#xabar #juma #tashrif
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qayta bunyod etilgan Imom Buxoriy majmuasidagi jome masjidda navbatdagi juma namozi ado etildi.
Ibodat oldidan Qashqadaryo viloyati bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov "Yetimlarga yordam berish – jannat kaliti!" mavzusida ma’ruza qildilar.
Suhbatda Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflar asosida yetimlarga g‘amxo‘rlik qilish, ularning haq-huquqlarini muhofaza etish hamda bugungi kundagi «tirik yetimlar» muammosiga e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, jamiyatda saxovat va bag‘rikenglikni mustahkamlash mo‘min-musulmonlarning muhim vazifasi ekani aytib o‘tildi. Namoz yakunida yurt tinchligi, el farovonligi va xayrli islohotlar bardavomligini so‘rab duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami arafasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda yurtimiz ozodaligiga beqiyos hissa qo‘shib kelayotgan 2500 nafardan ortiq obodonlashtirish xizmati xodimlariga oziq-ovqat jamlanmalari tarqatdi.
Tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad mashaqqatli va sharafli mehnati har doim ham ko‘zga ko‘rinavermaydigan soha xodimlarining mehnatini e’tirof etish, ularning qalbiga bayram shukuhi, xonadonlariga quvonch kiritishdir.
Inson qadrini ulug‘lash va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bu kabi xayrli ishlar shu kunlarda yanada keng quloch yozib, mamlakatimizning barcha hududlarida o‘tkazildi.
Shuningdek, homiylar tomonidan Respublikamiz bo‘ylab 3500 nafarga yaqin ana shunday fidoyi xodimlarning ko‘ngli xushnud etildi.
Bu kabi xayr-saxovatga yo‘g‘rilgan bayram tadbirlari o‘lkamizning barcha go‘shalarida davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati