O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan abituriyentlar test sinovlarida ishtirok etish uchun ruxsatnomani @muslimqabulbot Telegram boti orqali yuklab olishlari mumkin.
Ruxsatnomani olish tartibi:
@muslimqabulbot Telegram botiga kiriladi;
Tegishli maydonlarga pasport yoki ID-karta seriyasi va raqami kiritiladi;
Tayyor bo‘lgan imtihon ruxsatnomasi yuklab olinadi.
Muhim eslatma:
Abituriyentlar test sinovlariga shaxsini tasdiqlovchi hujjat (pasport yoki ID-karta) hamda imtihon ruxsatnomasi bilan kelishlari shart. Ushbu hujjatlardan biri bo‘lmagan yoki belgilangan vaqtdan kechikkan abituriyentlar imtihonga kiritilmaydi.
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti magistratura bosqichiga hujjat topshirgan va arab tili bo‘yicha tegishli sertifikatga ega abituriyentlar chet tili fanidan test sinovlaridan ozod etiladi. Ular faqat joriy yilning 11 avgust kuni o‘tkaziladigan ijodiy imtihonda ishtirok etadilar.
Qabul bo‘yicha rasmiy manba:
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.
Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.
Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati