala, taomlari esa har qanday shirintomoq kishilarni sehrlab qo'yadi. Samarqanddan so'ng Buxoroga ham borib, u erdagi tarixiy obidalarni ham tasvirga olishni rejalashtirganmiz.
Indoneziyada 250 millionga yaqin aholi istiqomat qiladi. Keyingi yillarda mamlakatimizda ziyorat turizmi borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada bir necha xalqaro anjumanlar o'tkazildi, ko'p sonli musulmonlar istiqomat qiladigan davlatlar bilan turizm bo'yicha o'zaro aloqalar o'rnatildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuo xizmati
Shri-Lankaning “Uthaym” nashrida O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, uni asrab-avaylash va kelajak avlodlarga bezavol yetkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Materialda Yangi O‘zbekistonda milliy qadriyatlarni tiklash, madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, ilm-fan va ma’rifatni rivojlantirishga qaratilgan islohotlar yuksak baholangan.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ma’naviy-ma’rifiy sohani tubdan takomillashtirish, xalqning ko‘p asrlik boy ilmiy-madaniy merosini o‘rganish hamda uni jahon hamjamiyatiga keng targ‘ib etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Mamlakatda tarixiy obidalarni restavratsiya qilish, muzeylar va arxivlar faoliyatini modernizatsiya qilish, qo‘lyozmalarni asrab-avaylash va raqamlashtirish, milliy madaniy merosni xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etilgan.
Maqolada Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilgari surilgan Uchinchi Renessans g‘oyasi mamlakat taraqqiyotining muhim strategik yo‘nalishi sifatida alohida e’tirof etilgan. Muallif fikricha, mazkur g‘oya nafaqat tarixiy merosni asrab-avaylash, balki ilm-fan, ta’lim, madaniyat va innovatsiyalarni uyg‘un rivojlantirish orqali mamlakatning intellektual va ma’naviy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Uchinchi Renessans konsepsiyasi O‘zbekistonning buyuk ilmiy an’analarini qayta tiklash, yosh avlodni bilimli va vatanparvar etib tarbiyalash hamda mamlakatning xalqaro nufuzini yanada mustahkamlashga qaratilgan umummilliy dastur sifatida baholanmoqda.
Gazetaning yozishicha, O‘zbekistonda kechayotgan o‘zgarishlar faqat madaniy sohadagi islohotlar bilan cheklanmaydi. Ular mamlakatning ilmiy, ma’naviy va intellektual taraqqiyotini ta’minlashga qaratilgan uzoq muddatli strategiyaning ajralmas qismi hisoblanadi. Ilmiy muassasalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, tarixiy manbalarni tadqiq etish, madaniy merosni muhofaza qilish va zamonaviy ta’lim tizimini rivojlantirish kabi yo‘nalishlar yagona maqsad — Yangi O‘zbekistonning mustahkam ma’naviy poydevorini yaratishga xizmat qilayotgani alohida qayd etilgan.
Maqolada Toshkent shahrida barpo etilgan O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga keng o‘rin ajratilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va g‘oyasi asosida barpo etilgan mazkur betakror majmua O‘zbekistonning madaniy va ilmiy siyosatidagi eng muhim istiqbolli loyihalardan biri bo‘ldi. Markazda VII asrga oid noyob Usmon Mus'hafi saqlanayotgani uning tarixiy ahamiyatini yanada oshiradi.
Shu bilan birga, bu yerda qo‘lyozmalarni ilmiy o‘rganish, restavratsiya qilish, arxiv materiallarini tizimlashtirish va zamonaviy texnologiyalar asosida raqamlashtirish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.
Gazetada O‘zbekistonning YUNЕSKO va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan madaniy merosni muhofaza qilish sohasidagi hamkorligi, tarixiy obidalarni asrab-avaylash, ularni xalqaro turizm va ilmiy tadqiqotlar bilan uyg‘un rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlari haqida so‘z yuritilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati