Maqolada XXI asrning birinchi choragida dunyoda jadal texnologik va ilmiy taraqqiyot bilan birga, mafkuraviy tahdidlar, ma’naviy inqirozlar va mutaassiblik kayfiyatining avj olishi ham kuzatilayotgani ta’kidlanadi. Muallif jamiyatda yuzaga kelayotgan bunday murakkab sharoitda Yangi O‘zbekistonda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan “Jaholatga qarshi – ma’rifat” tamoyilining mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini batafsil yoritib bergan.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda radikalizm va ekstremistik g‘oyalarga qarshi kurashishda faqat ma’muriy choralar yoki kuch ishlatish usullari bilan cheklanib bo‘lmaydi. Bu borada eng samarali va barqaror yechim aholi, ayniqsa, yoshlarning ma’rifatini oshirish, odamlar qalbiga islom dinining asl insonparvarlik va bag‘rikenglik mohiyatini singdirishdir.
Maqolada O‘zbekistonda buyuk ajdodlarimiz, xususan, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va boshqa mutafakkir allomalarning boy ilmiy-ma’naviy merosini tadqiq etish, ularni xalqaro darajada targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga alohida to‘xtalib o‘tilgan. Shuningdek, muallif yurtimizda tashkil etilgan, ilmiy-tadqiqot markazlari va ta’lim muassasalari tomonidan amalga oshirilayotgan jaholatga qarshi ilm-fan va ma’rifatni asosiy qurol sifatida qo‘llash modeli xalqaro hamjamiyat, xususan, musulmon dunyosi uchun ibratli tajriba bo‘la olishini asoslab bergan.
Aytish mumkinki, “Al-Siyosiy” nashrida e’lon qilingan ushbu maqola O‘zbekiston tomonidan ilgari surilayotgan va hayotga izchil tatbiq etilayotgan tinchliksevarlik va ma’rifiy islom tamoyillari to‘g‘ri hamda o‘z vaqtida qo‘llanayotgan chora ekani xalqaro maydonda keng e’tirof etilayotganini yana bir bor namoyish qildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan aholi bilan yo‘lga qo‘yilgan ochiq va samimiy muloqot tizimi fuqarolarning murojaatlarini atroflicha o‘rganish hamda ularga tezkor yechim topishda muhim omil bo‘lmoqda.
12 avgust kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazib, yurtdoshlarimizning arz, taklif va murojaatlarini tingladilar. Yuzma-yuz suhbat jarayonida masjidlar holati va faoliyati, imom-xatiblar ishi, Haj va Umra ziyoratlarini tashkil etish, oilaviy munosabatlarni tartibga solish hamda moddiy yordam ko‘rsatishga oid ko‘plab masalalar chuqur tahlil qilinib, ularning aksariyati joyida ijobiy hal etildi.
Eslatib o‘tamiz, bu kabi qabullar va fuqarolar bilan muloqot tadbirlari Diniy idoraning hududiy vakilliklari hamda yurtimizdagi barcha jome masjidlarda har haftaning chorshanba kuni imom-xatiblar tomonidan o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati