Xorijda istiqomat qilayotgan hamyurtlarimizning diniy savol-javoblarga bo‘lgan ehtiyojlarini yengillashtirish maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi tomonidan masofaviy murojaat xizmati yanada takomillashtirildi.
Endilikda musofirdagi vatandoshlarimiz uchun maxsus @fatvouz_musofir_bot telegram boti ishga tushirildi!
Aqlli qidiruv: Savolingizni yozing — bot boy fatvolar bazasidan sizni qiziqtirgan savolga zudlik bilan javob topib beradi.
Yozma murojaat: Agar bazadan kerakli javob topilmasa, savolingizni ulamolarga yozma ravishda yuborib, tez va mufassal javob olishingiz mumkin.
Parda ortidagi muloqot: Zarurat tug‘ilganda, Fatvo markazi mutaxassislari bilan bevosita qo‘ng‘iroq orqali bog‘lanish imkoniyati mavjud.
Musofir yurtdoshlarimiz uchun ishonchli diniy manba:
Do‘stlaringiz va yaqinlaringizga ham ulashing!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami arafasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda yurtimiz ozodaligiga beqiyos hissa qo‘shib kelayotgan 2500 nafardan ortiq obodonlashtirish xizmati xodimlariga oziq-ovqat jamlanmalari tarqatdi.
Tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad mashaqqatli va sharafli mehnati har doim ham ko‘zga ko‘rinavermaydigan soha xodimlarining mehnatini e’tirof etish, ularning qalbiga bayram shukuhi, xonadonlariga quvonch kiritishdir.
Inson qadrini ulug‘lash va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bu kabi xayrli ishlar shu kunlarda yanada keng quloch yozib, mamlakatimizning barcha hududlarida o‘tkazildi.
Shuningdek, homiylar tomonidan Respublikamiz bo‘ylab 3500 nafarga yaqin ana shunday fidoyi xodimlarning ko‘ngli xushnud etildi.
Bu kabi xayr-saxovatga yo‘g‘rilgan bayram tadbirlari o‘lkamizning barcha go‘shalarida davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati