Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanida “Mahalla obodligi va mehr-saxovat oyligi” doirasida “Ezgulik va ma’rifat targ‘ibotchilari” shiori ostida sayyor ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Unda aholiga O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi murojaati yetkazilib, "Qirqvolida" mahallasi va "Mirzaobod" qabristonida olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari bilan tanishildi.
Shuningdek, yurtdoshlarimiz o‘rtasida bag‘rikenglik, mehr-oqibat va ezgulik g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi samimiy suhbatlar o‘tkazilib, tumandagi 16 ta mahallada istiqomat qiluvchi 55 ta ehtiyojmand oilaga moddiy xayriya yordamlari topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Al-Azhar universiteti huzuridagi Xorijiy talabalar ta’limini rivojlantirish markazida Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti professor-o‘qituvchilari uchun tashkil etilgan arab tili bo‘yicha malaka oshirish dasturi yakunlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ikki hafta davom etgan o‘quv kursi arab tili o‘qituvchilarining kasbiy salohiyatini oshirish, zamonaviy pedagogik yondashuvlar va til o‘qitishning ilg‘or metodikalarini o‘rganishga qaratildi.
Dastur yakunida o‘tkazilgan tantanali marosimda markaz rahbari, professor-doktor Nahla as-Saidiy ishtirokchilarga sertifikatlarni topshirdi. U mazkur tashabbus Al-Azharning arab tilini xalqaro miqyosda ommalashtirishga qaratilgan loyihalari doirasida amalga oshirilganini ta’kidladi.
Tadbir davomida ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Nahla as-Saidiy Toshkent islom instituti bilan akademik aloqalarni mustahkamlash va qo‘shma dasturlarni amalga oshirish maqsadida hamkorlik memorandumini imzolash tashabbusini ilgari surdi.
O‘z navbatida, Toshkent islom instituti vakillari dastur yuqori saviyada tashkil etilgani uchun Al-Azhar universiteti rahbariyatiga minnatdorlik bildirdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati