Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutining ilk magistrantlariga diplom topshirish tantanali marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Sodiqjon Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, vazirliklar, idoralar vakillari, taniqli ulamo va imom-xatiblar, o‘qituvchi va talabalar, soha faxriylari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
So‘zga chiqqan notiqlar keyingi yillarda muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari bilan diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan izchil islohotlar natijasida diniy ta’lim va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishida misli ko‘rilmagan tarixiy natijalarga erishilgani alohida e’tirof etildi.
Shuningdek, bitiruvchi magistrantlar yurtimiz va xorijiy nashrlarda 52 ta ilmiy maqola nashr ettirgani, “Sahihi Buxoriy”, “Sunani Termiziy”, "Tafsiri Nasafiy", "Hidoya", "Aqoidi Nasafiy" kabi mo‘tabar manbalar bo‘yicha 53 ta ilmiy ijozat shahodatnomasi olgani, barchasining umumiy o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 90% dan yuqori bo‘lgani, til bo‘yicha mahalliy va xalqaro sertifikatlar bilan birga raqamli texnologiyalar, 3D modellashtirish va xalqaro Islom moliyasi hujjati (CPSS) sohibi ekanlari yuqori baholandi.
Mana shunday yuksak natijalarni qo‘lga kiritgan bitiruvchi magistrlarga Prezident maslahatchisi Muzaffar Komilov Davlatimiz Rahbarining 20 million so‘mdan pul mukofoti sertifikatlarini tantanali ravishda topshirdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati vakilligi, «Vaqf xayriya» jamoat fondi hamda viloyat hokimligi hamkorligida kam ta’minlangan oilalarning 35 nafar farzandi uchun sunnat to‘yi o‘tkazildi.
Xayrli tadbir davomida bolajonlarga kiyim-kechaklar va sovg‘a-salomlar taqdim etilib, ularning quvonchiga quvonch ulashildi. To‘yxonada osh damlanib, mehmonlar va yurtdoshlarga dasturxon yozildi.
Bunday xayrli va saxovatli ishlar mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida amalga oshirilib, xalqimizga bo‘lgan mehr-e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir yorqin namunasi bo‘ldi.
Sirdaryo viloyati vakilligi matbuot xizmati