Bir kuni onamni qattiq xafa qilib qo'ydim. Onam meni ko'p urushib o'tirmasdan “Hali otang kelsin, eshitadiganingni eshitasan” dedilar.
Bolaligida onasidan dakki eshitganlar yaxshi bilishadiki, bunday gapni eshitgandan keyin kechgacha ko'nglingiz bezovta bo'lib yuradi. Hatto xavotirning kuchliligidan dadangiz uzoq safarga ketgan bo'lishini yoki aybingiz onangizning esidan chiqib ketganidan keyin kelishini xohlab qolasiz.
Lekin dadam har kungidan ham barvaqtroq ishdan qaytdilar. Huddi meni jazolash uchun atayin erta kelgandek edilar. Kechki ovqatdan so'ng onam dadamga “jinoyat”im haqida bayonot berdilar. Oxirida “Yaxshilab ta'zirini bermasangiz bo'lmaydi, shekilli” deb qo'shib qo'ydilar. Endi menga “jazo hukmi” o'qilishi kerak edi. Dadam jiddiy ohangda meni chaqirdilar. Qo'rqa-pisa oldilariga bordim. Nima jazo berarkinlar deb tursam, qo'limdan tortib bag'rilariga bosdilar va yuzimdan o'pib qo'ydilar. Onam ham, men ham hayratdamiz. Keyin “Shu jazo senga etadimi yo yana jazolaymi” deb ikkinchi yuzimdan ham o'pib qo'ydilar. Yuzimdan o'pish asnosida “Onangni xafa qilmagin, qizim” deb qulog'imga pichirladilar. Onam menga berilgan “jazo”ning o'ta engiligidan norozi ekanlarini aytdilar. Otam “Qizing, hali kichkina, aqli kirib qoladi” deb onamni yupatgan bo'ldilar.
Ammo mening allaqachon aqlim kirib bo'lgan edi. Yaxshigina ta'zirimni esam kerak deb kutib turgan paytimda dadamning bunday munosabatda bo'lishlari menga o'zgacha ta'sir qildi. Dadamning menga bildirgan ishonchlaridan o'zimni katta qiz bo'lib qolganimni, endi bundan buyon quloqsizlik qilish menga yarashmasligini tushungandim.
O'sha paytlar 9-10 yoshlardagi qizaloq edim. Bugun yoshim 40 dan o'tgan bo'lishiga qaramay otamning o'sha kuni bergan tarbiyalari kechadgidek esimda. Aniq eslayman o'sha kundan keyin men onamning biror gaplarini ikki qilmadim. Itoatli qiz bo'lishga harakat qilidm. Onamni xafa qilishim ehtimoli bor o'rinlarda qulog'imga dadamning “Onangni xafa qilmagin, qizim” deb pichirlaganlari eshitilgandek bo'lardi. Pichirlab ohista aytilgan gap o'zining zalvori va jarangi bilan qulog'imga chalingandek bo'lardi. Mana shu birgina jumla mening otamni yanada qattiqroq yaxshi ko'rishimga va quloqsiz, erkatoy qizdan onamga itoat qiladigan qizga aylanishimga sabab bo'lgan edi.
Sirdoshim otam
Otam ko'pincha kechalari uxlamay chiqardilar. Kunduz kuni ozgina mudrash bilan kifoyalanadigan kam uyqu odam edilar. tunlarini namoz va zikrlar qilib bedor o'tkazishga odatlangandilar. Menga ham otamdan bu xislat o'tgan edi. Men ham kechasi allamahalgacha uxlamas edim. shu sababdan ham ko'pincha onam uxlab qolsalar, dadamni o'zim kutib olardim. Oldilariga o'zim taom tayyorlab qo'yardim. Ovqatlanib bo'lganlaridan so'ng dadam mendan o'qishlarim, ishlarim haqida so'rardilar. Padarim bilan uzoq-uzoq suhbatlar quraradik. U kishi bilan shunchalik yaqin, ochiq va samimiy gaplashardikki, hatto onamga aytmagan ba'zi gaplarni dadamga aytardim.
Ota uchun qiz farzandning o'rni o'zgacha bo'ladi degan gapda jon bor shekilli, dadam menga aka-ukalarimdan ko'proq vatq ajratardilar. Dadam bilan yaqin do'stlarga aylanib qolgandik. Bu do'stlik menga hayot yo'llarida qoqilmasdan yurishimga, mushkul vaziyatlarda to'g'ri qaror qabul qilishimda asqotdi.
Doktor Abdulloh Muhammad Abdulmu'tining
“Farzand tarbiyasida 700 ta saboq” kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Kamronbek Islom tarjimasi.
Rossiyaning “Russia News” internet nashrida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Islom sivilizatsiyasi forumi yakunlariga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqolada qayd etilishicha, “Tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat yo‘li” mavzusida bo‘lib o‘tgan Islom sivilizatsiyasining birinchi xalqaro forumi yakunlari bo‘yicha deklaratsiya qabul qilinib, unda islom sivilizatsiyasining insonparvarlik merosini qayta tiklash va keng targ‘ib etishga qaratilgan qator aniq tashabbuslar ilgari surilgan.
Nashrning ta’kidlashicha, mazkur Deklaratsiyaning asosini O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017 yilda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi minbaridan ilgari surilgan islom sivilizatsiyasining insonparvarlik merosini tiklash va targ‘ib qilish
Ta’kidlanganidek, hujjat dunyoning 40 dan ortiq mamlakatidan kelgan vakillar tomonidan imzolangan. Uning asosiy g‘oyasi shundan iboratki, islom sivilizatsiyasi jahon ilm-fani, madaniyati va ta’lim taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan bo‘lsa-da, bu meros haligacha yetarlicha e’tirof etilmagan. Bu, ayniqsa, dunyoda islomofobiya, ksenofobiya hamda islom haqidagi noto‘g‘ri tasavvurlar saqlanib qolayotgan bir sharoitda alohida ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, maqolada islom sivilizatsiyasi merosini asrab-avaylash va ommalashtirishga qaratilgan qator tashabbuslar haqida ham so‘z boradi. Jumladan, Islom sivilizatsiyasi butunjahon alyansini tashkil etish, raqamli platformalar va kutubxonalarni yaratish, xalqaro tadqiqot dasturlari, mukofotlar va jamg‘armalar ta’sis etish, ensiklopediya tayyorlash, shuningdek, olimlar, muzeylar va yoshlar o‘rtasida hamkorlik platformalarini shakllantirish taklif etilgan.
“Yangi deklaratsiya yakuniy hujjat sifatida emas, balki islom sivilizatsiyasining boy ma’naviy va intellektual merosini asrab-avaylash hamda uning umuminsoniy qadriyatlarini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishga qaratilgan uzoq muddatli amaliy hamkorlikning boshlang‘ich nuqtasi sifatida baholanmoqda”, - deya yakunlagan “Russia News”.
O‘zbekiston musulmonlar idorasi Matbuot xizmati