Yaqinda qarindoshlarnikiga mehmonga borganimizda oila bekasi tashvishli ko‘rindi. Suhbat orasida yorildi. Bir yil oldin turmushga uzatgan qizi yaqinda farzandini dunyoga keltiribdi. U tug‘uruqxonaga qizini ko‘rgani borsa, ayol quda: “Nevaram yangi beshikda yotishini xohlayman, shunga qarab tayyorgarlik ko‘raverasiz-da”, deb pisanda qilibdi. Bu gap yolg‘iz boshi bilan oilasini zo‘rg‘a tebratayotgan ayolni g‘amga botiribdi. Axir qudasinikiga beshikka qo‘shib kuyoviga va uning barcha oila a’zolariga sarpo-suruq ham ko‘tarib borishi kerak-da.
O‘ylab qolasan, kelin eriga bola, qaynona-qaynotasiga nevara tug‘ib bersa-yu, yana uning ota-onasi muttahamdek kuyovi va qudalariga xushomad qilib sovg‘a ulashishga majbur bo‘lsa…
To‘g‘ri, hadya berish oradagi mehr-oqibatni mustahkamlaydi. Lekin bu vaziyatda sovg‘a aslida kimga berilishi lozim? Barcha ehtirom to‘qqiz oy homilasini ko‘tarib yurib, ming og‘riq-azob ichida chaqaloqni dunyoga keltirgan kelinga qaratilishi kerak emasmi?
Afsus, hozirgi kunda qiz uzatgan ota-onaning boshi uzoq vaqt sarfu xarajatdan chiqmaydi. To‘yda qilingan kelin seplari, sarpo-suruqlar, mebellar bilan qutulsa koshkiydi. Nevara ko‘rishsa, beshik to‘yi qilib berishlari, qudanikida o‘tkaziladigan oilaviy tadbirlarga sovg‘alar, sunnat to‘yida ma’lum odamlarga boshoyoq sarpolar, maishiy jihozlar olib borishlari urfga aylangan. Sovg‘alar biroz kamtarona bo‘lib qolsa, kelin va ota-onasining boshi malomatdan chiqmaydi. Yuqoridagi misol ayrim kuyovlarning nafaqat shar’iy hukmlarni bilmasligi, balki orsizligi, johila onasining izmidan chiqmasligi va u bilan bu masalada hamfikrligini ham ko‘rsatadi.
Bular – hali urfga aylangani uchun kelin tomonning yelkasiga ortiladigan majburiyatlar. Ayanchlisi, xotinining ota-onasidan turli narsalarni ochiqdan-ochiq tama qiluvchi erkaklar ham uchramoqda. Ayoliga: “Mashina sotib olmoqchiman, otang yordam bervorsin”, “Uy quraman, qurilish materiallari olib bersin” qabilida talablar qo‘yayotgan boqimanda erlarni kim deb atash mumkin?
Bir tanishimning aytishicha, kelin bo‘lib tushganiga ikki yilcha bo‘lgan singlisini eri va qaynona-qaynotasi yoz bo‘yi tomorqasida ishlatib, bemor bo‘lib qolgach, “qizingiz kasalmand ekan” deb ota uyiga olib kelib tashlashibdi. Maqsad – xotinni davolatishga ketadigan sarf-xarajatni uning ota-onasi zimmasiga yuklash. Axir dinimiz ayolni nafaqa, boshpana bilan ta’minlash, kasal bo‘lsa, davolatish va boshqa tasarruflarini erning vazifasi etib belgilagan-ku.
Alloh taolo ta’lim beradi: “Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig‘i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab – Alloh ularning ayrimlari (erkaklar)ni ayrimlari (ayollar) dan (ba’zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o‘z oilasiga) o‘z mol-mulklaridan sarf qilib turishlaridir…” (Niso surasi, 34-oyat).
Erkak kishi oila rahbari bo‘lgani uchun ahli ayoli, farzandlarini himoya qilishga, ularning moddiy ta’minotiga mas’uldir. Uning halol yo‘l bilan bola-chaqasini boqishi ibodat bo‘lib, buning uchun ajru savobga erishadi.
Omir ibn Sa’ddan, u otasidan rivoyat qiladi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Albatta, sen ahlingga har qanday nafaqa qilsang, unga ajr olasan. Hattoki, ayolingning og‘ziga tutgan luqmaga ham”» (Imom Ahmad rivoyati). Demak, halol mehnat qilib, oilasiga rizq olib keladigan erkak dangasalik, boqimandalik oqibatida sodir bo‘ladigan gunohdan saqlanish bilan birga, ajr-savobga ham erishadi.
Yuqoridagi holatlarda esa erkaklar o‘zining oilada rahbarligini ayoliga yoki farzandlariga g‘amxo‘rlik emas, zulm qilish deb tushunmoqda. Ular tezda o‘zlarini isloh qilmasalar, zolim banda sifatida katta gunoh orttirib, oxiratda mazlumlarning haqini toptagani uchun javob berishlariga to‘g‘ri keladi.
Islomda nima uchun oila rahbarligi erkakka berilgan? Bu savolga ushbu oyati karimada javob beriladi: “Alloh ba’zilarini ba’zilaridan ustun qilgani va mollaridan sarflaganlari uchun erkaklar ayollarga rahbardirlar” (Baqara surasi, 34-oyat).
Oyati karimada erkaklar ayollarga nisbatan jismonan kuchli, og‘ir-bosiq tabiatli etib yaratilgani, shu bilan birga, oilasiga nafaqa ajratganlari uchun ularga rahbar ekanlari aytilyapti. Demak, rahbarlik uchun faqat jismoniy va aqliy ustunlik emas, oliyhimmatlik ham zarur. Muxtasar aytganda, erkak kishi oiladagi burchini shariatga muvofiq ado etsa, dunyoda va oxiratda yaxshiliklarga ega bo‘ladi. Mas’uliyatsizlik esa unga faqat va faqat baxtsizlik, pushaymonlik olib keladi.
Azimjon ALIMJONOV,
Toshkentdagi “Ibrohim ota” jome masjidi imom-xatibi
“Islom nuri” gazetasining 2026 yil 2-sonidan
http://hidoyatuz.taplink.ws
Gunohga sabab bo‘lmasa, otaonaning buyurganlarini albatta bajarish; ota-onaga muloyim so‘zlash; uyga kirganlarida, hurmatlari uchun o‘rnidan turish; har tong salom berish, uyqudan oldin xayrli tun tilash; mol-mulklarini saqlash; so‘ragan narsalarini berish; ulardan maslahat so‘rash; ota-ona haqiga duo va istig‘for aytish; ular mehmon kutishsa, yonlarida muntazir bo‘lib turish; ularning aytishlarini kutmay, ularni xursand qiladigan ishlarni bajarish; ularning huzurlarida ovozni baland ko‘tarmaslik; gaplarini bo‘lmaslik; izn berishmagan joyga bormaslik; uxlayotganlarida bezovta qilmaslik; ahli ayoli, farzandlarini ulardan ustun qo‘ymaslik; ota-ona xatoga yo‘l qo‘ysalar, bilmaslikka olish, darhol kechirib, unutish; kulgili gap bo‘lsa ham, ularning huzurlarida o‘zini tutish; ular yaxshi ko‘radigan taomni ilinish; ulardan oldin taomga qo‘l cho‘zmaslik; ularning oldilarida cho‘zilib yotmaslik, oyoq uzatmaslik; uyga ulardan oldin kirmaslik, oldilariga tushib yurmaslik; chaqirganlarida tezlik bilan javob berish; ularning hayotliklarida ham, vafot etganlaridan keyin ham do‘stlarini hurmat qilish; ota-onasining hurmatini qilmaydiganlar bilan do‘stlashmaslik; ularning haqlariga duo qilish; vafotlaridan keyin Allohning quyidagi kalomini ko‘p aytish: «Ey, Rabbim! Meni ular go‘daklik chog‘imda tarbiyalaganlaridek, Sen ham ularga rahm qilgin!» (Isro surasi, 24-oyat).
Ibrohimjon INOMOV tayyorladi.
“Islom nuri” gazetasining 2026 yil 10-sonidan
http://hidoyatuz.taplink.ws