Misrning “See News” va “Al-Ahram” nashrlarida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Birodar shaharlar xalqaro forumi hamda Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi haqida maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
“See News” portali ma’lum qilishicha, joriy yilning 24–25 iyul kunlari Samarqand shahrida O‘zbekistonning xalqaro hamkorligini kengaytirish, shaharlar o‘rtasidagi sheriklikni mustahkamlash va xalq diplomatiyasini rivojlantirishga qaratilgan Birodar shaharlar xalqaro forumi bo‘lib o‘tadi.
Forum davomida shaharlar hamkorligi masalalariga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar, panel sessiyalari va davra suhbatlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, birodar shaharlar o‘rtasida memorandum va bitimlarni imzolash marosimlari, xalq diplomatiyasi va hududlararo hamkorlik taqdimotlari, xorijiy delegatsiyalar uchun madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Samarqandning tarixiy obidalariga tashriflar, investitsiya, turizm va madaniyat sohalariga bag‘ishlangan turli ko‘rgazmalar esa ishtirokchilarda katta taassurot qoldiradi.
“Al-Ahram” gazetasi muxbiri Muhammad Abdulsalom Sabrin Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi haqida reportaj tayyorladi. Jurnalistning yozishicha, u ushbu muhtasham majmuani “Imom Buxoriyning “Al-Jome’ as-sahih” asari – ummat kitobi” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya doirasida borib ko‘rgan.
Maqolada Imom Buxoriy majmuasi qariyb 450 ming kvadrat metr maydonni egallagan yaxlit ilmiy-ma’rifiy va ma’naviy markaz sifatida tasvirlangan. Unda to‘rtta 75 metrli minoraga ega masjid, Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy safarlariga bag‘ishlangan noyob qo‘lyozmalar hamda xaritalar jamlangan to‘qqiz pavilondan iborat interaktiv muzey mavjud.
Muallifning qayd etishicha, rekonstruksiya ishlaridan so‘ng majmuaning kunlik qabul qilish quvvati 12 ming nafardan qariyb 65 ming nafar ziyoratchigacha oshgan. U ushbu majmuani nafaqat betakror me’moriy yodgorlik, balki xalqlar o‘rtasida o‘zaro hurmat va tinch-totuv yashash g‘oyalarini o‘zida mujassam etgan ma’naviy maskan sifatida ta’riflagan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.
Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.
1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.
1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.
Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.
2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati