1. Bismillohni aytish.
2. O‘ng qo‘lda ichish.
3. Dam olib, (idishning tashqarisida) nafas olib, uchga bo‘lib ichish.
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam ichimlikda uch marta nafas olar edilar” (Imom Muslim rivoyati).
4. O‘tirib ichish.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Birortangiz tik turib ichmasin”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Doktor Abdurazzoq Kilyaniy aytadi: “Suvni o‘tirib ichish sog‘liq uchun foydalidir. Bunda insonning oshqozoni tinch va bo‘shashgan holatda bo‘ladi, bu esa o‘z navbatida suvni oshqozonga hech qanday to‘siqlarsiz to‘g‘ri kelib tushishini ta’minlaydi. O‘tirib ichilganda suv avval oshqozonga tushib, kislotali muhit bilan qorishadi, so‘ngra organizmdagi mikroblarni tozalaydi va o‘n ikki barmoq ichakka o‘tadi. Bu inson organizmini turli kasalliklardan himoyalanashiga sabab bo‘ladi. Inson tik turib suv ichganda esa, suv to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘n ikki barmoq ichakka o‘tib ketadi. Bu inson salomatligi uchun zararlidir”.
5. Ichib bo‘lgach, Allohga hamd aytish.
“Albatta, Alloh taolo banda taom yeb Unga hamd aytganidan, ichimlik ichib, Unga hamd aytganidan rozi bo‘ladi” (Imom Muslim rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
Gunohga sabab bo‘lmasa, otaonaning buyurganlarini albatta bajarish; ota-onaga muloyim so‘zlash; uyga kirganlarida, hurmatlari uchun o‘rnidan turish; har tong salom berish, uyqudan oldin xayrli tun tilash; mol-mulklarini saqlash; so‘ragan narsalarini berish; ulardan maslahat so‘rash; ota-ona haqiga duo va istig‘for aytish; ular mehmon kutishsa, yonlarida muntazir bo‘lib turish; ularning aytishlarini kutmay, ularni xursand qiladigan ishlarni bajarish; ularning huzurlarida ovozni baland ko‘tarmaslik; gaplarini bo‘lmaslik; izn berishmagan joyga bormaslik; uxlayotganlarida bezovta qilmaslik; ahli ayoli, farzandlarini ulardan ustun qo‘ymaslik; ota-ona xatoga yo‘l qo‘ysalar, bilmaslikka olish, darhol kechirib, unutish; kulgili gap bo‘lsa ham, ularning huzurlarida o‘zini tutish; ular yaxshi ko‘radigan taomni ilinish; ulardan oldin taomga qo‘l cho‘zmaslik; ularning oldilarida cho‘zilib yotmaslik, oyoq uzatmaslik; uyga ulardan oldin kirmaslik, oldilariga tushib yurmaslik; chaqirganlarida tezlik bilan javob berish; ularning hayotliklarida ham, vafot etganlaridan keyin ham do‘stlarini hurmat qilish; ota-onasining hurmatini qilmaydiganlar bilan do‘stlashmaslik; ularning haqlariga duo qilish; vafotlaridan keyin Allohning quyidagi kalomini ko‘p aytish: «Ey, Rabbim! Meni ular go‘daklik chog‘imda tarbiyalaganlaridek, Sen ham ularga rahm qilgin!» (Isro surasi, 24-oyat).
Ibrohimjon INOMOV tayyorladi.
“Islom nuri” gazetasining 2026 yil 10-sonidan
http://hidoyatuz.taplink.ws